"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Alisher Navoiy maqbarasi ta’mirlanadi va obodonlashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar hamda Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezidentimiz buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va tiklash, uning atrofini obodonlashtirish loyihasiga alohida e’tibor qaratdi.

Afg‘onistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish vazifasi Prezidentimizning 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimiz mutaxassislari afg‘onistonlik hamkasblari bilan birgalikda maqbarani joyida o‘rgandi. O‘rganishlar natijasida an’anaviy me’morchilik, san’at va bezak elementlaridan foydalangan holda maqbarani ta’mirlash va tiklash loyihasi ishlab chiqildi.

Bugun taqdim etilgan loyihaga ko‘ra,  maqbaraning kirish va qolgan yo‘laklariga Hazrat Navoiyning hikmatli soʻzlari bitilgan kitob ko‘rinishidagi belgilar qo‘yiladi hamda dekorativ o‘tirgichlar o‘rnatiladi.

Kirish qismida sakkiz burchakli masjid bunyod etiladi. Kirish peshtog‘idan hovli qismining chap va o‘ng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi. Maqbaraning tashqi ko‘rinishiga bezak beriladi. Gumbaz, maqbara oldi va yon qismlari mayolika elementlari bilan ishlanadi. Majmua hududi ko‘kalamzorlashtiriladi.


Davlatimiz rahbari loyihalar bilan tanishib, mutasaddilarga ularni sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

uza.uz

01.06.2021 447