"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • 21-oktyabr — O‘z Ona tilini, Vatanini, millatini sevgan har bir kishi uchun bayram

21-oktyabr — O‘z Ona tilini, Vatanini, millatini sevgan har bir kishi uchun bayram

Har yil 21-oktyabrni – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun sifatida ramziy nishonlar edik. Bu yana tilshunoslar, ona tili va adabiyot o‘qituvchilari va o‘quvchilar, shuningdek talabalar tomonidan tor doirada bayram qilinar edi.

Til millatniki bo‘lgach, u umummillat ishi bo‘lishi lozim. 2019-yil 21-oktyabrda Prezidentimiz o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha tarixiy farmonni imzolagan edi. Bu o‘z Ona tilini, Vatanini, millatini sevgan har bir kishi uchun bayram edi.

2020-yil 10-aprel kuni ikki moddadan iborat “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash” to‘g‘risidagi Qonunga imzo chekildi. Bu Abdulla Qodiriyning tavallud kuniga to‘g‘ri keldi. Endi har yil 21-oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” umumxalq tomonidan nishonlanadi. Bu tarixiy hodisaning tilimiz taraqqiyoti uchun ahamiyati juda katta. Xalqimiz “Hayit”, “Navro‘z” kunlarini har doim katta xursandchilik, oilaviy birdamlik bilan qarshi olishadi. Shunday kunlarda oilasi bilan maxsus tadbirlar o‘tkazishadi. Birinchidan, ish kuni emas, qolaversa, bayram — dam olish kuni deb eʼlon qilingan. Yiliga bir marta o‘tkaziladigan mazkur bayramlar uzoq muddat kutiladi, tayyorgarlik ham ko‘riladi shu sababli anʼanaga aylanib ulgurdi. Xuddi shunday tilni ham qadriyat sifatida ulug‘lash uchun bu Qonun juda zarur edi. Endi o‘zbek tili 34 millionga yaqin xalqimiz, hatto dunyo o‘zbeklari tomonidan ham qizg‘in bayram qilinadi.

Mazkur qonun davlat tilining nufuzini, avvalo, xalqimiz orasida oshirishga qulay imkoniyat yaratib beradi. Insonda daxldorlik hissini mana shunday bayram tadbirlari orqali samarali shakllantirish mumkin. Shu kungacha bir oila miqyosida 21-oktyabr, asosan, maktabga qatnaydigan o‘quvchi yoki ona tili o‘qituvchilari tomonidan taʼlim muassasasida eʼtibor qilinardi. Mana endi hamma bu bayramga aloqador. Jamiyatimizning barcha aʼzolari o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu bilan yurtimiz aholisining davlat tiliga munosabati o‘zgaradi, insonlar o‘zbek tilini qadrlashni boshlashadi va hammasi joyiga tusha boshlaydi. Bayram kunlariga hammamizni eson-omon yetkazsin. 

G‘ofir Hamroyev,

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruv raisining maʼnaviy-

maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili

to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash

masalalari bo‘yicha maslahatchisi

13.04.2020 924