"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” respublika tanlovi

Davlat tiliga eʼtiborlimisiz? Har bir ishda davlat tili talablariga rioya etasizmi? Ehtimol, siz o‘zbek tilini kompyuter tiliga aylantirish haqida o‘ylayotgandirsiz? Unda ushbu tanlov aynan siz uchun!

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yana-da oshirish, uni milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish hamda davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab, “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” respublika tanlovi eʼlon qilinadi.

Tanlov tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Innovatsion rivojlanish vazirligi.

Tanlov uchta yo‘nalishda o‘tkaziladi.

Birinchi  –  “Davlat tili ustuvorligi taʼminlangan eng namunali hudud” yo‘nalishida mahalliy ijro etuvchi tuman va shahar hokimliklari ishtirok etadi.

Ikkinchi yo‘nalish g‘oliblari – “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim” vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari orasidan aniqlanadi.

Uchinchi – “O‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha” yo‘nalishida ilmiy tashkilotlar, oliy va o‘rta-maxsus taʼlim muassasalari qatnashadi.

Tanlov joriy yilning 10-iyunidan 10-sentabriga qadar bo‘lgan muddat oralig‘ida o‘tkaziladi va g‘oliblar 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni arafasida eʼlon qilinadi.

Tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.

Darvoqe, ularning davlat tilini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari respublikamiz miqyosida ommalashtiriladi.

Tanlov haqida (71) 215-51-76, (71) 239-86-99 hamda (71) 203-32-32 (ichki raqam 232) telefon raqamlari orqali batafsil maʼlumot olishingiz mumkin. 

Tilimizning taqdiriga befarq bo‘lmang va “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” respublika tanlovini ijtimoiy tarmoqlarda #qadribalandonatilim kalitso‘zi bilan ommalashtiring.

16.06.2021 568