"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • O‘zbek tili fani bo‘yicha o‘quv dasturlarining uzluksizligini taʼminlashga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbek tili fani bo‘yicha o‘quv dasturlarining uzluksizligini taʼminlashga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Bugun, 17-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida o‘zbek tili fani bo‘yicha o‘quv dasturlarining uzluksizligini taʼminlashga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va Davlat tilini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirliklari mutasaddilari, oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari va amaliyotchi pedagoglar ishtirok etdi.

Yurtboshimizning 2020-yil 6-noyabrdagi 4884-son qarorida “Maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy taʼlim o‘quv dasturlarining uzviyligini taʼminlash” vazifasiga Taʼlim inspeksiyasi, Maktabgacha, Xalq taʼlimi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirliklari masʼul ijrochi sifatida belgilangan. Unga ko‘ra mutaxassis olimlar, tajribali o‘qituvchilar ko‘magida o‘zbek tili fanidan uzviy konsepsiya va har bir taʼlim turi uchun alohida o‘quv dasturlari loyihalari tayyorlandi va Taʼlim inspeksiyasi portaliga (http://www.uzviylik.tdi.uz) joylashtirilgan. Tahlillarga ko‘ra takrorlangan, uzviyligi taʼminlanmagan, yangilanishi zarur bo‘lgan, olib tashlanadigan va boshqa taʼlim turiga o‘tkaziladigan mavzular aniqlanib, dasturlar takomillashtirishda davom etmoqda.

Davra suhbatida "O‘zbek tili fani bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz taʼlim dasturlari majmuasi" qizg‘in muhokama etildi. Muhokamalar davomida davlat tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va uning uzluksiz taʼlim tizimidagi o‘rni, maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy taʼlim tizimida o‘zbek tili bo‘yicha taʼlim uzviyligini taʼminlash, xalqaro tajribalardan foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Asosiy eʼtibor maktabgacha taʼlim tizimida 6-7 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashda davlat tilining o‘rni, umumiy o‘rta taʼlim uchun o‘zbek tilidan Milliy o‘quv dasturi, o‘rta maxsus va professional taʼlim hamda oliy taʼlimda filologik va nofilologik yo‘nalishda o‘zbek tilining o‘qitilishi bilan bog‘liq muammolarga qaratildi.

Respublikamizda taʼlim rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirg‘iz, turkman tillarida olib boriladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi yangi ko‘rinishda, yaʼni xorijiy tilni o‘rgatish metodikalariga asoslanib yaratilganligi soha vakillari orasida ko‘plab savollarni va qarshi fikrlarni yuzaga keltirdi.

Muhokamalar yakunida bu borada shoshmasdan, o‘quv dasturlarini ekspertizadan, tajriba-sinovdan o‘tkazish orqali joriy etish takliflari bildirildi, aks holda takomiliga yetmagan o‘quv dasturlari asosida yaratilib chop etilayotgan darsliklar ham moliyaviy jihatdan, ham mazmunan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.

17.06.2021 450