"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Uzoqni yaqin, og‘irni yengil qiladi, ammo...

Chindan ham, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda transport vositalariga shunday eʼtirof munosibdir. Azaldan inson uchun qulay vosita transport sanalgan. Ot-arava, izvosh, velosiped, dastlabki transport vositalari sanaladi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Inson ehtiyojidan kelib chiqqan transport vositalarisiz bugunimizni tasavvur etib bo‘lmaydi. Transport biz bilan hamisha hamqadamdir. Texnika takomillashib borayotgan taraqqiyot shu qadar jadallashib boryaptiki, inson aqlu-zakovatiga qoyil qolishdan o‘zga chora yo‘q.

Bu borada jamoat transportlarining ham o‘rni bo‘lakcha. Bir manzildan, ikkinchi manzilga darrovgina yetib olish ham aslida - baxt. Yo‘llar ravon, jamoat transportlarining qulayligi kishi qalbida xotirjamlik baxsh etadi.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, yo‘nalishli xizmat ko‘rsatuvchi transportlarning avvalo manzil ko‘rsatilgan nomlavhasi diqqatimizni o‘ziga ohanrabodek jalb etishiga. Avvalo transportning manzil nomlavhasi bizga harakatimizning to‘g‘ri yo‘nalishini taʼminlab beradi. Demakki, manzil nomlavhalari har kuni yuzlab, minglab, millionlab yo‘lovchilar uchun yo‘l ko‘rsatuvchi mayoqdir.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi? Manzil nomlavhalari o‘z ona tilida xato yozilgan bo‘lsachi?! Bu xatolar yo‘lovchilar eʼtiroziga sabab bo‘layotgan bo‘lsachi?!

Yuqoridagi savollarga javob topish hamda yo‘nalishli transport vositalari old oynasida ilib qo‘yilgan nomlavhalarning Davlat tili to‘g‘risidagi Qonunga muvofiqligini o‘rganish maqsadida bugun Buxoro tumanida faoliyat yuritayotgan jamoat transportlari tuman hokimi maslahatchisi Z.Ergasheva, tuman IIB YHXB inspektori, katta serjant Sh.Murodov, Xalq deputatlari Buxoro tuman Kengashi deputati U.Sobirov ishtirokida o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida “Galaosiyo-So‘fikorgar”, “Galaosiyo-Bog‘ikalon”‘, “Galaosiyo-Saxovat”, "Galaosiyo-Yangi turmush", “Galaosiyo-Sohibkor”, “Galaosiyo-Kobdin” yo‘nalishli transportlari hamda 37-avtobus yo‘nalishli transportlarida Davlat tili to‘g‘risidagi hamda Lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tili meʼyorlariga to‘g‘ri kelmaydigan yozuvlar olib qo‘yildi, haydovchilarga imlo qoidalariga qatʼiy amal qilishlari, transport oynalariga turli mazmundagi reklama varaqalarini yopishtirib qo‘ymasliklari borasida tushuntirishlar berildi.

Hurmatli tumandoshlar, aziz haydovchi va yo‘lovchilar! O‘zbek tilining mavqeyi va nufuzini oshirishga qaratilgan xayrli ishlarga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Unutmaylik, kelgusi avlod uchun o‘zbek tili sofligini saqlab, ularga ona tilimizni meros qilib qoldirishga barchamiz masʼulmiz!

Z.Ergasheva,
Buxoro tumani hokimining maslahatchisi 

21.06.2021 661