"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida davra suhbati o‘tkazildi

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida davra suhbati o‘tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlarida tahsil olayotgan bir guruh vazirlik va idoralar tinglovchilari bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Aziz Eminov va Xalq ta’limi vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nasiba Mamaraimova, vazirlikning Xodimlar bilan ishlash hamda Ijro intizomi boshqarmalari boshliqlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Suhbat davomida Jamg‘arma direktori Aziz Eminov O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining tashkil etilishi, uning maqsad va vazifalari bilan tinglovchilarni tanishtirib, malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘linmalarida bugungi kunga qadar jami 611 nafar xalq ta’limi tizimi xodimlari o‘qitilganligini qayd etib o‘tdi.

Shuningdek, ushbu suhbatda davlat idoralarida hujjatlarning davlat tilida yuritilishida o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilinishi hamda o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan rasmiy hujjatlarni yuritishda foydalanishni kengaytirish masalalari alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Xalq ta’limi vazirligi markaziy apparatining o‘quv kurslarini bitirgan bir guruh xodimlariga jamg‘arma direktori Aziz Eminov tomonidan sertifikatlar topshirildi.


Xalq ta’limi vazirligining Moliya departamenti direktori Ilxom Siradjev: “O‘quv kursi davomida rasmiy ish hujjatlarini davlat tilida yuritilishi bilan bir qatorda, og‘zaki va yozma nutq uslublari bilan ham tanishdik. Mashg‘ulotlar davomida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlo qoidalarining o‘rgatilishi - bizga xizmat yozishmalarini xatosiz rasmiylashtirishda ancha qulayliklar yaratadi. Men bu kursga ochig‘i, o‘zim moliya-iqtisod sohasi mutaxassisi bo‘lganligim uchun bir oz ikkilanish bilan kelgandim, qanday o‘zlashtiraman degan fikrda. Qiziqish bilan o‘qiganim sababmi, sertifikat bilan birga markazning  tashakkurnomasini ham olishga muyassar bo‘ldim”.

Tilimizni asrab-avaylash va uning sofligini nafaqat nutqimizda, balki ish faoliyatimizdagi hujjat yurituvida ham saqlashga hissa qo‘shishga qaysi soha mutaxassisi bo‘lishimiz, qaysi lavozimda ishlashimizdan qat’iy nazar har birimiz dahldormiz.


Nasiba Mamaraimova,

Xalq ta’limi vazirining maslahatchisi 

21.06.2021 602