- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- O‘zbekiston aeroportlari Davlat tilida ish yuritishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston aeroportlari Davlat tilida ish yuritishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda
Har bir
yurtning o‘z darvozasi bor!
Uzoq-yaqindan
keladigan mehmonlarning ilk qadam qo‘yadigan manzili ham, sayyohlarga “tashrif
qog‘ozi” ham – shu! Havo kemasidan tushiboq, O‘zbekistonning masaffo havosidan
ayni shu yerda nafas olishadi, zaminimiz taftini his qilishadi, ko‘rku
tarovatidan bahra olishadi. Shunday ekan, xalqaro aeroportlarimiz milliy
qiyofamizga mos bo‘lmog‘i kerak. Unda o‘zligimiz, yuzimiz, milliy
qadriyatlarimiz aks etishi shart! Buning eng asosiy omili – til! Davlat tili!
Dunyoning
uzoq bir nuqtasidan kelgan inson “Assalomu alaykum, xush kelibsiz” degan
o‘zbekcha lutf bilan qarshi olinsa, qanday yaxshi?! “Aviatsiya” sohasiga
taalluqli aeroport, aerodrom, aerovokzal, ramp, perron, dyutifri, terminal,
notam, ambulift, shassi, agent, dispetcher, VIP, biznes laundj, shatlbas, post
degan baynalmilal so‘zu atamalar qanday bo‘lsa, shundayligicha hayotimizga
kirib keldi. Ularning o‘zbekcha muqobillarini topish masalasi ham
ko‘ngildagidek kechmadi. Xalqaro aeroportimizning turli nuqtalaridagi monitoru
eʼlonlar, burchaklaridagi maʼlumotlar, reklama roliklari asosan baynalmilal
so‘zlar, jumlalar bilan to‘lib-toshdi. Idoralararo xat almashuv jarayonlarida
ham sohaning baynalmilal so‘zlarga boyligi tufayli ko‘p hollarda deyarli davlat
tiliga ehtiyoj sezilmadi.
Mana, endi
davlatimiz, hukumatimiz tilimizning mavqeini yuksaltirish masalasini kun
tartibiga olib chiqdi. O‘zbek tilining qaddini baland, qadrini yuksaklarga
ko‘tarishga astoydil kirishildi. Prezidentimiz tomonidan o‘tgan yilning
21-oktyabrida “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan
oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolanganida qanchalik
quvongan bo‘lsak, joriy yil 20 yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda
davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi xalqimizni shunchalik xursand qildi.
Kuni kecha
eʼlon qilingan qonun esa bu sohada navbatdagi tarixiy hujjat bo‘ldi.
“21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilandi.
“Uzbekistan
Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimiga ham mazkur sohadagi islohotlar izchil
tatbiq etib borilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlashimiz mumkin. Dastavval
Boshqaruv raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat
tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari
bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi. Davlat tili to‘g‘risidagi qonun
ijrosidan kelib chiqib, “Yo‘l xaritasi”, tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Yurtimizning 11 ta xalqaro aeroportlari faoliyatida qo‘llash uchun zarur
topshiriq hamda tavsiyalar yuborildi. Xodimlarning davlat tilida ish yuritishi,
xizmat ko‘rsatishi qatʼiy talab qilib qo‘yildi. Tizimda davlat tilining to‘liq
qo‘llanilishini taʼminlash yo‘lidagi boshlangan saʼy-harakatlar faqatgina bu
emas.
Xo‘sh, “Uzbekistan
Airports” AJ bu sohada yana nimalarni maqsad qilgan? Birinchi navbatda,
sohadagi barcha baynalmilal so‘z-atamalar ro‘yxatini tuzish, ularni
hujjatlashtirib, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish
departamentiga muqobilini topish maqsadida taqdim qilish asosiy masalalardan.
Bu borada tizim xodimlarining bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish, taʼlim
jarayoniga malakali filolog-pedagog, tilshunos olimlarni jalb qilish
rejalashtirilgan. Sayyohlik va investitsiyaviy salohiyati yuqori davlatlar
aeroportlaridagi targ‘ibot-tashviqot, reklama, roliklar, ko‘rgazmali
materiallar, xabarnomalarda mujassam o‘ziga xoslikni umumlashtirish va
amaliyotga kiritish ham ko‘zda tutilgan. Buning uchun mutaxassislarni xorijiy
davlatlarga xizmat safarlariga yuborish bo‘yicha takliflar shakllantirilmoqda.
Sohaga doir ilmiy tadqiqotlar, izlanishlar qilish uchun O‘zbekiston
Respublikasi fanlar akademiyasi bilan, ko‘nikmalarni oshirishda esa Alisher
Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan
hamkorlik qilish istaklarimiz bor.
Masalaning
mohiyati ham shu, yurtimizda aeroportlar tizimini rivojlantirish muhim
sanaladi, zero O‘zbekistonga kelayotgan mehmonlar va sayyohlarni, birinchi
navbatda, milliy o‘ziga xosligimizning qiziqtirishi tabiiy. Ular, avvalo, aynan
Vatanimizgagina taalluqli qirralarni ko‘rishni istashadi. Ko‘cha-ko‘ydagi
eʼlonlar, yurtdoshlarimiz va mehmonlarga xizmat ko‘rsatadigan oddiy do‘konlar
peshlavhalarigacha “Open”, “Welcome”, “Exit”, “Mi otkrilis”, “Dobro pojalovat”
degan yozuvlar bilan to‘lib-toshgan bir paytda chet el fuqarosi o‘zini
O‘zbekistonda yurganini aynan aeroportga qadam qo‘ygandayoq his qilishi
zarurligini, kezi kelganda, buni xalqimiz faxri sifatida ko‘z-ko‘z qilish
fursati yetganini eʼtirof etish lozim. Ko‘plab rivojlangan davlatlar xususan
Tailand, Hindiston, Rossiya kabi mamlakatlarning xalqaro aeroportlarida faqat
davlat tilida, qo‘shimcha tarzda esa ingliz yozuvida maʼlumotlar havola
qilingan. Bundan ko‘rinadiki, milliy g‘ururning boshlanish joyi “Yurt
darbozasi” – aeroportlar!
Binobarin,
idoraviy hujjatlar, ish qog‘ozlarini davlat tili to‘g‘risidagi qonun
talablariga moslash, rasmiy veb-sayt, maqolalar, reklama-targ‘ibot matnlari,
binolarimiz va unga tutash hududlardagi tashqi hamda ichki yozuvlarning ham shu
talablarga mos bo‘lishiga erishish galdagi ustuvor vazifalardan.
Xullas,
oldimizda katta ishlar turibdi. Ularning ijrosini paysalga solishga esa haqimiz
yo‘q. Aeroportlar Vatan darvozasi ekan, bu darvoza millatimiz faxri bo‘lmog‘i
kerak. O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi” esa, avvalo, dunyoga o‘zligimizni
yaqqol namoyon etib tursin!
Laʼlixon
SOBIROVA,
“Uzbekistan
Airports” aksiyadorlik jamiyati
Axborot siyosati masalalari bo‘yicha Boshqaruv raisi
maslahatchisi, Matbuot kotibi