"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Deputatlar tashabbus ko‘rsatdi

Kitob tumani ko‘chalaridan yursangiz binolar peshtoqlaridagi “Anor”, “Sadaf”, “Tantana”, “Shohsaroy”, “Nur”, “Meros”, “Kumush”, “Nur”, “Shukrona”, “Mingchinor”, Zar tola", “Karvon”, “Soyabonva boshqa ko‘plab shu kabi yozuvlarga ko‘zingiz tushadi. Peshtoqlarda yarashib turgan bu nomlarni Kitobning tadbirkorlari qo‘yishgan. Yozuvlarga qarashingiz bilan qalbingizga iliqlik yuguradi, ko‘nglingiz yashnaydi. Chunki bu so‘zlar milliy ona tilimizda yozilgan, tilimizning, jozibasini, maʼnodorligini ko‘rsatib turadi.

Afsuski hamma joyda manzara bir xil emas. Binolar peshtoqlarida ko‘plab xorijiy atamalarni, imlo xatolarini yoki boshqa tildagi so‘z bilan aralash iboralarni ko‘rish mumkin. Shu sababli Xalq deputatlari Kitob tumani kengashi tashabbusi bilan Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman bo‘linmasi, tuman davlat soliq inspeksiyasi, dehqon bozori va “Qalandartepa” buyum bozori vakillaridan iborat ishchi guruh tashqi targ‘ibot vositalari holatini o‘rgandilar. Maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-sonli "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi, 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-sonli "Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonlari ijrosini taʼminlashga qaratildi.

Yozuvlarning risoladagiday bo‘lishi ko‘p hollarda tashqi targ‘ibot vositalari tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq. Shuning uchun ishchi guruh tashqi targ‘ibot vositalari holatini o‘rganishni markaziy Madaniyat saroyida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Mirshod Jabborov bilan suhbatlashishdan boshlashdi. Negaki, ular tomonidan chiqarilgan va markaziy Madaniyat saroyini “bezagan”, avtomobil yo‘lidan ko‘rinib turgan yozuvlarning aksariyati "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun talablariga zid. Achinarli tomoni shundaki, tadbirkorga ilgari ham bir necha marta bu haqda aytilgan. To‘g‘rilab qo‘yishga vaʼda bergan lekin sezilarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Tadbirkorlardan yana biri Adham Xoliqov bilan suhbatlashib, targ‘ibot vositalaridagi imloviy xatolarni ko‘rsatgandik ikki kun ichida to‘g‘rilab qo‘yishga vaʼda berdi.

Tuman dehqon bozori va “Qalandartepa” buyum bozori bilan tutashib ketgan savdo majmualari ko‘zdan kechirilganda ko‘plab reklamalar, peshlavhalar, eʼlonlar va boshqa yozuvlar o‘zga tilda yoki boshqa tillar bilan qorishiq holda yozilgani aniqlandi. Ayniqsa, “optom”, “kserokopiya”, “apteka”, “dostavka”, “remont”, “moyka” va boshqa so‘zlar alohida holda yoki o‘zbekcha so‘zlar bilan qorishib ishlatilgan. Mazmuni nimaligini hatto o‘zlari ham bilmaydigan ko‘plab xorijiy atamalarni “brend” deya taʼriflashdi. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonuni 20-moddasida "Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar, va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi...", deb yozib qo‘yilgan. Zarurat bo‘lgandagina boshqa tilda tarjimasi berilishi mumkin.

Tashqi yozuvlarning nozik tomoni shundaki, unga hammaning ko‘zi tushadi, hamma o‘qiydi. Aksariyat yosh bolalar bu yozuvlar qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qiladi, xato yozilganini ham to‘g‘ri, deb hisoblaydi. Shuning uchun binolardagi peshlavhalar, eʼlonlar, bildirgilarni tayyorlashda savodxonlikning ahamiyati katta.

Savdo majmualari rahbarlari, xodimlariga bu haqda tushuntirish berildi. Ko‘pchilik tez kunda o‘zgartirishga vaʼda berdi. Kimlardir tashqi targ‘ibot vositalari tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga eʼtiroz bildirib, bu haqda maʼlumot bermaganini aytishdi. Kimlardir noto‘g‘ri yozuvlarni olib tashladi, yangi yozuvlarga buyurtma berishga kirishdi.

Shuni aytish kerakki, mamlakatimizda tashqi targ‘ibot vositalarini tartibga solib turuvchi "Reklama to‘g‘risida"gi, "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunlar va boshqa bir qator meʼyoriy hujjatlar mavjud. Ayniqsa, reklamalarni tayyorlash, o‘rnatish, ularning mazmun-mohiyati, o‘rnatiladigan joy, egaligi va hokazolar bilan bog‘liq masalalar borki, bularning o‘zi bir mavzu.

Nafsilambirini aytganda, hali peshlavhalardagi turli eʼlon, bildirgi va boshqa yozuvlarda xato va kamchiliklar ko‘p. Yurtini, elini, o‘z ona tilini sevgan har bir kishi bunday yozuvlarga befarq bo‘lmasligi, ularda milliy ruh aks etib turishi uchun jon kuydirishi kerak. Nima bo‘lganda ham o‘zbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani tashqi targ‘ibot vositalari qanday shaklda bo‘lishidan qatʼiy nazar amaldagi qonunlarga muvofiq bo‘lishini taqozo etadi. Chunki reklama nafaqat targ‘ibot vositasi, balki, maʼnaviyat, madaniyat, maʼrifat belgisi hamdir.

23.06.2021 678