"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimizda qancha begona so‘z bo‘lsa, ruhimizda shuncha begona ruh bor

Bugun madaniyatlar qorishiq zamonda yashayapmiz. Hatto ayrim xalqlar o‘z milliy qiyofasini yo‘qotib ham bo‘ldi. Bu — maʼnaviy tanazzul! Globallashuv davrida boy berilgan bebaho neʼmatlar!.. Insoniyat esa hamon tetik, tik oyoqda. Biroq ruhi siniq, qalbida kattakon bo‘shliq bor...

O‘zimizdan qiyos: 130-yil qaramlikka mahkum etildik. Qismatimizga bitilgani shu ekan-da, deb taskin izlagan paytlarimiz ham ko‘p bo‘ldi. Lekin asoratlar, jarohatlar og‘ir ekan: keyingi 30 yilda ham o‘nglanishimiz, o‘zgarishimiz qiyin kechyapti. Jamiyatning “siyrati” yangilanishini umidvor bo‘lib kutyapmiz.

Avvalo, o‘tish davridagi mahdudlik bilan bog‘liq bu! Qolaversa, chorak asr davomida davlat jamiyatning milliylashuvidan cho‘chidi, uni keskin nazoratda ushlab turdi. Hozir esa eshiklar keng ochiq. Prezident juda katta tarixiy ishni boshlab qo‘ygan. Xalqning milliy qiyofasini yarataylik, deb jon koyitib yotibdi. Ammo buning uchun, birinchi navbatda, milliy tafakkurimizni isloh qilishga to‘g‘ri keladi. Bu esa tilimizning qadr-qimmatini joyiga qo‘yishdan boshlanishi shart!

Ona tili — fonetika, sintaksis, grammatika degani emas!

Til shunchaki aloqa vositasi, deganlar yanglishadi. U ؙ— millatning joni, ruhi. Olimlarimizdan biri aytganidek, tilimizda qancha begona so‘z bo‘lsa, ruhimizda shuncha begona ruh bor.

Mana, mustaqil bo‘lganimizga qancha bo‘ldi? Bugun bizni o‘z Vatanimizda o‘zga tilda gapirishga, yozishga, ish yuritishga kim majbur qilyapti?! Hech kim! Hamma gap — beparvolikda. Milliy g‘ururimiz kamligida. Bu o‘rinda barcha aybni sivilizatsiyaga to‘nkab qo‘yish noto‘g‘ri. Axir yaponlarning hatto jajji-jaji bolalari ham o‘z tilida g‘urur bilan gaplashadi-ku. Nima, Yaponiyaga sivilizatsiya kirib bormaganmi?! Yoki turk xalqini qarang: kattayu kichigi o‘z tilidan faxrlanadi. Turkiya globallashuv degan jarayonlardan ihotalanganmi?!

Gap shundaki, avvalo, taʼlim-tarbiya masalasida mo‘rt nuqtalarimiz ko‘p. Aytaylik, hozir bolalarimizga bog‘chadanoq chet tillari o‘rgatilyapti. Lekin davlat tilini o‘qitish bo‘yicha maktabgacha taʼlim tizimida milliy metodika yaratilmagan.

Maktablar dasturida ham ahvol, afsuski, tuzuk emas! Sovet davri pedagogikasi metodologiyasidan to‘la voz kecha olganimiz yo‘q. Vaholanki, bu metodologiyaning bosh maqsadi millatni o‘zligidan begonalashtirish edi. Hozir maktab o‘quvchisidan ona tili nima, deb so‘rab ko‘ring. Aksariyatining xayoliga birinchi bo‘lib grammatika, fonetika, morfologiya, sintaksis degan atamalar va to‘tiqushday yod olgani qiyindan-qiyin hamda zerikarli qoidalar kelsa ajab emas! Xo‘sh, xolis ayting-chi, bu o‘qitish uslubi bolalarimizni tilni sevishga o‘rgatadimi yoki aksincha undan bezdirishgami?

Qay qutbga mansubsiz?

Qutblanish — yomon narsa. Ayniqsa, tilda, imloda! Mana, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga o‘ttiz yildan oshdi. Bu orada alifbomiz isloh qilindi. Biroq ushbu yangilanish haliyam mantiqiy yakunini topgani yo‘q. Hozirgacha respublika lotin grafikasiga to‘liq o‘ta olmadi. Vaholanki, o‘sha yillari maktabga chiqqan o‘g‘il-qizlar yoshi hozir o‘ttizdan oshyapti. Ular lotin grafikasida savod chiqargan, bilim olgan. Ammo hozir ishlayotgan idorasida kirill yozuvida ish olib borayotganiga shubha yo‘q.

Mazkur holat kundalik hayotda va taʼlimda ikki alifbo birday qo‘llanishiga olib kelmoqda. Bugun mamlakatning katta yoshli aholisi lotin alifbosida o‘qish-yozishga qiynaladi. Yoshlar esa ikki alifboga tez moslashishdi.Bu, eng avvalo, ingliz tili faol o‘rganilayotgani va rus tilining ijtimoiy hayotdagi ustunligi bilan bog‘liq.

Adabiy tilimiz islohotga muhtoj

Milliy taraqqiyotimiz har sohaga yangilanishlarni olib kirmoqda. Deyarli hech bir jabhada almisoqdan qolgan uslublar, texnologiyalardan foydalanilayotgani yo‘q. Biroq o‘zbek adabiy tili bugungi milliy taraqqiyotimiz bilan hamohang emas. Hanuz sovet zamonida yaratilgan o‘zbek adabiy tilidan foydalanib kelayotganimizni inkor qilolmaymiz.

Oqibatda har kim aravani o‘zi istagan tomonga tortmoqda. Adabiy til butun xalq so‘zlashuv tilini, afsuski, qamrab ololmayapti. Shu tufayli jamiyatda shevalar ustuvor. Dialektika va jargon so‘zlar kino, teatr, estrada sanʼati, hatto jurnalistikaga kirib bordi. Bu jarayonni jilovlay ololmayapmiz. Chunki tilda aytarli islohotlar qila olmadik.

Ehtimol shuning uchun lug‘atimizda ajnabiy so‘zlar miqdori keskin oshib ketgandir. Huquqiy yoki iqtisodiy sohada milliy terminologiya yaratildimi? Bugun zamonaviy mavzularda sof o‘zbekcha suhbat qurishning imkoni bo‘lmay qoldi. Eʼtibor qiling, hozirgi yoshlar gaplashayotgan o‘zbekcha bilan katta avlod gurunglashayotgan ona tilimiz orasida qancha farq bor! Yoki oddiy bir misol. Hazrat Navoiyni-ku, aytmay qo‘ya qolaylik, yangi avlod hatto Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon bobolarimizning yozganlarini ham tushunishga qiynalib qoldi. Achchiq haqiqat bu! Ko‘ryapsizmi, atigi 100-yil ichida qancha narsalarni boy berib qo‘ydik? Bu — fojiamiz aslida.

Turk xalqi Mustafo Kamol Otaturkni nega bunchalik yaxshi ko‘radi, deb o‘ylaysiz? Chunki u til islohotlari bilan ham tarixda qoldi. Etnik lug‘atini begona so‘zlardan tozaladi. Hozir ham shu millat tili haqiqiy o‘zak tilimiz — turkiy tilga bizdan ko‘ra yaqinroq va sofroq. Masalan, ularda baynalmilal so‘zlarning ham o‘z muqobili bor. Samolyot — uchoq, kompyuter —bilgisayar... Bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin.

Xulosamiz esa qatʼiy: davlat tilimizning qaddini ko‘tarmoqchi ekanmiz, avvalo, adabiy tilimizni isloh qilishimiz kerak!

“O‘rnatilgan tartib” qanday tartib?

Aslida etnik lug‘atimiz juda boy. Faqat globallashuv davrida yangi atamayu tushunchalar kirib kelyapti hayotimizga. Ularni o‘zbekchalashtirib isteʼmolga kiritish masalasi esa shu paytgacha eʼtibordan chetda qolib ketdi. Oqibatda oson yo‘liga o‘tdik: yoki ularni qanday bo‘lsa shunday qo‘llashga yo so‘z va iboralarni so‘zma-so‘z tarjima qilib, yo‘l-yo‘lakay isteʼmolga kiritib yuborishga odatlandik.

Masalan, hozir yurtimizdagi deyarli barcha davlat idoralaridaturli hujjat va toshiriqlar, xat va murojaatlar “O‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun”, “O‘rnatilgan tartibda ishlash uchun” degan ko‘rsatmalar bilan ijroga kiritiladi. Aslida bu rus tilidagi 

“v ustanovlennom poryadke” iborasining o‘zbekchalashtirilgani. Xo‘p, bu yasama so‘zlar qayerdan kelib chiqdi? Afsuski, ko‘r-ko‘rona tarjima oqibatida.

Mana, uch yildirki, davlat tilida “yo‘l xaritasi” degan yangi istiloh paydo bo‘ldi. Rus tilidagi “dorojnaya karta” so‘zlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimasi bu! Reja desak bo‘lmaydimi? Dastur desak ham xatomasdir?!

Bunday g‘alizliklar huquqshunosligimizda ham qalashib yotibdi. Misol uchun, qonunlarimizdagi “O‘zaro tiyib turish tamoyili” degan tushuncha tilimiz jozibasiga qanchalik mos? Chunki yuqorida aytganimizdek, milliy terminologiya yo‘q.

Fikrimcha, til islohotlarini amalga oshirishda ana shu jihatlarga ham alohida eʼtibor berishimiz kerak.

Olmotami, Almatimi?

O‘n yetti yildan beri matbuot sohasida ishlab kelaman. Ammo bu sohada ham davlat tilining qo‘llanilishi borasida qator muammolar bor. Gap qurilishida hanuz sho‘ro davridagi jurnalistikamiz qoliplaridan to‘liq xalos bo‘la olmayapmiz. Ayniqsa, rasmiy nashrlarimiz tili odamlarimiz uchun nihoyatda zerikarli tilga aylandi. “Alohida taʼkidlab o‘tish joizki”, “Tadbirda alohida taʼkidlab o‘tilganidek”, “Anjumanda ko‘tarilgan masalalar shunisi bilan qiziqarli bo‘ldiki”...

Bosma nashrlarda imlo masalasida ham bahsli holatlar mavjud. Xususan, baʼzi gazetalarimiz “vaholonki” deb yozsa, ayrimlari “vaholanki” tarzida qo‘llaydi. Turar-joy — turarjoy, xom ashyo — xomashyo, asqatmoq — asqotmoq, kelyapti — kelayapti, Olmota — Almati, Ummon — O‘mon... kabi so‘zlar ham shular sirasidan. Musahhihlarimiz bilan bahslashsangiz, har birining qo‘lida asos bor. Chunki turli yillarda chiqqan imlo lug‘atlarimizda shu so‘zlar turlicha yozilgan. Tilshunoslarimiz esa mazkur muammolarni, bahsli holatlarnio‘rganib, aniq ilmiy xulosa va tavsiyalar berishayotgani yo‘q.

Savodsizlikni kimlar targ‘ib qilyapti?

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar odamlar o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildira oladigan maydonga aylandi. Bu tahsinga sazovor jihat. Ammo hozirgi avlod 10 ming nusxada chop etiladigan gazetadan ko‘ra, bir millionga yaqin obunachisi bor telegram kanallaridan birini muntazam o‘qib borishni maʼqul ko‘rmoqda.

Lekin hurmatli blogerlarimiz tomonidan keng ommaga taqdim etilayotgan aksariyat materiallar davlat tili qonun-qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. G‘aliz jumlalar, xatoliklar, noo‘rin qo‘llangan so‘zlarga tez-tez duch kelyapmiz. Ayni paytda O‘zbekistonda internetdan faol foydalanuvchilar soni kuniga 16,2 millionni tashkil qilishi hamda mazkur ko‘rsatkich yiliga 6 foiz surʼatda o‘sib borayotganini hisobga olsak, savodsizlik targ‘iboti millatimiz kelajagiga qanchalik tahdid solayotganini yanayam chuqurroq anglaymiz.

Navbat amaliy ishlarga keldi

Hechdan ko‘ra kech yaxshi, degan maqol bor xalq orasida. Bugun davlatimiz, hukumatimiz bu og‘riqli masalalarni bartaraf etishni o‘z zimmasiga olgani barchamizni quvontiradi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilinib, mazkur tuzilma zimmasiga davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash vazifasi yuklatilgani ajoyib ish bo‘ldi.

Endilikda davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shahar hokimliklari tuzilmalarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari ham faoliyat yuritmoqda.

Demak, davlat tilimizning himoyasiga otlangan jonkuyar askarlarimiz soni yanayam kengaydi. Endi qolgani o‘z qo‘limizda. Zero, til taqdiri millat va Vatan taqdiri demakdir. Shunday ekan, bu masalaga befarq munosabatda bo‘lishga hech birimizning haqimiz yo‘q.

 Farrux BO‘TAYEV,

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktorining 

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

 davlat tili to‘g‘risidagi qonun

 hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

16.04.2020 714