"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘ZLASHMA SO‘ZLARGA QANDAY MUNOSABATDA BO‘LISHIMIZ KERAK?

Til jamiyat bilan dialektik aloqada bo‘lgani sababli biri ikkinchisini to‘ldiradi. Shu bilan birga bir-birini inkor etadigan o‘rinlar ham uchraydi. Jamiyat tomonidan tillar taqdim qilgan har qanday so‘z qabul qilinavermaydi. Til ham inson tanasi kabi tirik va kurashuvchan. Tanamiz har qanday tashqi ta’sirga birdek murosada emas.

Tilimizga chet tillardan kirib kelayotgan hamma yangi so‘zlarni ham bosqinchi sifatida tasavvur qilavermasligimiz kerak. Platforma ham short-list kabi bir paytlar tilimizga kirib kelgan. To‘g‘ri, til sofligiga erishishimiz kerak, ammo bu – degani barcha o‘zlashma so‘zlarga qarshi turamiz degani emas, har qanday til tabiiy ravishda ikki manba asosida boyib borishi tilshunoslar tomonidan e’tirof qilingan. Ichki va tashqi manbalar. Barcha tillar bunday jarayonni boshdan kechiradi. Nisbatan til sofligiga erishgan usmonli turk tili ham “problem”, “super”, “professional” kabi so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaydi.  Rus tiliga fransuz tilidan, ingliz tiliga yunon tilidan juda ko‘plab so‘zlar kirib kelgani sir emas. Shuning uchun dunyo miqyosida bir xil ishlatilayotgan,  hamma bir xil tushunadigan ayrim so‘zlar istisno  tariqasida qo‘llanilishi xato bo‘lmaydi, menimcha.

Olimlarimiz tomonidan  chetdan kirib keluvchi so‘zlarni qanday qabul qilish bo‘yicha mezon ishlab chiqilib, ular tasniflanishi kerak.

Masalan,

1. To‘liq tarjima bo‘ladigan so‘zlar:

2. Yarim tarjima bo‘ladigan so‘zlar:

3. Tarjima bo‘lmaydigan o‘zlashma so‘zlar:

O‘zbek tili morfologik jihatdan agglyutinativ (har bir grammatik ma’no alohida qo‘shimcha orqali ifodalanadigan) bo‘lgani uchun so‘zning hajmi cho‘zilib ketib, qo‘llashga noqulay bo‘lib qoladi. Til tejamkorlikni yaxshi ko‘radi, shuning uchun nutqda o‘zbekcha uzun bo‘g‘inli so‘zlardan ko‘ra ixcham o‘zlashma so‘zlar iste’molga tez kirib ketmoqda. Xalqaro atamalarni aynan mos keladigan, ixcham muqobili bo‘lmasa, vaqtincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llagan ma’qul.

Bugun o‘zaro muloqotlarda press-reliz, press-klub, short-list, platforma, klaster kabi so‘zlarning ixcham ifodasi mavjud emas. Bu so‘zlarni o‘zbekcha ifodalaganda so‘zlar va bo‘g‘inlar soni oshib ketadi. Bugungi taraqqiyot tezkorlikni talab qiladi, bu – vaqtni tejash, degani. Bu borada bir-birimizni ayblashimiz shart emas, olimlar va tadqiqotchilar mazkur masalada jamoatchilikka yordam berishi lozim.

 

Shu o‘rinda xalqaro boshqaruv amaliyotida faol qo‘llanayotgan "‘Departament" so‘zining o‘zbekcha muqobili haqida ham to‘xtalish lozim. Jamoatchilik tomonidan shu so‘zning o‘rniga "boshqarma","qo‘mita","bo‘lim" kabi  atamalar qo‘llanilishi kerakligi ta’kidlanadi. Mazkur so‘zlar "departament" ifodalayotgan ma’noga qanchalik mosligini avval ilmiy tekshirish, aynan so‘zning bugungi ijtimoiy mavqeyiga qanchalik muvofiq yoki muvofiq emasligini asoslash kerak bo‘ladi, menimcha.

Bugungi kunda o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha hukumat tomonidan qator ishlar vazifa sifatida belgilandi. Barcha mas’ul xodimlar, jamoatchilik bu ishga katta shijoat bilan kirishgan. Ammo o‘rganish, amalga oshirish jarayonida ayrim muammolar, chalkashliklar uchrab turibdi. Eng muhim masala, qaysi so‘zlar o‘zbekcha, yoki o‘zbek tiliga qaysi so‘zlarni kiritish mumkin? Manashu katta so‘roqqa tushunarli, ishonarli javob kerak bo‘ladi. Biz tilimizda faol qo‘llanib yurgan qaysi so‘zlarni o‘zimizniki deb hisoblashimiz mumkin? Bu qaysi mezonlar asosida o‘lchanadi? Nazarimda, so‘zlar ham insonlar kabidir. Tildagi asosiy so‘zlar oila a’zolari, ular qondoshlar (Ota, ona, o‘g‘il, qiz, chechak (gul kelin maqomida), et, (go‘sht ham kelin maqomida), suv, tuproq, uy, bola, qo‘l, oyoq, bosh, yaproq, (barg ham kelin maqomida), buyruq, ko‘rmoq, o‘qimoq, ko‘k, oq, sonlar, Jo‘rabek, Otabek, Bobobek, Yorqin, To‘lqin, Uchqun, Olmos, Oltinoy, Barchinoy, Temur va boshqalar). Endi tasavvur qiling bir qiz boshqa bir oilaga kelin bo‘lib tushsa, u shu xonadonning shart-sharoitiga, urf-odatiga, tartib-taomiliga boysunsa, ko‘niksa, farzandli bo‘lsa, u albatta, shu xonadonning a’zosiga aylanadi, el bo‘ib ketadi. Aks holda, begonaligicha qoladi.

So‘zlar ham tilimizga kirib kelgandan so‘ng, uning qonun-qoidalariga bo‘ysunsa, o‘zbekcha qo‘shimchalar orqali yangi so‘zlar hosil qilishga asos-sabachi bo‘lsa (kitobxon, traktorchi, tadbirkor, qanoatli, sabrsiz, dasturchi, guldon, kompyuterlashmoq axborotlashtirmoq); hech bo‘lmaganda o‘zbekcha talaffuzga moslashsa-bu atlas yoki do‘ppi kiygani bo‘ladi( Madamin, Mamadali, Madali, Abdulla, Muhammad, salom, xayr, ). Ular qondosh bo‘lmasa-da oila a’zosi, o‘zbek tilining mulki hisoblanadi. Shu ma’noda ish yuritish mobaynida hujjatlarni o‘zbekchalashtirish - so‘z tanlash masalasida bu jihatlarni inobatga olish lozim. Sayyor so‘zlar turli tillarda umumiy qo‘llaniladi, biroq ular talaffuz jihatdan farqlanadi(Muhammad, Mamat, Magamet; Mahmud, Mehmet, Mamet, ; Ahmad, Axmed; Maqsad, Maqsud, Masud; ). O‘zbek tilining talaffuz imkoniyatlari, nemis, fransiz, koreys, tillaridan kirib kelayotgan so‘zlarni rus tilidan ko‘ra aniq va qulayroq, asliga nisbatan muvofiqroq ifodslaydi.

Fransuz tilida mavjud bo‘lgan o‘ tovushi, rus va ingliz tillarida mavjud emas. Tilimizda ayrim so‘zlarning ruscha talaffuz asosida qabul qilishimiz to‘g‘ri emas, nazarimda. Fransuz tili mutaxassisi, professor -Ibodulla Mirzayevning ta’kidlashicha, mashhur fransuz tilshunosining nomi rus tilida o‘ tovushi bo‘lmagani uchun Ferdinand de Sossyur deb aytiladi va yoziladi. Aslida fransuzlar do‘ Sossyur tarzda talaffuz qilishar ekan. Yana bir misol: h bo‘g‘iz undoshi rus tilida bo‘lmagani uchun o‘zbek tiliga mazkur tovush qatnashgan so‘zlar asliyatdan ancha farq qolgan holda kirib keldi. ( Гейнрих Гейни - Haynrih Hayene, Гумболд - Humbold, Гамбург - Hamburg; Гарвaрд -Harvard; Голливуд - Hollivud) Bunday noto‘g‘ri yondashuvlar o‘zbek o‘quvchilarini nemis, fransuz kabi muhim tillarni o‘rganishda chalg‘itadi.

Nega so‘zlarni biz o‘zbek tiliga rus tili orqali qabul qilishimiz kerak. Iqtisodiyot sanoat sohalari mustaqil bo‘lgach, yana qanday to‘siq bor. Dasturiy ta’minot, internet bilan bog‘liq jihati bo‘lishi mumkin, ammo dasturlar tilini o‘zbekchalashtirish ishlari ham hozir jadallashgan. Zudlik bilan qilinishi lozim bo‘lgan ishlar quyidagilardir:

• o‘zbek tili orfografiyasi bo‘yicha tilshunoslik va metodika sohasida buyurtma shaklida ilmiy tadqiqotlar olib borilishi kerak;

• o‘zbek tilining orfoepik lug‘at, orfoepik o‘quv lug‘atlari yaratilmagan. Shuning uchun ham talaffuz me’yorlari talabga javob bermaydi;

• “O‘zbek tilining atoqli otlari orfoepiyasi" alohida nashr qilinishi kerak. Ko‘cha-ko‘yda yangi paydo bo‘lgan so‘zning qanday ralaffuz qilinishini ko‘pchilik bilmaydi. O‘zlashma atoqli va turdosh otlar talaffuziga doir o‘quv va elektron lug‘atlar ishlab chiqish lozim;

• Olimlarimiz, avvalo, bugungi tilimiz talablariga javob beradigan talaffuz mezonlarini (milliy transkripsiyani )ishlab chiqishlari lozim, shunda o‘zbek tilining xorijda va mamlakatimizda o‘qitilishiga, shuningdek imloga doir ko‘plab muammolar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘la boshlaydi.

• Tilimizga kirib keluvchi so‘zlar ham o‘zbekcha talaffuz mezonlari bilan o‘lchana boshlansa, chetdan kirib kelayotgan so‘zlar chig‘riqdan o‘tadi.

Bular til taqdiriga befarq bo‘lmagan metodist tomonidan bildirilgan mulohazalar bo‘lib, mazkur muhim masalaga soha mutaxassislari, tilshunos-olimlar ham diqqat qaratishlarini so‘raymiz.

Til sofligiga erishish, o‘zbekcha so‘zlarni faol qo‘llanishiga erishish bosqichma-bosqich amalga oshadigan jarayon. Ta’kidlangan o‘zlashma so‘zlar o‘rniga yonma-yon eng qulay o‘zbekcha muqobillar topib iste’molga kirita olsak, xalq qabul qilsa, kun kelib o‘zlashma so‘zlar o‘rnini bosib ketadi. Bunga, albatta, ma’lum vaqt kerak bo‘ladi.

 

G‘ofir Hamroyev,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

20.08.2021 911