"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Turkiy xalqlar ilmga qancha eʼtibor qaratsa, shuncha qudratli bo‘ladi!

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining maʼnaviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, filologiya fanlari doktori, professor Maʼrufjon Yo‘ldoshev Turkiya jumhuriyatining strategik tadqiqotlar portali - “Milliy g‘oya markazi” muxbiri Yeliz Shenerli savollariga javob berdi.

“Turkiy xalqlar ilmga qancha eʼtibor qaratsa, shuncha qudratli bo‘ladi!”

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining maʼnaviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, filologiya fanlari doktori, professor Maʼrufjon Yo‘ldoshev O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasidagi kechinmalari, mamlakatning mustaqillik davridagi ichki va tashqi siyosati hamda davlat tili bilan bog‘liq jarayonlar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Maʼrufjon Yo‘ldoshev turkiy xalqlarning ilm bilangina kuchli va biru bor bo‘lishlari mumkinligiga ishonishini aytib o‘tdi.

Yeliz Shenerli: Bugun dunyo o‘zbeklari mamlakat mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlamoqda. Bir o‘zbek olimi sifatida sizga bu sana nimalarni eslatadi? Nimalarni his qilasiz?

Maʼrufjon Yo‘ldoshev: Ha bu kun biz uchun nihoyatda muhim va qadrli bir kun. Markaziy Osiyoning jadal taraqqiy etayotgan va dunyoning eng rivojlangan davlatlari safiga qo‘shilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan O‘zbekiston bugun mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlamoqda.

O‘zbekiston bundan 30 yil oldin sobiq Sovet Ittifoqidan ajralib mustaqilligini eʼlon qilgan edi. Men u paytlarda talaba edim. Voqealar qanday rivojlanganligini yaxshi eslayman. O‘zbekistonning mustaqillikka erishgunga qadar bosib o‘tgan yo‘lining oson bo‘lmaganligini ham, mustaqillik eʼlonidan so‘ng boshlangan murakkab jarayonlarning qanday kechganligini ham xuddi kechagidek eslayman. Mamalakat siyosiy jihatdan ham, ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan ham tang ahvolda edi. Shunga qaramay xalq umidsizlikka tushmadi. Sabr va matonat bilan kutdi. “Eski tuzum yaxshi edi” – deya nadomatga berilmadi. O‘z davlatining ozod bo‘lganiga shukr qildi. Ertangi kunga umid bog‘ladi. Chunki biz davlatni milliy o‘zligimizning himoyachisi va qadriyatlarimizning baqosi uchun mustahkam qo‘rg‘on sifatida qadrlaymiz. Davlat mustaqil bo‘lmaguncha tilimiz ham qadr topmaydi, dinimiz va milliy urf-odatlarimizni ham emin-erkin yashay olmaymiz. Ozod bo‘lgach, bularning hammasiga erishishimiz mumkinligini o‘ylab orzu-xayollarga berilardik. Har safar Mustaqillik kuni arafasida o‘sha kunlar kino lentasidek ko‘z oldimdan o‘tadi.

O‘zbekistonning mustaqilligini tan olgan ilk davlat Turkiya bo‘ldi. Ortidan dunyo davlatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalar o‘rnatildi. O‘zbekiston 1992-yilning 2-martida BMTga aʼzo bo‘ldi. Mustaqillik qo‘lga kiritilgach, dastlab, milliy madaniyatni, milliy o‘zlikni tiklashga qaratilgan ishlarga ahamiyat berildi. Shu bilan birga ilg‘or demokratik g‘oyalarga moslashishga va bu borada rivojlangan davlatlarning tajribalaridan foydalanishga harakat qilindi. Oradan 30 yil o‘tib, erishilgan natijalarga qaraganda orzularning ro‘yobga chiqqanligini ko‘rib turibmiz va bundan behad baxtiyor bo‘lmoqdamiz. 

Yeliz Shenerli: Qadimiy tarixga ega buyuk turkiy oilaga mansublik siz uchun nimani ifodalaydi?

Maʼrufjon Yo‘ldoshev: O‘zbekiston so‘nggi yillarda amalga oshirayotgan islohotlari bilan Markaziy Osiyoning eng jozibador davlatiga aylanishni maqsad qilgan. 2020-yil maʼlumotlariga ko‘ra 34 milliondan ziyod aholisi bilan hududning eng gavjum mamlakati hisoblanadi. Maʼlumingizki, har burchagidan tarix ufurib turadigan ushbu diyorda xorazmshohlar, temuriylar, shayboniylar, boburiylar qudratli davlatlar qurgan, shuningdek, Chor Rossiyasi tomonidan tugatilgan Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonliklari ham shu zaminda qaror topgan edi. Turkiya Jumhuriyati Prezidenti muhtaram Rajab Tayyib Erdo‘g‘an taʼbiri bilan aytganda “Turkiston madaniyatining beshigi bo‘lgan bu muqaddas zamindan Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi olamni yoritgan, insoniyat ufqini kengaytirgan mutafakkirlar yetishib chiqqan. Imom Buxoriy, Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshiband kabi maʼnaviy daholarimiz shu yerning, shu muqaddas zaminning armug‘onidir.” Bu ro‘yxatni yana ko‘p davom ettirish mumkin. Buni idrok etib yashash, tabiiyki, insonga buyuk faxr va masʼuliyat yuklaydi.

Murakkab zamonlarda biz qadim tariximizdan kuch oldik, farzandlarimizga ajdodlariga munosib farzandlar bo‘lishi kerakligini uqtirib keldik. Milliy qadriyat va urf-odatlarimizni farzandalarimizga ertak shaklida bo‘ladimi, dostonmi, qo‘shiq yoki alla shamoyilida bo‘ladimi, bir yo‘l topib singdirishga harakat qildik. Chunki borligimiz va borlig‘imiz uchun ulardan cheksiz minnatdormiz. Beruniyni, Xorazmiyni, Ibn Sinoni, Navoiyni bilmagan bola o‘zbek bo‘lishi mumkin emas deb o‘rgatdik. Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning bir sheʼri yodga tushadi. Izningiz bilan aytib bersam.

MAJBURIYAT

Ona, menga ne bersangiz

Barin o‘tkazdim.

Ajdodlarning bor shamoyil,

Shevalarini.

Menam Sizday tinmay

Sabr daraxti o‘tqazdim,

Toqat bilan terdim

Toqat mevalarini.

Barin berdim, nima berdim

Eslolmayapman...

Taajjubki, hech vaqom yo‘q,

Ship-shiydam, hurmen.

Sizdan meros baland bo‘yni,

Ozg‘in qomatni

Qizimga berishga majburmen.

Sheʼrda ifodalanganidek, ajdodlardan bizga nimaiki qolgan bo‘lsa, hammasi merosdir va ularni yo‘qotmay, beshikastu benuqson tarzda kelasi avlodlarga yetkazish muqaddas burchimizdir.

Yeliz Shenerli: O‘zbekistonning mustaqillikdan keyingi ichki va tashqi siyosatida qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

Maʼrufjon Yo‘ldoshev: O‘tgan 30 yil mobaynida O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlab, iqtisodiy rivojlanish yo‘lida jiddiy odimlar otdi. Mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng yangi davlat barpo qilishning huquqiy muammolari ustida ishlandi. Sobiq tuzumdan qolgan barcha muassasalar o‘zgarishi, boshqaruv tizimi tubdan isloh qilinishi, zamonaviy demokratiyaga mos qonunlar ishlab chiqilishi kerak edi. Bular muvaffaqiyat bilan amalga oshirildi. Hatto murakkab bir davrda navqiron davlatning yangi alifboga o‘tish qarorini olganligini ham taʼkidlash zarur.

1993-yildan eʼtiboran maktablarda taʼlim o‘zbek lotin alifbosida berildi. Hozir ham shunday. 1995-yilda isloh qilingan va 2021-yilning oxirigacha yana bir isloh qilinishi ko‘zda tutilgan o‘zbek lotin alifbosiga to‘liq o‘tishimiz turkiy xalqlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘qish va uqish bilan bog‘liq muammolarning bartaraf qilinishiga ishonamiz. 30 yil mobaynida mamlakatda konstitutsiya bilan birga barcha qonunlar yangilandi, takomillashtirildi va amaliyotga tatbiq qilindi. Davlatning uch asosiy ustuni bo‘lgan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tizimi mustahkamlandi. Shu tarzda konstitutsiyaga asoslangan boshqaruv tizimi qaror topdi.

Yeliz Shenerli: Baʼzi turkiy davlatlarning va xalqlarning uzoq yillar rus sovet hokimiyatining qo‘l ostida qolib ketishi milliy madaniyat va milliy aloqalarga qanday taʼsir qildi?

Maʼrufjon Yo‘ldoshev: Mustaqil bo‘lmasdan avval har qanday muammoning yechimi Moskvada edi. Mayda muammolarni hal qilish uchun ham Moskvadan ruxsat olinar edi. Biz bola edik ammo nimadandir shikoyat qilmoqchi bo‘lgan odamlarning “Moskvaga arz qilaman” deya yozg‘irganlarini eslaymiz. Hatto “Moskvaga yozgan ekan, hal bo‘libdi” tarzidagi gaplarni eshitardik, albatta.

Ilmiy ishlar ham rus tilida yozilar va Moskva yoki Peterburgda himoya qilinar edi. Istiqloldan so‘ng bular barham topdi, albatta. Ayniqsa, milliy urf-odatlar va anʼanalarning aksariyatiga “eskilik sarqiti” sifatida qaralardi. Masalan, yaxshi eslayman, bahorda Navro‘zni nishonlash ham taqiqlangan edi, hatto uyda, oila davrasida nishonlashga ham yo‘l qo‘yilmas edi. Bahorda tayyorlanadigan sumalakni ham taqiqlagan zehniyatning islomiy eʼtiqodga munosabatini gapirmasam ham bo‘ladi.

Sovet tashviqotiga ko‘ra, milliy tillar yo‘qolib, yagona til – Sovet tili qolishi kerak edi. Turkiy xalqlar ham o‘zaro muloqot jarayonida rus tilidan foydalanishlariga zamin yaratilgan edi. Aslida, ko‘chada, bozorda qozoq, tatar, o‘zbek uchrashib qolsa va har biri o‘z tilida gapirsa ham bir-birlarini bemalol tushunishar edi. Zero, yakpora Turkiston zamini XX asrning boshlarida parchalandi, alohida davlatlar va millatlar tashkil qilindi. Mushtarak xususlar o‘rniga muttasil farqliliklar haqida gapirildi va uqtirildi. Shu sabab umumturkiy madaniyat va mushtaraklik zaiflasha boshladi. Bu haqda yana uzoq gapirish mumkin.

Yeliz Shenerli: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga va turkiy dunyoga munosabati haqida nimalarni ayta olasiz?

Maʼrufjon Yo‘ldoshev: Bu haqdagi fikrlarimni qisqa va aniq ifodalash uchun bir necha band shaklida aytib o‘tsam:

1. Prezident Sh.M.Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini ilgari surdi. “Yangi O‘zbekiston” yoki “Uchinchi Renessans” deb atalayotgan g‘oya zamirida milliy qadriyatlarga asoslangan holda taraqqiy etish nazarda tutiladi. Hozirgi O‘zbekiston tuproqlarida qadimdan ikki buyuk uyg‘onish jarayoni kuzatilgan. Birinchisi, IX-XII asrlarda, ikkinchisi temuriylar saltanatining cho‘qqisi - XIV-XV asrlarda Sharq Renessansi nomi bilan tarix zarvaraqlariga bitilgan. 

Prezident Sh.M.Mirziyoyev ilgari surgan yirik loyihalar, amaliyotga tatbiq qilinayotgan hadaflar uchinchi uyg‘onish daragini berayotgani ham bor gap. Bu muazzam loyiha xalqni ezgu umidlar uchun jipslashtirmoqda. Barcha sohalarda “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasiga mos loyihalar ishlab chiqilmoqda, yangilanishlar jadallashmoqda. Bu borada qay darajada muvaffaqiyatga erishishimiz mumkinligini vaqt ko‘rsatadi. Ammo bularning bari millatni, xalqni yakdillikka chorlayapti, birlik orqali kuchli bo‘lish mumkinligiga ishontiryapti.

2. Diniy eʼtiqod borasidagi taqiqlarga barham berildi. Hozirda har bir vatandosh o‘z eʼtiqodi amriga binoan emin-erkin yashamoqda. Faktlarga eʼtibor qilsak, 2021-yilda yaʼni, aniqrog‘i, 8 oyda 13 ta katta masjid foydalanishga topshirilibdi. Oxirgi uch yil ichida 256 yangi masjid qurilibdi, 308 tasi kapital taʼmirdan so‘ng ibodatga ochilibdi. Ayollarning boshidagi ro‘moli ham masala edi, bu ham erkinlashtirildi. Diniy masalalar tufayli hibsga olingan vatandoshlar ozod qilindi.

3. Matbuot va so‘z erkinligi bo‘yicha katta ishlar qilindi. Shaffoflik va adolat borasidagi ishlar tobora kengayib bormoqda. Blogger, media va axborot vakillarining huquqlari bilan bog‘liq qonunlar takomillashtirildi.

4. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish jarayoni tezlashtirildi. O‘zbek tilining davlat tili sifatida barcha tashkilot va muassasalarda qo‘llanilishiga eʼtibor kuchaytirildi. Davlatimiz rahbari xalqaro anjumanlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlash orqali xalqqa namuna bo‘lmoqda. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi va bu nutqni xalq katta muhabbat bilan kutib oldi.

5. Inson huquqlari borasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolarning davlatga, adolatga va qonunlarga ishonchi ortdi.

6. O‘zbekiston turkiy dunyoga va butun dunyoga o‘z eshiklarini ochdi. Prezident Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz turkiy dunyoning madaniy markaziga aylanmoqda. Har sohada hamkorlik kun sayin ortib bormoqda. Zero, shunday bo‘lishi ham kerak edi. Chunki O‘zbekistonsiz turkiy dunyo haqida gapirish mumkin emas. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning va turkiy dunyoning maʼnaviy maʼbadi hamda benazir turizm markazidir.

Yeliz Shenerli: O‘zbekistonda davlat tiliga eʼtibor masalasi qanday kechmoqda? Masalan, mustaqillikka erishilgandan keyin o‘zbek tili davlatning barcha muassasalarida erkin qo‘llanilyaptimi? Turkiy xalqlarning alifbo mushtarakligi borasida aniq odimlar otilyaptimi?

Maʼrufjon Yo‘ldoshev: 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil topdi. Vazirlik va davlat tashkilotlarida rahbar maslahatchisi lavozimi tashkil etilib, tilshunos olimlar va mutaxassislar jalb qilindi. Men ham O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining maslahatchisi sifatida hukumatning davlat tili siyosatini vazirlik va unga taalluqli idoralarga tatbiqini nazorat qilaman.

Joriy yilning 1-avgustidan boshlab barcha idoriy yozishmalar o‘zbek tilida va o‘zbek lotin alifbosida amalga oshirilmoqda. Shuni alohida aytish lozimki, O‘zbekistonning til siyosatida biron bir tilni taqiqlash haqida gap yo‘q.  Barcha tillar davlat eʼtiborida. Hozir o‘zbek tilining faoliyat maydonini kengaytirish va boshqaruv tizimidagi o‘rnini mustahkamlash ustida ish ketmoqda.

Yeliz Shenerli: Turkiy xalqlarga tilaklaringizni bildirsangiz.

Maʼrufjon Yo‘ldoshev: Turkiy xalqlar ilm-fanga eʼtibor qaratgan davrlarda dunyoni hayratga solgan edi. Farg‘onadan chiqqan bir olim Misr xalqining azaliy muammosini “Miqyosi Nil”ni ijod qilish orqali hal qilib bergan edi. Al Xorazmiy bugungi texnika ilmining va raqamli elektronikaning tamali hisoblangan ikkilik sanoq tizimini va nol sonini kashf qilgan edi. Ibn Sino tibbiyotda bugungi kun olimlarini hamon hayratga solib keladigan kashfiyotlarga qo‘l urgan. Beruniy arifmetika, geometriya, fizika, kimyo, mineralogiya kabi ko‘plab ilmiy sohalarda faoliyat yuritgan bo‘lsa, Moturudiy eʼtiqd ilmida, Buxoriy hadis ilmida, Mirzo Ulug‘bek astronomiyada favqulodda asarlarni o‘rtaga qo‘yganlar.

Xulosa qilib aytganda, o‘z davrida ilm orqali nimalar qilish mumkinligini dunyoga namoyon qilgan turkiylar yana ilm soyasida dunyoning muammolariga yechim topishlari mumkin. Men bunga ishonaman. Pandemiya sharoitida korona virusiga qarshi vaksinani kashf qilgan turk olimlaridan dunyo ahli qanchalik minnatdor  bo‘layotganligini kuzatib turibmiz. O‘zbekistonda yeyish mumkin bo‘lgan “pomidor-vaksina”larni o‘ylab topgan olimlar ham buyuk Ibn Sinoning munosib avlodlari hisoblanadi. Shu sabab turkiy xalqlar ilm-fanga qancha eʼtibor qaratsa, shuncha qudratli bo‘ladi. Davlatlarimiz orasidagi do‘stlik aloqalarining va hamkorlikning barcha sohalarda yana-da ortishiga ishonaman.

07.09.2021 590