"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ko‘zgu xira tortmasin

Qay shahar, qay manzilga bormang ilk eʼtiboringizni ko‘cha yozuvlari, ko‘rgazmali vosita va peshlavhalar tortadi. Asta sekin ularni o‘qiy boshlaysiz. “Optom yaxna ichimliklar”, “Mi otkrilis”, “Mega fayz”, “Mega stroy”, “Chayxana”, “Zavtrak”, “Oboylar do‘koni”, “Ledi butik”, “Mini market”, “Supermarket”, “Xleb bor”, “Har kuni zakaz osh”... Boshingiz aylanib ketishi tayin. O‘z-o‘zingizga savol berasiz: “Men qayerdaman? Ona yurtimdami?”

Tavba, bizga nima bo‘lyapti. Mashhur kinofilmda aytilganidek, xo‘rozqand chet elniki desa yotib yalaydiganlarning soni tobora ortib borayotgani taajjubli. Turli xorij so‘zlaridan yasalgan “qorishma”ni elga tortiq etayotganlar bu ishi bilan nafaqat kulguga qolayotganini, hudud husniga dog‘ tushirayotgani bilarmikin? Axir bolalikdan ongu-shuurimizga onamiz allasi bilan singgan ona tiliga hurmat hissini har bir inson, u tadbirkor bo‘ladimi, savdogar yoki do‘kon egasimi, albatta o‘zida shakllantirishi kerak emasmi?

— Tadbirkorlikni boshlabsiz, tabriklayman. To‘g‘risini aytsam, do‘kon peshtoqiga ilib qo‘yilgan nomga tushunolmadim?

— Shu kunlarda shu savolni beradiganlar ko‘paymoqda. Bu... men, o‘zim, o‘g‘lim, qizimning ismlarini bosh harfini olib shu nomni qo‘ygandek. Qaysi kuni kelib hokimiyatdan ogohlantirib ketishdi, o‘zgartiramiz. Shu paytgacha biron kishi aytmagan ekanda. Bu ishda o‘zboshimchalik qilib bo‘lmaydi, mana anglayapmiz. Almashtiramiz, uzog‘i bilan uch-to‘rt kunda, — deydi tadbirkor.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosini taʼminlash hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori talablari doirasida – Qashqadaryo viloyatida ishchi guruhlar tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Reklama bannerlarning joylashtirilishi va ularning qonun talablariga mos bo‘lishiga eʼtibor qaratilib, reklama tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi firmalarning ro‘yxati shakllantirildi.

Tuman(shahar) hokimliklari, Monopoliya boshqarmasi va “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra ayni kunda viloyatda 201 ta 3 metrga 6 metr o‘lchamdagi reklama bannerlari o‘rnatilgan. Ularni davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda.

Qonunga zid bo‘lgan ko‘rgazmali yozuvlar, lavhalar, peshlavhalar bo‘yicha tushuntirishlar o‘tkazilmoqda. Targ‘ibot tadbirlari davomida o‘zini bilag‘on atab, ovozini baland qo‘yib “g‘olib kelmoqchi” bo‘layotganlar ham yo‘q emas. Tartibning bosh negizi – qonun doirasida ish yuritish.

Nimaiki tadbir qonuniydir, demak u doimiydir.

Uch kun davomida Qarshi shahrining to‘rtta ko‘chasi bo‘ylab o‘rganish o‘tkazildi va 70 ga yaqin qonun talablariga zid ko‘cha yozuvlari bartaraf etildi. Mirishkor, Qamashi, Kitob, Kasbi tumanlarida ham nazorat tadbirlari doirasida zarur choralar belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan, yaʼni “Chopar” xizmati haqida maʼlumot beruvchi bannerda hazrati Bobur mirzo qo‘liga pissa berib qo‘yilgani ifodalangan banner ham olib tashlandi. Nazarimizda, ajdodlar merosini asrab-avaylash va unga hurmat hissini oshirish kundalik ishimiz, yurak amri bo‘lmog‘i kerak. Bunda esa jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ishi – bu boradagi ishlarning natijadorligini taʼminlaydi.

Yana bir gap, o‘rganishlar davomida shu ayon bo‘lmoqdaki, har bir insonning amalga oshirayotgan ishi uning didi, fahm farosati va maʼnaviyatini ko‘rsatadi. Unga ko‘zgu tutadi. Ko‘zgular xira tortmasin.

Ziyoda Aminova

Qashqadaryo viloyati hokimining maslahatchisi

17.04.2020 656