"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Turkiyada o‘zbek tiliga bag‘ishlangan “vebinar” o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tilini rivojlantirish, shu jumladan o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlari mahalliy va xorijiy olimlar eʼtirofiga sabab bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “bugungi kunda xalqaro maydonda obro‘-eʼtibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shayotgani” ayni haqiqatdir.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, yigirmaga yaqin xorijiy davlatning nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ko‘plab maktablarida o‘zbek tilini o‘rgatilishi, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilarning safi yil sayin kengayib borayotgani xalqaro hamjamiyatda ona tilimizga bo‘lgan qiziqish va eʼtibor kuchayotganidan dalolatdir.

Bundan tashqari hozirgi globallashuv jarayonlarida mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarning shiddat bilan rivojlanishi natijasida xalqlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik tobora yaqinlashmoqda.

Maʼlumki, ayni paytda minglab vatandoshlarimiz xorijiy mamlakatlarda tahsil olmoqda va turli sohalarda faoliyat yuritmoqda. Yurtdoshlarimiz yashayotgan davlatlarda o‘zbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, shu kunga qadar chet el davlatlarida vatandoshlar tomonidan tuzilgan 180 dan ortiq tashkilot, o‘zbek milliy va madaniy markazlari, diasporal birlashmalar va ommaviy axborot vositalari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlari davom etmoqda. Ular ishtirokida so‘nggi yillarda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida 500 dan ortiq turli tadbir tashkil etildi. O‘zbek klassik adabiyoti namoyondalarning asarlari xorijda chop etildi.

Jumladan, joriy yilning 15-aprel kuni Turkiyada tahsil olayotgan yoshlarimiz va mazkur mamlakatdagi o‘zbek tili ixlosmandlari ishtirokida internetning veb-tarmog‘i orqali seminar, yaʼni zamonaviy qilib aytganda “vebinar” bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiyaning Karabyuk universitetida dars berayotgan vatandoshimiz, falsafa fanlari doktori Saidbek Boltaboyev maʼruza o‘qidi.

“So‘z haqida so‘z”, deb nomlangan mazkur maʼruzada asosan o‘zbek tilining jozibasi, jilosi, keng imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Ilmiy asos va hayotiy misollarga tayangan suhbat virtual ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi, Ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni mustahkamladi. Tadbir Turkiyadagi o‘zbek talabalar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Turkiyadagi vakilining faol ishtirokida tashkil etildi. Tadbir yakunida bu kabi “vebinarlar”ni izchil shaklda davom ettirish haqida kelishib olindi.

20.04.2020 561