"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Toponimlar: milliylikka alohida eʼtibor beraylik

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan so‘ng yurtimizdagi ko‘plab toponimik obyektlar qayta nomlandi. Yaʼni o‘zbek tilida joy nomlarini atash, rasmiylashtirish ishlari amalga oshirila boshladi. Buning o‘ziga xos jihati shunda ediki, ona yurtimizning barcha nuqtasi davlat tilida, milliyligimizni, maʼnaviyatimizni va madaniyatimizni anglatib turishi kerak edi. Vatan mustaqilligi, avvalo, uning tilida aks etishi, o‘zbekona jaranglashida namoyon bo‘lishi lozim.

O‘zbek tili rasmiy maqomda bo‘lmagan davrlarda yurtimizdagi aksariyat joy nomlari boshqa tilda atalib kelindi. Bir millatning mavjudligi uning tiliga naqadar bog‘liq ekanini o‘tgan davr va bugungi holat yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ko‘plab joy nomlari o‘zbekchasi bilan almashtirilganiga chorak asrdan oshdi, ammo hali ham “Drujba narodov”, “Sorok let”, “Maksim Gorkiy”, “Naberejniy”, “Elektroapparat”, “Makaronka”, “Park-ozero”, “Solnechniy” kabi eski nomlar xalq tilida, muloqot jarayonida qo‘llanib turibdi. Bu nimani anglatadi? Bu til masalasi, xususan, joy nomlari nihoyatda nozik masala ekanini ko‘rsatadi. Toponimlar insonlarning kichik va umumiy vatanlarini ifodalaydi, shuning uchun har bir toponim qo‘yilayotganda uning lug‘aviy maʼnosi, etimologiyasi, shu joyga mos xususiyatiga katta eʼtibor berish zarur.

Joy nomlari tilshunosligimizda kam o‘rganilgan soha hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda sanoqli olimlargina tadqiqotlar qilgan. Bu bir davlat toponimlari tadqiqi uchun yetarli emas. Tilning yashab qolishi, avlodlarga yetib borishi uch asosiy omilga bog‘liq: birinchisi — og‘zaki muloqot; ikkinchisi — lug‘atlar; uchinchisi — toponimlar. Ammo o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilmasa, ilmiy tadqiqotlar kuchaytirilmasa, toponimlarning yashovchanligi kamayadi, maʼnosi tushunarli bo‘lmay, mavhumlasha boradi. Buning birinchi sababi shuki, jamiyatimizda aholi, hatto ziyolilar o‘rtasida ham ko‘proq shevaga xos talaffuz ustunlik qiladi, shuning uchun ham ko‘plab joy nomlarining maʼnosi o‘zaro muloqotda o‘zgarib ketgan. Agar muayyan hududda yashovchi kishilar o‘zlari istiqomat qilayotgan qishloq, tuman yoki shahar nomlaridagi bir tovushni noto‘g‘ri talaffuz qilsa ham o‘sha toponim maʼnosi o‘zgarib ketadi va bu yozma nutqqa ham o‘z taʼsirini o‘tkazib, yozma hujjatlar, manbalarda ham xato qayd etilishiga olib keladi.

Biror kishi bilan tanishsangiz, doimiy so‘raladigan savollardan biri “Qayerliksiz yoki qayerdansiz?” bo‘ladi. Shunda mamlakatdan tashqarida bo‘lsangiz, davlat nomini, yurt ichida esa viloyat, tuman, mahalla, ko‘cha, qishloq yoki hamma biladigan mashhur joy bo‘lsa, shularning nomlari keltiriladi. Toponimlarning muhimligini yana shunda ko‘rish mumkinki, til o‘rganish jarayonida ham eng birinchi o‘rganiladigan so‘zlar joy nomlaridir.

Qisqasi, toponimlar sizning kichik va katta vataningizni anglatib turadi. Tuzumlar o‘zgarishi tarixga, maʼnaviyatga, madaniyatga qanday taʼsir qilgan bo‘lsa, undan ham ko‘proq tilga, toponimlarga katta salbiy taʼsir ko‘rsatgan. Uning asoratlari hali ham jamiyatga o‘z taʼsirini o‘tkazib kelmoqda. Mustaqillikdan so‘ng asosiy nomlar, xususan, tuman, jamoa xo‘jaligi, ko‘plab qishloq nomlari o‘zbek tilida qayta nomlandi, ammo hozir ham xoh shahar, xoh tumandan kelgan talaba yoki o‘quvchi bo‘lsin, qayerlik ekanini so‘rasangiz, “Engels”, “Pravda”, “Oktyabr”, “Kommunizm”, “Jdanov”, “Ilich”, “Pobeda” va boshqa joy nomlari tilga olinadi. Demak, til masalasiga eʼtiborli bo‘lish, ayniqsa, ommaga tez singib, juda sekin unutiladigan toponimlarni qo‘yishda yetti o‘lchab, bir kesish lozim.

O‘zbekistonda toponimikani rivojlantirish uchun, avvalo, mazkur sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash kerak. Har bir fuqaro o‘zi yashab turgan ko‘cha, mahalla, tuman, shahar, viloyat va respublika, shuningdek, millat va urug‘ nomi maʼnosini yaxshi bilishi, uning etimologiyasini — qanday kelib chiqqani, qanchalik tarixga egaligini bilishi shart. Buni ilmiy tadqiqotlar aniqlab beradi.

Zamon qanchalik rivojlanib borayotgan bo‘lsa, til ham mazkur ijtimoiy jarayonlarni shunchalik tez o‘zida namoyon qilib bormoqda. Har bir millat o‘z ona tiliga masʼul bo‘lishi naqadar muhimligi bugungi nomlash jarayonlarida ko‘rinadi.

Shu maʼnoda, nufuzli obyektlarga nom qo‘yilganda ham milliylikka alohida eʼtibor berishimiz lozim. Aks holda, katta shaharlarda muhim joylar inglizcha mo‘ljallarning nomi bilan atalmoqda. Masalan, “Akfa medlayn”dan o‘tib tushaman”, “Aziya”ga yetmay tushib qolaman”. “Megaplanet”da turaman”. Mazkur mo‘ljalni ifodalovchi katta obyektlar bora-bora joy nomiga aylanib ketishi mumkinligini inobatga olish kerak.

Yana bir muhim masala bor. Bu — mavjud joy nomlarining o‘zbekcha talaffuzi va yozilishini tiklash. Aholi tomonidan “Aziya”, “Sergeli”, “Sogdiana” kabi nomlar ruscha talaffuz va imloda hanuzgacha qo‘llanib turibdi. Qisqasi, bu borada bir qator muammolar o‘z yechimini kutmoqda. Shuningdek, “Beshkapa”, “Uchqo‘rg‘on”, “Qo‘tirbuloq”, “Kattaqo‘rg‘on”, “Sariqtepa”, “Kenagas” kabi aholi yashash punktlari, mahalla nomlari ko‘pchilikka tushunarli. Yaratilayotgan izohli, etimologik lug‘atlarda, asosan, “Nisbot”, “Urgut”, “Samarqand”, “Buxoro”, “Denov” kabi toponimlarning maʼnosi, kelib chiqish tarixi izohlab berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mamlakat miqyosida toponimikaga doir mavjud muammolarni kuzatish, ilmiy-tahliliy o‘rganish asnosida quyidagi tavsiyalar shakllandi:

birinchidan, toponimlarga milliy qadriyat, milliy boylik, millat tarixi va madaniyatini o‘zida mujassam etgan, har bir fuqaroning yashash manzilini, hayot tarzini, milliy mentaliteti, shuningdek, urf-odat va anʼanalarini anglatib turuvchi madaniy yodgorlik sifatida munosabatda bo‘lish.

Ikkinchidan, mamlakatning asosiy universitetlarida hududlar bo‘yicha toponimika bo‘yicha maqsadli magistratura va doktorantura yo‘nalishlarini tashkil qilish.

Uchinchidan, uzluksiz taʼlim tizimida tegishli fanlar, xususan, ona tili, davlat tili, shuningdek, adabiyot fanlari darsliklariga O‘zbekiston toponimlari bo‘yicha hamma o‘quvchi uchun muhim va qiziqarli maʼlumotlar, matnlar kiritish, shuningdek, toponimlarning talaffuzi va imlosiga alohida eʼtibor berish lozimligi bo‘yicha takliflar yuborish.

To‘rtinchidan, hozir katta shaharlarda hammaga maʼlum bo‘lmagan toponimlar o‘rniga ishlatilayotgan mo‘ljalni ifodalovchi katta va nufuzli obyektlarning nomlanishini nazoratga olish lozim.

Beshinchidan, toponimlarning izohli, etimologik va ensiklopedik lug‘atlari yaratilishi kerak. Shu bilan birga, kelajak avlodda o‘zlari yashab turgan joy nomlariga munosabatni o‘zgartiruvchi ilmiy-ommabop kitoblar, metodik qo‘llanmalar, o‘quv lug‘atlar yaratish, shuningdek, tanlovlar tashkil qilish lozim.

Inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan joy nomini eshitganda, o‘qiganda, yozganda entikib qoladi, chunki uning bolalik xotiralari, yoshligi, butun umri, vatan haqidagi his-tuyg‘ulari bir so‘zda mujassam. Har bir kishi toponimlarni muhofazalashi, targ‘ib etishi, to‘g‘ri qo‘llanishini nazorat qilishi kerak. O‘zi tug‘ilib o‘sgan joy nomining maʼnosini, kelib chiqish tarixini bilmaydigan, himoya qilmaydigan, o‘z shaʼni deb bilmaydigan kishi vatanparvar bo‘la olmaydi.

 

G‘ofir HAMROYEV,

Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining

2021-yil 29-sentabrdagi 194-soni

30.09.2021 710