"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Qahramon bilan uchrashuv

Ma’lumki, shu yilning avgust oyida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika instituti direktori Ayupov Shavkat Abdullayevichga «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilib, oliy nishon – «Oltin yulduz» medali topshirildi.

Fizika-matematika fanlari doktori, Butunjahon fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupov bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad Agentlik yoshlarini O‘zbekiston Qahramonining ibratli hayot yo‘li bilan tanishtirish, sohamiz rivoji uchun qimmatli maslahatlari va tavsiyalarini olish, yurtimizda ilm-fan yo‘nalishidagi ulkan islohotlar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat edi. Uchrashuvning ahamiyati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, olimning mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirish, Vatanimiz obodligi, turmushimiz farovonligini ta’minlash borasidagi katta xizmatlari, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda jadallik bilan olib borilayotgan tub islohotlar jarayonidagi tashabbuskorligi, davlat va xalq manfaatlari yo‘lidagi fidokorona mehnati, ishlab chiqarish va ijtimoiy-ma’naviy sohalardagi ko‘p yillik samarali va ibratli faoliyati, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan katta hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki yoshlar uchun juda ibratlidir.

Olim o‘z so‘zlarini Davlatimiz rahbari tomonidan oxirgi 5 yil davomida ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirgan islohotlari, qabul qilgan Farmon, qarorlari mazmun mohiyati, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida gapirish bilan boshladi. Prezidentlik lavozimiga kirgandan keyin Shavkat Mirziyoyevning ilk uchrashuvi ham aynan ilm ahli bilan bo‘lganligini alohida ta’kidladi. Shu o‘rinda, matematika sohasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtaldi, yosh matematiklarning xalqaro olimpiadalardagi yutuqlari va ularning respublika rahbariyati tomonidan munosib moddiy va ma’naviy taqdirlanishlari haqida to‘lqinlanib gapirdi. Ayniqsa, olimning renessanslar tarixi, ularning asoschilari, Uchinchi Renessans poydevorining asoschisi shaxsan Davlatimiz rahbari bo‘lganligi mamlakatni faqat sivilizatsiyaga yetaklashi tabiiyligi bo‘yicha bildirgan fikrlari yoshlarda qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuvda olim o‘zining ibratli hayot yo‘li, ilmiy ixtirolari, ularning ilm-fan rivojidagi ahamiyati, O‘zbekiston olimlarining xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni haqida misollar bilan haqida yoshlarga ma’lumot berdi. Haqiqatan ham, Sh.Ayupov – O‘zbekiston ilm-fani, oliy ta’limi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan olim, operatorlar algebralari, kvant ehtimollar nazariyasi va noassotsiativ algebralar sohasida dunyoga tanilgan zamonaviy ilmiy maktabning rahbari hisoblanadi.

  Mamlakatimiz va boshqa davlatlar matematiklar jamiyatlari orasida Sh.Ayupov operatorlar algebralari nazariyasi, nokommutativ integrallashlar nazariyasi va ularning kvant ehtimollar nazariyasiga tatbiqi bo‘yicha chuqur tadqiqotlar muallifi sifatida mashhur va yirik mutaxassis deb tan olingan. U noassotsiativ algebralar nazariyasida yangi ilmiy yo‘nalish – Leybnits algebralari tuzilishi nazariyasining asoschilaridan biridir.

Olim o‘z ustozi, mashhur akademik T.Sarimsoqovning sa’y-harakatlari bilan tashkil qilingan Toshkent funksional analiz maktabi an’analarini davom ettirib, hozirgi zamon matematikasining eng dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar saviyasini yanada yuqori darajaga ko‘tarish yo‘lida amalga oshirayotgan ishlari haqida gapirib berdi. Haqiqatan ham, ustozning ushbu yo‘nalishda bir qator iqtidorli yoshlarni tarbiyalab, davlatimizda yosh matematiklar va pedagog o‘qituvchilarning sifatini oshirishga qo‘shayotgan hissasi beqiyosdir.

Olimning dastlabki ilmiy ishlari noarximed normali maydonlar ustidagi topologik vektor fazolar nazariyasiga, maxsus halqalar gomomorfizmlariga va topologik modullar ikkilik nazariyasiga bag‘ishlangan.

Yigirma yilga yaqin vaqt ichida Sh.Ayupov va uning hamkasblari, shogirdlarining hamda Avstraliya, Rossiya, Gollandiya, JAR kabi mamlakatlar matematiklari tomonidan faol ravishda o‘rganilgan bu masala, hozirgi kunga kelib barcha tipdagi fon Neymana algebralariga nisbatan o‘lchovli va lokal o‘lchovli operatorlar algebralari uchun to‘la hal qilindi.        

Oxirgi yillari Sh.Ayupov va uning shogirdlari ishlarida, operatorlar algebralarining, Li va Leybnits algebralarining lokal hamda 2-lokal akslantirishlariga bag‘ishlangan bir qator ilmiy natijalar olindi.

O‘zining ilmiy tadqiqotlari natijalari bo‘yicha Sh.Ayupov 6 ta monografiya va 300 tadan ortiq ilmiy maqola e’lon qilgan. Ularning aksariyati xorijiy davlatlarning nufuzli xalqaro matematik jurnallarda chop etilgan. U oliy o‘quv yurtlarining matematika mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiydigan talabalarga mo‘ljallangan 6 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalari muallifidir.

  Sh.Ayupov ilmiy xizmatlarining katta e’tirofi sifatida uning O‘zRFA muxbir-a’zosi (1989-y.), O‘zRFA akademigi (1995-y.), Rivojlanayotgan Dunyo  fanlar Akademiyasining (TWAS) haqiqiy a’zosi (2003-y.), Abdus Salom nomidagi Xalqaro Nazariy Fizika Markazi (ICTP) a’zosi (2008-y.), Mongoliya fanlar Akademiyasi a’zosi (2008-y.) etib saylanganini ko‘rsatish mumkin. Sh.Ayupovning tavsiyasiga ko‘ra hamkasblari va shogirdlari orasidan beshtasi yosh fan doktori U.A.Rozikov, B.A.Omirov, K.K.Kudaybergenov, A.X.Xudoyberdiyev, E.T.Karimovlar TWASning yosh olimlar seksiyasi tarkibiga saylanishdi.

Ta’kidlash lozim, Shavkat Ayupov sermahsul ilmiy va ilmiy-tashkiliy ishlarini katta pedagogik va jamoatchilik faoliyati bilan muvaffaqiyatli qo‘shib olib boradi. Hozirda O‘zbekiston Milliy universitetida algebra va funksional analiz kafedrasida professor sifatida o‘rindoshlik asosida pedagogik ish olib bormoqda. U 10 nafar fan doktori va 40 dan ziyod fan nomzodlari tayyorlagan. Ulardan ko‘pchiligi yurtimizdagi va chet ellardagi universitet va ilmiy markazlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishmoqda.

Insoniylik sifatlariga ko‘ra Shavkat Ayupov haqiqiy ziyoli, juda tartibli, yuksak madaniyatli, yaxshi xulq egasi, haqgo‘y va adolatparvar insondir. Tadbirda qahramonimiz aynan shu sifatlarga alohida to‘xtalib, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ilm olish, doimiy izlanishda bo‘lish va doimo mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi. Inson kim bo‘lishidan qat’i nazar ilm olishi, har qanday yoshda o‘zining oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘lishi kerakligi haqida gapirib, o‘zi tanlagan kasbi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun faqat imtihonlar topshiriladigan fanlarnigina emas, balki hamma fanlarni chuqur o‘rganishi zarurligini hayotiy misollar bilan tushuntirib berdi.

Uchrashuvda olimning shogirdi, 31 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan yosh olim Abror Xudoyberdiyev ham ishtirok etib, o‘z ustozlari haqida to‘lqinlanib gapirdi.

Olim Agentlik yoshlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

 

06.10.2021 743