"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MUHTASHAM ONA TILIM!

Men bu til haqida til uchida gapirolmayman!

Gar o‘shandoq gapirsam onam xafa bo‘ladiganday. Chunki men aynan mana shu tilda orombaxsh allalar tinglab ulg‘aydim! Bu moʻtabar qo‘shiq so‘zlari mayin ohang og‘ushida har zarra qonimga dovur singib, so‘rilib ketgan. Ajab emaski, onajonimning yuragi ostida mitti vujud bo‘la turib ham tashqi muhitdan taralayotgan turkiy tovushlarni tanib va tanlab yotgan bo‘lsam?!

Bu so‘zlarim kimlar uchundir erish tuyulishi ham mumkin. Chunki tegra-atrofimizda faqat pasport maʼlumotlaridagina “o‘zbek” deya qayd etilgan, ammo begona tillarda biyron so‘zlab, o‘z ona tilini unutayozganlar ham oz emas ekan. Baʼzida ko‘cha-ko‘ydagi quloqqa chalingan suhbatlarni eshita turib, “xayriyatki, mustaqillikka erishibmiz, mabodo yana biron yil kechikkanimizda bormi?..” deya o‘zim bilan o‘zim bahsga kirishib ketaman.

Negaligini bilmadim-u, lekin men yurt haqida, millat haqida va albatta til haqida gapirganimda ehtirosga berilaman. Bu mavzularni ehtirossiz gapirib bo‘lmasa ham kerak aslida. Misol tariqasida “Milliy tiklanish” gazetasining joriy yil 22-sentabrdagi 33-sonida pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning “Til – milliy ruh uchun asosiy qo‘rg‘on” nomli maqolasini aynan mana shunday kuyunchaklik bilan yozilgan, deyish mumkin. Unda keltirilgan bir og‘iz parcha so‘z mening yuragimni “parchaladi” desam ishonavering! “Kompyuter valiylari tomonidan shu asrning oxiriga borib yo‘qolib ketishi bashorat qilingan o‘ttizta milliy til orasida bizning necha ming yillik tarixga ega ona tilimiz ham ko‘rsatilgani ushbu maqolada nolish ohangining biroz kuchayishiga sabab bo‘ldi”, deydi muallif. Men uchun ushbu so‘zlarning kim tomonidan eʼtirof qilinayotgani muhim emas, balki bu bashoratda ham jon bordir, ammo har ne holatning yuz berishida hammamizning ishtirokimiz mavjudligini unutmasligimiz kerak.

Baʼzi birovlarga “o‘z ona tilimizga hurmatda bo‘laylik, imkoni boricha sof o‘zbekcha suhbatlashaylik” degan so‘zni aytsang, “nima bo‘pti, qorishtirib gapirsak ham bir-birimizni tushunsak bo‘ldida, tilchi bo‘lmasak, shoir bo‘lmasak...” degan iddaosiga duch kelamiz. Nega axir, millat va til taqdiriga befarq bo‘lmaslik uchun aynan shoir yoki tilshunos bo‘lish shartmikan?! Bunday javobni berib turganlarni kim deb atashga ham hayron qolasan, kishi. Ularga nisbatan yana muhtaram olimimizning achchiq so‘zlarini yo‘llashdan boshqa chora qolmaydi: “O‘z uyingda, o‘z yurtingda, o‘z millating tilini oldinga surishni istamayapsan ekan, demak sen kimnikidirsan. O‘zbekniki emassan!..”

                      

Dadil ilk qadamning davomi

Bundan roppa-rosa 32 yil muqaddam, yaʼni 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilingan edi. Bu Qonunni hech shubhasiz, xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki va dadil qadami deyish mumkin. Yaratgan Egamdan so‘raganimiz bor ekan, Mustaqillikka ham erishdik! Ammo o‘tgan yillar mobaynida goh iqtisodiy, goh ijtimoiy masalalarning ko‘ndalang kelishi Ona tiliga bo‘lgan ehtiromning biroz chetga surilishiga sabab bo‘ldi, deyish mumkin. Shunday bo‘lsada yangi alifboni joriy etish, uni takomillashtirish masalalari kun tartibiga bot-bot chiqib turgani ham bor gap.

Ammo alohida qayd etish kerak, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi Farmonlari mazkur masaladagi barcha ishlarimizga ko‘lamdorlik baxsh etdi. Mazkur muhim hujjatlar asnosida mamlakatimizdagi mavjud barcha tashkilotlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchi ish o‘rinlari joriy qilindi. Bu esa, albatta turli tizimlarda davlat tilida ish olib borish jarayonidagi mavjud murakkabliklarning oldini oladi.

Hozirda men ham Energetika tizimidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida maslahatchi sifatida faoliyat olib boryapman. Tan olib aytish kerak, uzoq yillar yoppasiga “umumtil” deya eʼtirof qilingan va shu asosda ish olib borilgan energetika tizimlarida qo‘qqisdan davlat tilini tatbiq etib boshlash tabiiyki, oson kechmaydi. Shu desangiz, to hali-hanuz rus tilida berilgan nomlar “yashab kelmoqda”. Bu esa kelgusida qilinadigan ishlarimizning ancha mo‘l ekanligini ko‘rsatib turibdi.

 

Asosiy bayramlarimizdan biri

Biz nishonlanadigan yaxshilik kunlari, bayramlari ko‘p xalqmiz. Ayniqsa, Ona tabiat bilan uyg‘unlashib ketgan muhim sanalarimiz borki, bu ham bo‘lsa elimiz va tilimizning nechog‘liq qadimiyligidan dalil tashiydi.

Nihoyat 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi butun xalqimiz uchun quvonarli hol bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ushbu Qonun bilan har yili 21-oktabrni “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlash belgilandi. Endilikda bu kun butun mamlakatimiz bo‘ylab katta shodiyona tarzida qarshilanadi. Bu bayramni men qadr bobida Mustaqillik bayramidan keyin turadigan shodiyona kun hisoblagim keladi. Zero, butun dunyo xalqlari uchun ham o‘z ona tili milliy-madaniy o‘zak demakdir. Til masalasiga birgina muloqot manbayi sifatida qarash johillikdan boshqa narsa emas, nazarimda. Shunday ekan tilning sofligini saqlagan holda yosh avlodga yetkazilishi xalq taraqqiyoti va uning yorqin kelajagini belgilab beruvchi omillardan biridir.

Otamiz olib bergan “ulov”

Bizning tabiatimizda nima uchundir anchayin zoriqish yo bo‘lmasa zo‘riqishlar evaziga qo‘lga kiritilgan neʼmatlarga nisbatan eʼzoz va eʼtiborimiz o‘zgacharoq bo‘lib kelgan. Qolgan narsalarni biroz nazardan chetroqqa surib qo‘yamiz. Menimcha til masalasi ham aynan mana shu “surib qo‘yilgan”lar safida qolib yotibdi. Chunki bizning hech birimiz ona tilimizni himoya qilish borasida hech qanday jonbozliklar ko‘rsatmadik, yanayam to‘g‘rirog‘i, bunga katta ehtiyoj sezilgani ham yo‘q. Axir o‘z vatanimizda emin-erkin yashab kelmoqdamiz, dasturxonimiz – to‘kin, ust-boshimiz – but, huquqimiz – o‘z qo‘limizda.

Unasangiz, ona tilimizga har birimizning shaxsiy munosabatimizni ko‘zda tutib, bir so‘z aytaman:

Ko‘cha-ko‘yda mashinasini mahmadonalarcha boshqarib ketayotgan yosh-yalanglarga qarata: “Bu bola otasining puliga kelgan ulovda ketyapti shekilli, o‘zining beli og‘rib topmagani bilinib turibdi” degan gaplar qo‘llaniladi. Aynan mana shu muqoyasa bugungi bizning holimizga ham sharhdir, aslida. Bu yurtning haqiqiy Yurt bo‘lishi uchun, xalqini tobelik botqog‘idan olib chiqish uchun ne-ne qurbonlar berilmagan, deysiz?! Mol-dunyo ilinjida nafsi hakalak otib, ko‘zlari qonga to‘lib, bostirib kelgan yog‘iylarga qarshi ne bir qirg‘inbarot janglarning shohidi bu tuproq. Ming afsuski, bu ertaknamo sahnalar aksariyatimiz uchun kino tasmalaridagi shunchaki bir yoziq singaridir. Yuqoridagi so‘zimizga ulab aytadigan bo‘lsak, ota-bobolarimiz olib bergan “ulovni gijinglatib yuribmiz”. Bunga erishmoq ortidagi zahmat va mashaqqatlarni o‘ylashga ko‘pchiligimizda “vaqt yetishmaydi”, chunki shoshib turibmiz, bundanda muhimroq ishlar kutyapti, shunday emasmi?!

Bu kesatiqnamo gaplarni aytishdan maqsad bitta, u ham bo‘lsa jamoatchilikni biroz millatparvarlikka, elparvarlik va tilparvarlikka chorlashdir. Men shu fikrni komil ishonch bilan ayta olamanki, agar qalbimizda EGALIK HISSI va MILLIY G‘URUR TUYG‘USIni paydo qila olmas ekanmiz, orzularimiz orzuligicha qolaveradi.

O‘zlikni tanib, uyg‘onish

Uchinchi renessans – UYG‘ONISH davrini boshlab berish siz-u bizning chekimizga tushgan, aziz zamondosh! Bu tushuncha qaytadan tug‘ilmoq, yangilanish va evrilish degan maʼnolarda bo‘y ko‘rsatadi. Biz esa mana shu yuksak tushunchalarga poydevor yaratmog‘imiz, yosh avlod qadamlariga yelka tutmog‘imiz kerak. Buning uchun avvalo o‘zimizni, o‘zligimizni chuqur his qilishimiz talab etiladi. Oltin halqalardan iborat O‘TMISH – BUGUN – KELAJAK zanjirining uzviyligi va shu bilan birga mustahkamligini taʼminlash oson kechmasligi tayin.

Bunday ulug‘vor Maqsad sari mardona qadam tashlash avvalo Vatanga muhabbat, milliy iftixor, ajdodlarga hurmat va shuning barobarida avlodlarimizga izzat ramzi bo‘lgan Ona tilimizga ehtirom ko‘rsatishdan boshlanadi. Qolaversa, o‘z tilini asrab-avaylagan xalq o‘zligini ham asrab-avaylaydi, kun sayin yuksalib boradi!

 

VATAN - ONA BO‘LSA

Yaratganning inoyati-la,

Tug‘ilgaydir har bitta go‘dak.

Va ko‘ksida, aytishlaricha –

Urar ekan bemillat yurak!

 

Unda hali til yo‘q so‘zlashga,

Ingranadi gohi bezabon.

Soch toladek tomirlarida

Oqar faqat bobomeros qon.

 

Tug‘iliboq yorug‘ dunyoning

Nurlaridan qamashib ko‘zi.

Onasining qaynoq bag‘ridan

Panoh izlab topadi o‘zi.

 

Tomir otar egalik hissi –

Emar ekan mehr va oq sut.

Shu lahzadan borgaydir o‘sib –

Yuragida Vataniy maqsud.

 

Va boshlanar shirin bir xonish,

Kipriklari tutashgan palla.

Boshlab berar murg‘ak uyg‘onish –

Uxlatmoqqa aytilgan alla.

 

Ona tilda Ona tilidan –

Yuragiga qo‘shiq quyilar.

Endi uning tasavvurida

Hayot hikmat bo‘lib tuyular.

 

Yurt ishqiga yuraging to‘lsa,

Tuprog‘ini o‘pib, tavof qil.

O‘zbekiston Onamiz bo‘lsa –

Oq sutidir O‘zbekona til!

Orif TO‘XTASH,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir.

“O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi

13.10.2021 695