"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Parijda “O‘zbek tili bayrami” kuni nishonlandi

Mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasida tobora yaqinlashib kelayotgan «O‘zbek tili bayrami»ga bag‘ishlangan madaniy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda ushbu mamlakatdagi vatandoshlar vakillari, xorijlik o‘zbek tili va adabiyoti olimlari va ixlosmandlari hamda o‘zbekistonlik talabalar qatnashdi.

O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi elchisi Sardor Rustamboyev O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlarni tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola qildi.

Tadbirda Fransiya ijtimoiy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi, navoiyshunos olim Mark Tutan hamda o‘zbekistonlik tadqiqotchi Dilnoza Doto‘rayeva o‘zbek tilining tarixi va rivojlanishi to‘g‘risidagi maʼruza bilan ishtirok etdi. Ular o‘zbek mumtoz adabiyotining rivojlanish bosqichlari hamda o‘zbek tilini bugungi kundagi rivojlanishi bilan bog‘liq fikrlarini o‘rtoqlashdi.  

Shu bilan birga, vatandoshlarimiz ishtirokida sheʼrxonlik va “Siz o‘zbek tilini bilasizmi?” viktorinasi ham o‘tkazildi. Unda 1-o‘rinni egallagan Parij Nanter universitetining magistranti Humoyun Boboyev, 2-o‘rin sohibi - Versal pedagogika institutining magistranti Xurshid Fayzullayev va 3-o‘rin egasi - Versal pedagogika institutining magistranti Mohidil Xonimqulova esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Fransiya Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy institutida (INALCO) o‘zbek tilidan tahsil olayotgan talabalar ham ushbu tadbirda ishtirok etishdi.

Dilnoza Doto‘rayeva, Fransiya ijtimoiy tadqiqotlar instituti tadqiqotchisi:

“O‘zbek tili bayrami” doirasida biz bugun ona tilimizning tarixi va rivojlanishi bo‘yicha o‘z fikrlarimizni o‘rtoqlashdik. Agar biz tilimizni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, uning yozma kontentini boyitib bormog‘imiz lozim. Ilm-fan va boshqa sohalarda uning qo‘llanilishini kengaytirishimiz kerak. Dunyodagi tadqiqot ishlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishimiz kerak. Olimlarimiz o‘zbek tilida tadqiqot ishlarini ko‘paytirishsa, tilimiz yanada ravnaq topadi.

Pyer Giyom, Fransiya Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti talabasi:

- Men INALCOda o‘zbek tilini o‘rganayapman. O‘tgan yili Toshkent shahriga bordim. Xalqingizning madaniyati va tarixini o‘rgandim. Bugun esa O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida o‘zbek tili kuniga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ldim. O‘zbekistonliklarning barchasini yaqinlashib kelayotgan O‘zbek tili kuni bayrami bilan tabriklayman.

Mirzohid Rahimov, tarix fanlari doktori:

Bugun elchixonada vatandoshlar va fransiyalik mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan “O‘zbek tili bayrami” tadbirida ishtirok etganimdan baxtiyorman. Men hozirgi kunda Fransiya milliy kutubxonasi va Milliy arxivida izlanishlar olib borayapman. Aytib o‘tish kerakki, o‘zbek tilining mavqeini xalqaro darajada targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘p ishlar olib borilmoqda. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimni ostonada turgan ushbu bayram bilan tabriklayman.

dunyo.info

15.10.2021 550