"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • O‘zbekistonda ilk bor xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan talabalar o‘rtasida “O‘zbek tilida notiqlik sanʼati” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi

O‘zbekistonda ilk bor xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan talabalar o‘rtasida “O‘zbek tilida notiqlik sanʼati” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” va universitetning 90 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda ilk bor xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan talabalar o‘rtasida “O‘zbek tilida notiqlik sanʼati” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.

Mazkur tadbir Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, “Ishonch” savdo do‘konlari tarmog‘i va “Murad Buildings” kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning kirish qismida so‘z olgan Toshkent davlat iqtisodiyot iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Mansur Eshov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Dilshodjon Rahmonov, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odinaxon Jamoldinova, “Murad Buildings” kompaniyasining PR bo‘limi boshlig‘i Sanjar Ro‘ziboyev, “Ishonch” kompaniyasining Marketing kommunikatsiyalari bo‘limi boshlig‘i Alisher Boyqo‘ziyev va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy ishlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.

Taʼkidlandiki, hozirgi kunda O‘zbekiston nafaqat ko‘p millatli fuqarolar yashaydigan mamlakatga, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlar fuqarolari taʼlim oladigan maskanga aylanib bormoqda. Xorijliklar o‘rtasida o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib, ular o‘zaro muloqotning afzal vositasi sifatida o‘zbek tilidan keng foydalanib kelmoqdalar.

Ko‘rik-tanlovda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalarining xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan talabalar o‘zbek tilidagi notiqlik sanʼati bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

Mazkur tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad O‘zbekistonda yashab, tahsil olayotgan xorijiy talaba va fuqarolar o‘rtasida O‘zbek tiliga hurmat va muhabbat tuyg‘ularini ommalashtirish, o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish va boshqa millat vakillariga o‘zbek tilini o‘rganishlarida yaqindan yordam berishdir. Respublikada joylashgan barcha oliy taʼlim muassasalari tomonidan ushbu tadbirga qiziquvchilar soni ko‘pchilikni tashkil qildi.

Ko‘rik-tanlovda nafaqat Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Afg‘onistonlik xorijiy talabalar balki Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston va Pokiston, okean orti bo‘lmish Amerika Qo‘shma Shtatlari va Afrika qitʼasining Zimbabve Respublikasi fuqarolari qatnashganliklari va ushbu ko‘rik tanlovga qiziqish bildirganliklari O‘zbek tilining chet el vakillari nigohida ommalashayotganligidan darak beradi.

Tadbir davomida turkmanistonlik, pokistonlik,  xitoylik va korealik talabalar o‘zbek tilida kuy va qo‘shiqlar ijro etib, do‘stlik qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbirning taqdirlash qismida so‘z olgan Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamentining mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratilganini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini taʼminlabgina qolmay O‘zbekiston hududida istiqomat qiluvchi va mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan barcha millat va elatlarning tillarini hurmat qilinishini taʼminladi. Yurtimizga o‘qish uchun kelgan chet el fuqarolarining o‘zaro muloqotida o‘zbek tilining ahamiyati ortib borayotgani quvonarli ekanligini taʼkidladi.

O‘zaro hurmat va do‘stona muhitda o‘tgan ko‘rik-tanlovning turli nominatsiyalari bo‘yicha quyidagi xorijiy talabalar sovridorlar qatoridan o‘rin oldilar:

1-o‘rin — Carter Hall (AQSH), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi;

2-o‘rin — Jung Ju Young (Janubiy Koreya) va Ye Hanwen (Xitoy) Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari;

3-o‘rin — Zolotuxina Anastatsiya Vadimovna (Rossiya Federatsiyasi), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi.

Ushbu xorijlik talabalar “Ishonch” kompaniyasi homiyligida qimmatbahor sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

1-o‘rin — Jung Woosung (Janubiy Koreya), Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti talabasi;

2-o‘rin — Ahmed Qadeer (Pokiston Islom Respublikasi), Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi;

3-o‘rin — Badmus Opeyemi Hammed (Nigeriya Federativ Respublikasi) Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti talabasi.

“Murad Buildings” kompaniyasi tomonidan ushbu talabalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

1-o‘rin — Saʼdullayev Daniyar Baxtiyar o‘g‘li (Turkmaniston Respublikasi), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi;

2-o‘rin — Ashirova Shahriza Genjebayevna (Turkmaniston Respublikasi), O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasi;

3-o‘rin — Zubaida Khawar (Afg‘oniston), Toshkent davlat agrar universiteti talabasi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ushbu sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talabalarni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi.

Tadbir ishtirokchilariga va g‘oliblariga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va ushbu ko‘rik-tanlovni o‘tkazishda yaqindan yordam bergan homiylar “Murad Buildings” va “Ishonch” do‘konlar tarmog‘i tomonidan noutbuklar, televizor, planshet, aqlli soatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.


Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Matbuot xizmati

18.10.2021 654