"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • AKT vazirligida “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

AKT vazirligida “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

21-oktabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil to‘lganligi hamda “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan,  Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Davlat tilida ish yuritish asoslarini oqitish va malaka oshirish markazi hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.


Tadbirda Vazirlik markaziy apparati departament, boshqarma va bo‘limlari xodimlari bevosita, shuningdek, Vazirlikning hududiy boshqarmalari, tizimdagi korxona va tashkilotlar vakillari videokonferensaloqa ko‘rinishida ishtirok etishdi.

Davra suhbati avvalida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub “Ona tilim o‘lmaydi” sheʼri Vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokida tayyorlangan viderolik tarzida namoyish etildi.


Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari J.Egamberdiyev Vazirlikda davlat tilini rivojlantirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, xususan, ish yuritish tizimi to‘liq davlat tilida yo‘lga qo‘yilganligi, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” tayyorlanganligi, Vazirlar Mahkamasining “Axborot tizimlarining davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlash chora-tadbirlari togrisidagi qarori loyihasi ishlab chiqilganligi, Vazirlik xodimlari muntazam ravishda davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatlarni olish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etib kelayotganligi, shuningdek, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududlardagi filiallariga doimiy ravishda o‘qish uchun yuborilayotganligi to‘g‘risida maʼlumotlar berdi.

Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mas’ul xodimi Rustam Mirvohid hukumat tomonidan davlat tili nufuzi hamda mavqeyini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan rahbarlarning Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchilar tomonidan qilingan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.


Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov markazning maqsad va vazifalari, amalga oshirayotgan ishlari xususida ma’lumot bergan bolsa, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Aziz Eminov jamgarma tomonidan davlat tilini rivojlantirish maqasadida chop etilgan kitob va oquv-qollanmalar haqida ishtirokchilarni tanishtirdi. Chop ettirilgan kitoblar taqdimoti tashkil etildi.


Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi “UNICON.UZ” DUK tomonidan taqdim qilingan loyiha ustida ish olib borilayotganligi, Vazirlik tomonidan tayyorlangan “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” yaqin bir oy ichida chop etilishi va ushbu lug‘at nafaqat Vazirlik hamda uning tizimidagi tashkilotlar, balki respublikamizdagi barcha tashkilotlar uchun zarur qo‘llanma bo‘lishi ta’kidlandi.

21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil to‘lganligi hamda “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub “Ona tilim o‘lmaydi” sheʼri asosida viderolik tayyorlandi.

 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini

rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmati

19.10.2021 569