"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Milliy yuksalishga chorlovchi kuch

Ona tili – milliy o‘zligimiz timsoli. Til – millat va Vatan tushunchalari kabi muqaddas sanaladi. Shu bois uni Vatan kabi asrash, himoya qilish lozim. Yurtimizda O‘zbek tili bayrami kunining alohida sana sifatida nishonlanayotgani ana shu yo‘ldagi muhim qadamlardan biridir.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Davlat tili va maʼnaviyat – jamiyatning ikki ustuni” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda ona tilimizning barhayot kuch-qudrati ulug‘landi. Maʼnaviy-maʼrifiy kechaga Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidan vakillar, taniqli olim va adabiyotshunoslar bilan bir qatorda, Akademiya kursantlari, Vazirlik qoshidagi akademik litseylar hamda ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari taklif etildi.

– Har bir millat o‘z ona tili bilan tirikdir. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ona tilimiz tom maʼnodagi davlat tiliga aylanib, xalqimizni buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Ayniqsa so‘nggi besh yilda ona tilimizni rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi maqomi va mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga katta eʼtibor qaratilmoqda, – dedi taʼlim maskani rahbari, polkovnik Rustam Xatamov.

Tilshunos olimlarning eʼtirof etishicha, O‘zbek tili bayrami xalqimiz maʼnaviy hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ahamiyatga molik.

– Muhtaram Prezidentimiz “Yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”, deya bejiz taʼkidlamadilar. Chunki, o‘zligini tanigan har bir millat ona tili va adabiyotini asrab-avaylaydi, uning rivoji yo‘lida bor kuch-salohiyatini safarbar etadi, - dedi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev.

Bugun ichki ishlar organlarida ham davlat tilining nufuzi va mavqeyini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish va qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Muhtarama Ulug‘ova, Ichki ishlar vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidbek Ro‘ziyev va boshqalar so‘z olib, mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan bebaho maʼnaviy boyligimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish, ona tilimizning mavqeyini yana-da oshirish, bu borada o‘zbek tilshunosligida erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi muhim vazifalar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Akademiya iqtidorli kursantlar kengashi faollari tomonidan ona tilimizni madh etuvchi sheʼrlar aytildi.

– Tilni qadrlash ona Vatanni eʼzozlash bilan barobar, – deydi IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim 3-bosqich kursanti Muhammadyusuf Sayfullayev. – Yurtimizda davlat tiliga eʼtibor bugun har qachongidan ham yuqori. O‘quv muassasamizda “Cho‘lpon izdoshlari”, “Kitobxonlik”, “Yosh jurnalistlar”, “Mahoratli suxandonlar” singari to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, kursantlarning o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Badiiy ijodga qiziquvchan yoshlar o‘z mahoratlarini oshirib kelishmoqda.

Tadbirda Akademiya tomonidan otaliqqa olgan 121-sonli o‘rta umumtaʼlim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” insholar tanlovi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va IIV Akademiyasi hamkorligida suratga olingan “Cho‘lpon. Qush esdaligi” nomli hujjatli film namoyish etildi.


Ichki ishlar vazirligi akademiyasi

Matbuot xizmati

20.10.2021 525