- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- Milliy o‘zligimiz timsoli
Milliy o‘zligimiz timsoli
Poytaxtimizdagi Adiblar
xiyobonida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib
o‘tdi.
O‘zbek tiliga Davlat tili
maqomi berilganining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda
Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti
rahbari Abdug‘affor Qirg‘izboyev mamlakatimizda
o‘zbek tiliga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Prezidentimizning O‘zbek tili
bayrami munosabati bilan xalqimizga bayram tabrigida ona tilimizni
rivojlantirishga oid dolzarb masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilab
berilgan. Mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirish, bu
boradagi amaliy ishlar, tadqiqotlarni rivojlantirish, zarur qo‘llanma,
lug‘atlar, ilmiy-ma’rifiy manbalarni yaratish, uning targ‘botini kuchaytirish
borasida jadal ishlar olib borilmoqda.
Ona tilimizni rivojlantirish
borasida muayyan qonunchilik tizimi yaratilgan. Davlat tilining nufuzini va
mavqeini oshirish borasida ko‘plab davlat tuzilmalari faol hissa qo‘shmoqda.
Uchinchi Renessans poydevorini yaratish jarayonida bu yo‘nalishdagi ilmiy
izlanishlarni faol qo‘llab-quvvatlash, joylarda o‘zbek tiliga oid me’yor va
qonunchilikka amal qilinishini tartibga solish, yosh ijodkorlarni
rag‘batlantirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin
Sayyid Prezidentimizning bayram munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram
tabrigi ona tilimizni yanada rivojlantirish, unga bo‘lgan e’tiborni
kuchaytirish borasida muhim dasturilamal ekanini ta’kidladi. Mamlakatimizda
kitobxonlik, milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish yuzasidan amaliy ishlar ona
tilimizga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Darhaqiqat, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining
yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab,
tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotganining yana bir
amaliy namunasidir.
Mamlakatimizdagi oliy ta’lim
muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar o‘zbek tilining nafosati va
jozibasi xususida atroflicha so‘z yuritdilar. Zero, bugun jahon miqyosida ham
o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotgani xorijlik talabalarning
samimiy dil so‘zlarida ham zohir bo‘ldi.
– O‘zbek tilining go‘zalligi,
boyligi hazrat Alisher Navoiyning asarlarida yaqqol aks etadi, – dedi Toshkent
irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti talabasi, AQSHlik Karter Hall. – O‘zbek tiliga bo‘lgan
hurmat va ehtiromimiz Navoiy asarlari orqali yanada ortmoqda.
– Bugun o‘zbek tilida
so‘zlashuvchilar ellik milliondan ortdi, – dedi Toshkent davlat agrar
universiteti talabasi, afg‘onistonlik qiz Zubayda
Xovar. – Bu o‘zbek tilining yirik til ekanining yana bir isbotidir. Agar
o‘zbek tilini sevadiganlar bu tilga e’tibori va mas’uliyatini yanada
kuchaytirsa, u yanada rivojlanadi.
– Men o‘zbek tilshunosligiga
doir tadqiqotlar olib bormoqdaman, – dedi Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti talabasi xitoylik Ye Xanven.
– Shu sababli o‘zbek shoirlarining she’rlarini sevib mutolaa qilaman. bugungi
anjumanda o‘zbek tilida so‘zlash men uchun katta sharafdir.
Tadbirda o‘zbek shoirlari
ijodidan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojot
Yo‘lchiyeva, Yunus Rajabiy nomidagi maqom jamoasi ijrosidagi dilbar qo‘shiqlar
tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Tantanali yig‘ilish
ishtirokchilari hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Tadbirda O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor
Abduvohitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Behzod Musayev ishtirok etdi.
O‘zbek tili bayrami
munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA
uza.uz