"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!

Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, turmush tarzi, o‘lmas tarixidir. Shunga ko‘ra millatning yashashi va ravnaq topishini ona tilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ona tilimiz hisoblangan o‘zbek tili tarixi o‘zbek millatining bor kechmishi, taraqqiyotini o‘zida aks etdirgan katta tarixga ega til bo‘lsada, 1989-yilning 21-oktabrida sobiq ittifoq davrida qabul qilingan “Davlat tili haqida” gi Qonun bilan o‘zbek tili birinchi marta davlat tili maqomini olishga musharraf bo‘ldi.

2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan esa 21-oktabr sanasi mamlakatimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilandi. O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan bepoyon Vatanimizning viloyatlari, shahar va qishloqlarida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar bayramona ruhda o‘tkazilishi belgilandi. Jumladan, Toshkent viloyatining 22 ta shahar-tumanlarida joriy yilning sentabr-oktabr oylarida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Toshkent viloyatining O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan katta bayram tadbiri Chirchiq shahridagi o‘zbek adabiy tilining asoschisi hisoblangan ulug‘ mutafakkir bobomiz hazrat Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan maydonda boshlandi. Viloyatimiz faollari, korxona va tashkilot rahbarlari, ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba yoshlar ishtirokida o‘tgan anjumanda so‘zga chiqqanlar milliy o‘zligimizning yorqin timsoli bo‘lgan ona tilimizning jahon tillari o‘rtasida tutgan o‘rni, imkoniyatlari, til boyligi, jozibadorligi, davlat tili sifatidagi mavqeyini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami to‘g‘risida fikr yuritdilar. Jamoatchilik vakillari tomonidan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Viloyat madaniy-ma’rifiy tadbirining asosiy qismi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlangan nafosat anjumanida Toshkent viloyati hokimi D.A.Hidoyatov ishtirok etdi va viloyat ahliga bayram tabrigini bildirib, tilimiz ravnaqi yo‘lida ish olib borayotgan bir guruh ziyolilarni viloyat hokimligining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. Tadbirda so‘zga chiqqan Nazira as Salom, shoira Bibisora Turobova va boshqalar o‘zbek tilining so‘z boyligi, tilimizdagi so‘zlarning qudrati, til ravnaqi badiiy adabiyotda o‘z aksini topishi, ijod namunalarini o‘qish, o‘rganish borasidagi vazifalar, tilimiz kelajagi uchun har bir fuqaro mas’ulligiga to‘xtalib o‘tdilar.

Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo‘shiqlarning she’r va g‘azallar uyg‘unligida o‘tgan Toshkent viloyatidagi o‘zbek tili bayrami haqiqiy ma’naviy ozuqa beruvchi tadbir sifatida yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Viloyatimiz bo‘ylab bayram tadbirlari davom etmoqda.


S.S.Fayzullaev

Toshkent viloyati hokimining maslahatchisi

27.10.2021 400