"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til rivojiga bag‘ishlangan anjuman

Buxoro viloyati hokimligi, BuxDU Pedagogika instituti hamkorligida “Zamonaviy tilshunoslikning milliy yuksalish va ilmiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi B.Zaripov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi rahbari I.Azimov, BuxDU rektori O.Hamidov, Oliy Majlis Senati aʼzosi, falsafa fanlari doktori A.Huseynova, taniqli tilshunos olimlar M.Abuzalova, B.Bahriddinova va boshqalar tilshunoslikning anʼanaviy va zamonaviy yo‘nalishlari, davlat tilining sofligini saqlash, lingvistik komptensiyani shakllantirish muammolari, o‘zbek tili raqamli resursining takomillashtirilish, ona tili fani metodikasi o‘qitilishining dolzarb jihatlari xususida fikr almashishdi.

— So‘nggi yillarda ona tilimizning mavqeyini oshirish, uning davlat tili sifatidagi mavqeyini yuksaltirish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo shuni ham taʼkidlash joiz biror soha rivojiga ilmiy asosda yondashuv bo‘lmasa, u sohada taraqqiyot bo‘lmaydi,–deydi Buxoro viloyati hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov.

— Bugungi seminar tilimizni rivoji oldida turgan muammolarga ilmiy yechimlar o‘rtaga tashlandi. Xususan, ayni paytda ona tilimiz faol so‘zlashuv tili bo‘lgani holda zamonaviy texnologiyalar, kompyuterda undan foydalanish imkoniyatlari nisbatan kam. Gap faqat matn kiritish haqida ketmayapti. Ingliz, rus tillarida kiritayotgan matningizdagi so‘zlarni xato yoki to‘g‘riligini bevosita aniqlashtirib, ostiga to‘lqinli chiziq chizgan holda xabar beradigan dasturlar mavjud. Endilikda ona tilimizda ham ana shunday dasturlarni yaratish talab etiladi.

Qolaversa, qurilish, tibbiyot, texnologik uskunalar sohalarida ko‘pgina atamalar ajnabiy tillarda yuritilmoqda. Holbuki chuqurroq tadqiq etilsa, ana shunday atamalarning ona tilida ham tegishli muqobillari mavjud. Endilikda atamalar lug‘atlari yaratish ham dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi.

Anjuman yalpi yig‘ilishidan so‘ng o‘z ishini shoʻbalarga bo‘lingan holda davom ettirdi.

Buxoro viloyati hokimligi Matbuot xizmati

03.11.2021 415