"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Xalq yozuvchisi bilan uchrashuv

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton bilan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar va so‘z ixlosmandlari ishtirokidagi tadbirda universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov Isajon Sulton asarlarining bugungi o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni, badiiy saviyasi haqida alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, adibning yangi chop etilgan «Alisher Navoiy» romani adabiyot olamida katta voqelik bo‘lganini e’tirof etdi.

Adabiy kechada professorlar Bahodir Karimov, Abdulla Ulug‘ov, dotsent Umida Rasulova va boshqalar Isajon Sulton nasri jozibasi, o‘ziga xosligi, adibning badiiy salohiyati yuqori ekanligini alohida e’tirof etishdi.

– Hazrat Navoiyning hayot yo‘lini yoritish uchun hamma ham kuch topa olmaydi, –deydi adabiyotshunos olim Bahodir Karim.– Buning uchun yozuvchida salohiyat, ilm va katta sabr kerak. Isajon Sulton ana shu hislatlarga ega ijodkor. Bunga yangi chop etilgan «Alisher Navoiy» romani yaqqol misoldir. Ushbu roman shunchaki yozilgan asar emas. Bu ijodkorning uzoq yillik ijodi, mehnati samarasi o‘laroq dunyo yuzini ko‘rgan. Asar yengil o‘qilmaydi. Unda har bir gapda olam ma’no, turli mulohaza anglashiladi. Qolaversa, Isajon Sulton Oybek domlaning Navoiy romanidan qariyb 80 yil o‘tib, ushbu romanni yozishga jasorat qilganligi bilan ham ahamiyatli.

Isajon Sultonning «Alisher Navoiy» romani uch ming nusxada, «Adabiyot» nashriyotida chop etilgan.

Adabiy kecha so‘nggida yozuvchi Isajon Sulton ijod mashaqqati, quvonchi va iztirobi haqida gapirdi. Yangi chop etilgan «Alisher Navoiy» romanining yozilish tarixi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Yozuvchi talabalar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Ijodkor o‘quvchilar bilan o‘zining tajriba va mahoratlarini bo‘lishdi.

 

D. Mamatova, O‘zA

05.11.2021 518