"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili taraqqiyoti: muammo va yechimlar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tomonidan universitet binosida “Davlat tili taraqqiyoti: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjuman o‘zbek tilining bugungi kundagi o‘rni, ahamiyati, imlo masalalari, davlat tili sifatida nufuzi, lug‘atlar tuzish bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, ta’lim bosqichlarida davlat tilining o‘qitilishiga doir soha mutaxassislarining tadqiqotlari, izlanishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Sh.Sirojiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Rahimjon Hakimov va boshqalar bugungi kunda o‘zbek tili rivojiga va uning nufuzini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini alohida qayd etdi.

Anjuman yalpi majlisida tegishli tashkilotlar, tilshunos olimlar tomonidan o‘zbek tilining bugungi kundagi o‘rni, ahamiyati, davlat tili sifatida nufuzi, davlat tiliga munosabat, imlo masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, til masalasidagi muammo va uning yechimlari, lug‘atlar tuzish bilan bog‘liq masalalar, davlat tilida ish yuritishdagi muammoli va mulohazali masalalar bo‘yicha chiqishlar muhokama qilindi.

Yalpi yig‘ilishdan so‘ng “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi”, “Davlat tilida ish yuritish masalalari”, “Neyming(nomlash) tilshunosligi va tashqi yozuvlarni tartibga solish masalalari”, “Soha lug‘atlarini tuzish va terminologiya masalalari” hamda “Ta’lim bosqichlarida davlat tilining o‘qitilishi masalalari” mavzularida alohida sho‘balarga bo‘lingan holda anjuman o‘z ishini olib bordi.



D.Mamatova,

O‘zA

06.11.2021 452