"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkin

Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Konstitutsiyamizning 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tilidir.

Shuningdek, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 9-moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi 

va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi.

Shu bilan birga, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 10-moddasiga ko‘ra korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin. 

Biroq bugungi kunda ayrim davlat tashkilotlarida ish yuritish davlat tilida emas, balki boshqa tillarda olib borish holatlari kuzatilmoqda. 

Bu o‘z navbatida davlat tiliga bo‘lgan hurmat va eʼtiborning pasayishiga sabab bo‘lmoqda. 

Shuningdek, qonunchiligimizda ushbu normalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasi “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan bo‘lsa-da, ushbu modda davlat organlari 

va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq munosabatlarni qamrab olmagan.

Bu hol baʼzi davlat organlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilmasligiga va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda.

Yuqoridagi holatlarning oldini olish, davlat tilining nufuzini oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni qatʼiy belgilash, ushbu talabga rioya etmagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalarini belgilash lozim. 

Shuni eʼtiborga olib, Hukumat topshirig‘iga asosan, loyihada davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilash nazarda tutilib, O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 42-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. 

Yaʼni ushbu moddaga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” degan to‘ldirish kiritilmoqda.

Loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning davlat tili sohasidagi qonunchilik tajribasi o‘rganildi. 

Qonun qabul qilinishi natijasida davlat organlari, korxonalari 

va tashkilotlarida ish yuritishning to‘liq ravishda davlat tilida amalga oshirilishiga, ushbu sohada mansabdor shaxslarning masʼuliyati oshishiga va o‘z o‘rnida, davlat tilining rivojlanishi hamda unga bo‘lgan eʼtiborning ortishiga olib keladi. 

Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirildi. Ushbu loyiha yuzasidan fikr-mulohaza va takliflaringizni kutib qolamiz.

Adliya vazirligi 

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


26.04.2020 552