"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ibrohim TOHIRIY: til, atama va imlo bahslarida milliy asoslarimizni unutmaylik!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini yetti yo‘nalishdan iborat etib belgilab berdi.  Shuningdek, yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy omillar bilan birga, ma’naviy va ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“Hammamiz yaxshi tushunamiz, agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etadigan kuchli ma’naviyatga tayanamiz. Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshiramiz. Milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini oshirish, madaniyat va san’atni yuksaltirish bilan bog‘liq vazifalar doimiy kun tartibimizda turadi”, dedi davlatimiz rahbari.

Aytish kerakki, til mavzusi, uni himoya qilish, sofligini saqlash azaldan dolzarb vazifalardan bo‘lib kelgan. Tarix sahifalarini varaqlasak, Ibrohim Tohiriy o‘tgan asrning boshlarida ona tilimiz ravnaqi uchun kurashgan millat fidoiylaridan biri bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz. U haqida aytarli ma’lumotlar saqlanmagan bo‘lsa-da, “Tarixning noma’lum sahifalari (4-kitob)” asarida tatar ziyolilaridan ekanligi ta’kidlab o‘tilgan. H.Jamolxonov va A.Umarovlar tomonidan nashrga tayyorlangan “O‘zbek yozuvining XX asr tarixi” kitobida jonkuyar ziyolining ikkita maqolasi berilgan. Ular asosida Ibrohim Tohiriyning o‘zbek adabiy tili, imlo, singarmonizm bo‘yicha qarashlarini bayon qilishga harakat qilamiz.

Ma’lumki, 1929-yilning may oyida Samarqandda respublika til-imlo konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Mazkur konferensiya oldidan tilshunoslarning til, imlo masalalari bo‘yicha qarashlari, takliflari matbuot orqali berib borilgan. Ibrohim Tohiriyning ham “Til, atama va imlo bahslari. Til, alifbe va yozuv masalalari” maqolasi “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1929-yil 81-va 82-sonlarida e’lon qilingan.

 

Chetdan so‘z o‘zlashtirishda hushyorlik kerak!

Ibrohim Tohiriy o‘z maqolalarida chetdan so‘z o‘zlashtirish hodisasini ijobiy holat sifatida baholaydi. Chunki fan, madaniyat, ishlab chiqarish rivojlangani sari yangi so‘zlar istaymizmi, istamaymizmi kirib kelaverishini, ularni milliy lingvistika qonunlari bilan tilimizga moslashtirish lozimligini aytadi. Jumladan, o‘z chiqishlarida shunday deydi: “Chunonchi, har xil tarixiy, ijtimoiy, iqtisodiy sabablar bilan bizning tilimizga arab, forsiy, usmonli ta’siriga tushib qolg‘an ekan, bu katta fojea emas, bu hodisa har bir tilda bo‘ladi. Bu hodisa xalqning orqada qolg‘anini ko‘rsatmaydi, balki orta borg‘an madaniyatini ko‘rsatadi. Rubakin o‘zining “Tillar tarixi” kitobida ingliz, fransuz va nemislarning tillarida 35 foiz chet so‘zlari borlig‘ini ko‘rsatadi. Ruslarda esa bundan ham ko‘brak deydi. Bizda esa burundan ham ko‘b bo‘lib o‘zgarish ta’siri bilan yana yangi so‘zlar madaniyat mundarijasining quroli bo‘lib, bosib keta yotir. Bunga qarshi turishg‘a hech kimning qo‘lidan kelmagani kabi, qarshi turish ham yaramaydi. Faqat tilimizga yangidan kiradurgan so‘zlarni ratsional yo‘l bilan o‘z ahli tomonidan ommalashtirishga fanniy suratda, lingvistika qonunlari bo‘yincha ularga yo‘lboshchilik qilishg‘ag‘ina majburmiz”.

Ibrohim Tohiriy tilga so‘zlar 2 xil ko‘cha (yo‘l) orqali kirib kelishini aytadi. Birinchi ko‘chada so‘zlar turli madaniyat qurollari orqali o‘zlashtiriladi. Masalan, samovar, choynak, kalavot kabi. Ikkinchi ko‘chada esa maktab, adabiyot va tarjima orqali kirib keladi. Birinchi yo‘l tabiiy yo‘l bo‘lib, bunda xalq so‘zlarni o‘ziga moslab, o‘z tili qolipiga solib qabul qiladi. Ziyolining ta’kidlashicha, “Birinchi ko‘cha bilan bizga va boshqa xalqlarga chet so‘z juda oz kirib, uning bilan barobar omma unday so‘zlarni ma’nosi buzildi deb turmaydi, o‘zining til qolipiga sola beradi. Bunday so‘zlarni hech bir xalq tarjima qilmaydi. Ruslar totorlar bilan munosabat boshlag‘an kunlarida o‘zlarining madaniyat xazinalari kambag‘alligidan totorlardan juda ko‘p so‘zlar oldilar. Bo‘ron, tumon, bozor, saroy so‘zlari kabi, O‘zbekistondan, Qozog‘istondan palov, choyxona, machit, madrasa, kurdyuk, kumыs kabi so‘zlarning ham allaqanchasi rus tiliga huquqli so‘z bo‘lib kirib ketdilar, biroq bu so‘zlarni hech kim rus tiliga tarjima qilishni o‘ylag‘an emas. Mana bu yo‘l, tabiiy yo‘l bizda ham shul holicha borishi kerak”.

 

“Chig‘atoy gurungi”da kechgan munozaralar

O‘sha paytdagi eng katta muammolardan biri chetdan kirib kelgan so‘zlar, ularning imlosi masalasi edi. Gazeta va jurnallarda tatarcha, turkcha, ruscha (u orqali boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlar) turlicha yozilib kelganini, bu nashrlar qaysi hududdan chiqishiga qarab turli sheva elementlaridan faol qo‘llanilganini ko‘ramiz.

Bu jarayonda, ayniqsa, Fitrat boshchiligidagi “Chig‘atoy gurungi” faoliyatini alohida ta’kidlash joiz. Ular tilimizga kirib qolgan yot so‘zlarning o‘zbekcha muqobilini topishni, tilimizni milliylashtirishni, o‘zbekcha muqobili bo‘lmagan o‘zlashma so‘zlarni o‘zbek adabiy tili me’yorlariga moslashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Bu haqda Fitrat shunday yozadi: “Tilimizning o‘z boyligi (mustaqil) bo‘lib turishi uchun gaplarga va yozuvimiz aro kirib qolg‘an yot so‘zlarning o‘zbekchalarini ilkimizdan kelgancha oxtarib topib ishlaylik. Turkchasi topilmagan so‘zlar va istilohlar bor ersa, ularni chiqarib tashlab, o‘runlarini bo‘sh qo‘yaylik demayman. Turkchasi topilmag‘an so‘zlar va istilohlar qolsun, biroq turkchaning buyrug‘i ostinda kirib qolsun.

Bu haqda jadid vakillaridan biri Mannon Ramz shunday yozadi: “Haligacha bosilib kelinayotg‘an adabiyotda (kitob, risola, o‘qish kitobi, nafis adabiyot, gazeta, jurnal va boshqalar) asosan adabiy til birligi unsurlari bor bo‘lsa ham, lekin juda zaifdir. Masalan: a) ayrim gazeta va jurnallarda turli yo‘l tutilishi va turli shevalarga tayanishlar; b) boshqa millat lahjasini qo‘shib yuborishlar (ayniqsa, tarjima matiriyollarida bu hol yana ko‘b uchraydi; v) eski, o‘luk – tushunmaslik so‘zlarni tartibsiz ravishda iste’mol qila borishlar. Mana shuning uchun adabiy tilning rasmiylasha borishida boshvoqsizlik bor deb davo qildik”.

Ibrohim Tohiriy ham mazkur masalaga o‘z munosabatini bildiradi: “Bizning tilimizda mening hisobim bilan 2800 (ismlarimizdan boshqa) chamasida arab, fors so‘zlari ishlatiladi. Bularni nima qilamiz?” U bu xususda o‘z fikrlarini bildirgan Miyon Buzrukning ba’zi qarashlariga qo‘shilgan holda, ba’zi fikrlariga qarshi chiqadi. Xususan, uning “sa’y”, “g‘am” kabi so‘zlarni o‘z holicha qoldirish fikri xato ekanligi, bunday so‘zlarning “tirishmoq”, “qayg‘u” kabi muqobillari to‘lib yotganini, “aroqi”, “bezori”, “buxori” kabi so‘zlarga qo‘shilgan arabcha nisbat shaklining o‘rniga “-lik”, “-lыq” qo‘shimchasini, “turkiy kitob”, “adabiy kecha”, “hayotiy masala” kabi birikmalarni “turkcha kitob”, “adab kechasi”, “turmush masalasi” tarzda ishlata berish lozimligini aytadi.

U ham ayni shu ikkinchi ko‘cha (yo‘l) bilan kirib kelayotgan so‘zlarni tartibga solish, bu sohada Tatariston metodini qo‘llashni, ya’ni yangi o‘zlashgan so‘zlarni to‘plab, nashr qilib, vaqti-vaqti bilan tarqatib turishni tavsiya qiladi: “Ikkinchi ko‘cha bilan kirgan so‘zlarga yo‘lboshchilik ko‘rsatish, bu ko‘chaga rahbarlik qilish zarur bo‘ladi. Biroq biz bu ko‘chada turmushdan ko‘b orqada qolib boramiz. Bu ko‘cha anarxiya holicha ketib bora yotibdi. Tarjimachilarning yordamiga qo‘l cho‘zish ilmiy markaz ustiga tushadi. Bu sohada Totoriston metodi yaxshi bo‘lar edi. Atamalar majmuasini bo‘lak-bo‘lak qilib bosib tarqatib turish kerak”.

 

Lug‘at boyligimizning boyishida tarjimaning roli

Ibrohim Tohiriy tarjima adabiyoti orqali lug‘at boyligimizning boyib borilishini ijobiy holat deb hisoblasa ham, yevropacha so‘zlarni tarjima qilib, uning o‘rniga arab, fors so‘zlarini kiritishga qarshi chiqadi (masalan, sovetni sho‘ro, revolyusiyani inqilob, ideologiyani mafkura, atomni zarra deb atash kabi). Shuni ham aytib o‘tish lozimki, uning qarashlari o‘sha davrdagi sovet mafkurasiga moyil bo‘lganligi mana bu so‘zlaridan ham bilinib turadi: “...bu to‘g‘rida ishchi-dehqon yozuvini xitoy yozuvi kabi holg‘a aylantirishg‘a tirishg‘uchi til buzorlarg‘a yo‘l qo‘ymaslik kerak ”. Shu sababli so‘z qo‘llashdagi ba’zi fikrlari munozarali ekanligini vaqt ko‘rsatib turibdi.

 

Imlo masalasida jiddiy tadqiqotlar zarur

Ibrohim Tohiriyning fonetika, yozuv haqidagi fikrlari orqali tilshunoslik bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lgan mutaxassisni ko‘ramiz. Fonetika haqida so‘z yuritar ekan, nutq tovushlarining boshqa tovushlardan farq qilishini, ular inson organlarining murakkab xizmatlari natijasida paydo bo‘lishini, ularni oddiy quloq orqali o‘rganib bo‘lmasligi, buning uchun maxsus laboratoriya asboblari zarurligini aytadi: “Fanitika – tovush bilimi, tovushlarni va ularning tabiatlarini, aytilishini onglash uchun so‘zlash a’zolarining ishlari bilan tanish bo‘lish shart, chunki tildagi tovushlar do‘mbira tovushlar emas, ular so‘zlash a’zolarining juda qatlamli, murakkab xizmatlarining natijasi bo‘ladi. Mujarrad tovushlarni oddiy quloq bilan o‘rganish juda og‘ir, hatto mumkin emas. Shuning uchun fanitika labo‘rato‘riyalarida tovushlarni ajratadurg‘on minglarcha qurollar bor”.

Olim milliy fonetikamiz hali to‘la ishlanmagani, hatto O‘rta Osiyo davlat dorilfununida ham oddiy laboratoriya jihozlari yo‘qligini, fonetikani jiddiy tadqiq qilish uchun shunday laboratoriyalar yaratish zarurligini, fonetikani o‘zi bilmasdan o‘quvchiga bu haqda bilim berishgi harakat qilish o‘ta kulgili holat ekanligini afsus bilan yozadi. Jumlandan, ziyoli kuyunchaklik bilan shunday deydi: “Melio‘ranskiy kabi olimlarning labo‘rato‘riyasida qator tilni tekshirib, yasalg‘an jadvallari bor. Biroq ular o‘z tilimizg‘a hamma tafsiloti bilan chiqqan emas. O‘rta Osiyo davlat dorilfununida bu to‘g‘risida hech narsa yo‘q. Hatto o – ө, a – ә kabi juda aniq eshitiladurg‘an tovushlarni ajratib, ularning vaziyatini ko‘rsaturlik hech bir, hatto oddiy qurol ham yo‘q. Fanitikamizni ishlash kerak. Ishlagandan keyin yaxshilab o‘rganish kerak. Bo‘lmasa o‘zing ham yaxshi tushunmasdan o‘quchig‘a tushuntiraman deb azob chekish bekor gap”.

Unli tovushlar ustida izlanishlar olib borayotgan Elbek to‘qqiz unlini qabul qilishni ma’qul ko‘rsa-da, tilimiz xususiyatlari yaxshi tekshirilganda, ularning ham ozlik qilishini yozadi. U a, ɚ, o, ө, u, i, i, , ye unlilaridan tashqari, qara, ata, ana so‘zlarining birinchi bo‘g‘inidagi “a” uchun (bu kirill yozuvidagi “o” ga to‘g‘ri keladi); dana, alim, Tahir so‘zlaridagi cho‘ziq “a” uchun; bilim, tilim so‘zlarining birinchi bo‘g‘inidagi qisqa i uchun; sijla, suv so‘zlaridagi -ij, -uv diftonlari uchun alohida unlilar belgilash zarurligini aytadi (tatar tilshunoslaridan “o‘nchilar” tarafdorlari -uv va -iy diftonlarini unli hisoblab, ular uchun alohida harflar belgilaganlar. Elbek ham ularga ergashib bu tovushlarni unli sifatida sanab o‘tgan). Elbek o‘zbek yozuvi uchun dastlab 14 unlini belgilashni ma’qul ko‘rsa, yana bir o‘rinda ularning sonini 16 ta qilib ko‘rsatadi. Bunga sabab Elbek fonema bilan tovush variantlarini bir-biridan farqlamaydi. Yozuvimizning mukammal bo‘lishi uchun har bir eshitilayotgan tovushga alohida harf belgilash lozim deb o‘ylaydi. 30-yillarda bunday tushuncha ko‘pchilik tilshunoslarimiz ongida hukm surgan. Masalan, G‘ozi Olim “O‘zbek tilining tovushlari” maqolasida unlilarni 12 ta deb ko‘rsatsa, yana bir o‘rinda 29 ta, ulardan asosiylari 22 ta deb ko‘rsatadi.

Yuqoridagi ma’lumotlardan shunday fikr kelib chiqadiki, o‘zbek tili qonun-qoidalari haqida ilmiy qarashlar endi shakllanayotgan, ko‘pchilik mutaxassislarning o‘zlarida ham nazariy bilimlarning yetarli emasligi, shu asosda fikrlarning xilma-xilligi ko‘zga tashlanadi. Bu xususda H.Jamolxonov shunday yozadi: “...hozirgi o‘zbek adabiy tili vokalizmini belgilash yuzasidan olib borilgan dastlabki ishlarda bu masalaga fonema nazariyasiga tayangan holda yondashilmagan, fonema bilan uning nutqdagi real ko‘rinishlari o‘zaro qorishtirilgan, hatto 6 unlili vokalizm tarafdorlari qarashlarida ham bu masalaga ilmiy-nazariy asosda emas, intuitiv sezgi asosidagina yondashilganligi ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ularda o‘z fikrlaridan chekinish holatlari tez-tez ko‘zga tashlanadi”.

Ulardan farqli ravishda, Ibrohim Tohiriy tovush va fonemani farqlaydi, har qanday tovush fonema bo‘la olmasligini aytadi: “Odatda butun madaniy tillarning yozuvida fanitika so‘zini shart bilangina olib, fanemalargagina harflar yasaladi, chunki amaliy yozuvning hech bir harfi ovozni to‘g‘ri bera olmaydi. Ul yuqorida aytilgan ravishda bir-biriga yaqin bir necha tovushlarning taxminiy ishorasigina bo‘lib yuradi. Men Elbek, Q.Ramazon, Yo‘ldosh, G‘ozi Olim o‘rtoqlarning so‘zlariga e’tiroz qilmayman. Cho‘zg‘ilar (unlilar) balki ular deganchadir, yoki ko‘brakdir. Men faqat shuni aytaman: ruslarning til olimlari, til labo‘rato‘riyasida uzoq yillar ishlash natijasida rus tilida o‘n ming tovush borlig‘ini isbot qildilar. Bizda ham kerak unli va kerak unsiz tovushlarning sonlari siz aytgandan ham juda ko‘p martabalar ortiqdir. Biroq fonemalar ko‘b emas”.

 

Singarmonizmning temir qonunlari mavjud

Ma’lumki, singarmonizm boshqa turkiy tillardan farqli ravishda, muammoli masalalardan biri sanaladi. Singarmonizmga munosabatda jadidlar o‘rtasida turli qarashlar mavjud edi. Botu, Miyon Buzruk kabi jadid namoyandalari singarmonizm tilning rivojiga to‘sqinlik qiladi, til chetdan so‘z olish bilan rivojlanib boradi, bu so‘zlarni singarmonizm ramkasiga solish yaramaydi degan fikrda bo‘lsalar, Elbek singarmonizmni “imlomizning butinlig‘in saqlash uchun yelim va tilimizning ko‘rkini oshirish uchun bir bezak, temir qonun” deydi.

Ashurali Zohiriy ham o‘zbek tilida singarmonizm hodisasi borligini ta’kidlaydi: ”Bizda singarmunizm yuz foiz bo‘lg‘usidur. Tilimizga aralashg‘on ajnabiy so‘zlarni ham o‘z qoidamiz (singarmunizmga) bo‘yin tovlaydurg‘onlari o‘rnig‘a o‘z tilimizdan so‘zlar topishga harakat qilamiz”.

Fitrat o‘zbek tilini turkiy tillar tarkibidagi bir til sifatida barcha turkiy tillarda u yoki bu darajada mavjud bo‘lgan singarmonizm qonuniyatini aks ettirishini, bu holat esa shahar shevalarida fors-tojik tilining ta’sirida buzilganini, shuning uchun umumturkiy fonetik xususiyatini ko‘proq saqlab qolgan qishloq shevalariga tayanish juda to‘g‘ri ekanini takidlaydi.

Tohiriy ham singarmonizmga o‘z munosabatini bildirar ekan, u o‘zbek tilida ham mavjudligini, lekin tarixan yuksalishga qarab emas, yo‘qolib borishga qarab ketayotgan qonuniyat deb hisoblaydi: “Elbek o‘rtoq degandek, singarmo‘nizmni temir qonun deb bo‘lmaydi. Shuning bilan birga, o‘rtoq G‘ozi Olim kabi xayol deb ayta olmaymiz. Balki bizning bu qonunimiz Elbek bilan G‘ozi Olim o‘rtoqlarning da’volarining o‘rtasida turadi. Tilimizning tarixiga ko‘z solsak, bu qonunning yuksala borishini emas, balki yo‘qola borishini ko‘rsatadi. Bir narsa yuksalmasa, qotib qolsa, ul o‘ladi. Shunday bo‘lsa ham, ul G‘ozi Olim o‘rtoq aytgani kabi xayol emas, fakt. Buni inkor qilish so‘qirlik”.

Elbek, Ashurali Zohiriy, Fitrat kabi Tohiriy ham chetdan kirib kelgan so‘zlarni singirmonizm qoonuniyati asosida o‘z talaffuzimizga moslashimiz shartligini aytadi: “Arabdan, forsdan kirib qolg‘an so‘zlarni qo‘rqmasdan singarmo‘nizm qonuni bo‘yicha yo‘g‘onlikda, ingichkalikda har so‘zni ajratib yoza beramiz. So‘zning ohani buzuladi, ma’nosi yo‘qoladi, degan gaplar bekor. Ularning ohanidan ham, ma’nosidan ham qo‘rqmaslik kerak. Til tarixi bizga xalqqa qanday chet so‘zlar kirsa ham, uni tamom buzub, o‘z til qonunlarig‘a ergashtirib olg‘anini ko‘ramiz. Biz Zohir, Tohir, Zokir, Obit kabi so‘zlarning shakllarini buzdik, ulamo qancha voydod dedi, hozir hech kim qarshi chiqmaydi”.

Ko‘rib turganimizdek, Ibrohim Tohiriy ham o‘zbek milliy alifbosi, imlo qoidalarini shakllantirishda faol ishtirok etgan jadid namoyandalaridan biridir. Uning ba’zi fikrlari munozarali bo‘lsa ham, yetuk tilshunos sifatidagi ilmiy qarashlari tahsinga loyiq.

Fikrlar xilma-xilligiga qaramay, millat taqdiri uchun qayg‘urgan, kerak bo‘lsa jonini bag‘ishlagan millat fidoiylarining hatti-harakatlari tufayli o‘zbek adabiy tili me’yorlari bosqichma-bosqich shakllanib bordi. Afsuski, ko‘plab jadidlarning ilmiy merosi haligacha o‘rganilgan emas. Ularning foliyatini o‘rganish, milliy tilshunosligimizga qo‘shgan hissasini e’tirof etish hozirgi davrning muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

 

Inomjon AZIMOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent


Yangi O'zbekiston gazetasidan olindi

25.11.2021 1046