"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • “Alisher Navoiy merosi: tadqiqotlar va tahlillar” turkumidan yettita kitob nashr qilindi

“Alisher Navoiy merosi: tadqiqotlar va tahlillar” turkumidan yettita kitob nashr qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yurtimizda qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, yangi tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida buyuk mutafakkir hayoti va ijodi haqidagi yangi tadqiqotlarni o‘z ichiga olgan “Alisher Navoiy merosi: tadqiqotlar va tahlillar” turkumidan yettita kitob nashr qilindi.  

Alisher Navoiy she’rlarini o‘z ichiga olgan “Oqquyunli muxlislar devoni” 876/1471-yili Oqquyunlilar saltanatidagi Navoiy she’riyati muxlislari tomonidan ko‘chirilgan. Abdurahim Xorazmiy ko‘chirgan mazkur qo‘lyozma saqlanishi joyi – Qohira (Misr). Unda Navoiy she’rlari tili Oqquyunlilar saltanatida yoyilgan o‘g‘uz turkchasiga biroz moslashtirilgan. Mazkur nashrda devon joriy o‘zbek yozuvidagi tabdili va rangli faksimilesi hamda uch tildagi ilmiy kirish qismi bilan chop etilmoqda. Kitobni Aftondil Erkinov va Rustam Jabborov nashrga tayyorlagan. Mazkur nashrda Alisher Navoiy she’rlari asosida tuzilgan “Oqquyunli muxlislar devoni”ning faksimilesi e’lon etilmoqda.  

Rustam Jabborovning “Alisher Navoiy “Oqquyunli muxlislar devoni” va uning davr adabiy muhitida tutgan o‘rni” kitobida mazkur devonning navoishunoslikdagi o‘rni, buyuk shoir ijodining o‘z davrida keng miqyosda o‘rganish boshlanganini ko‘rsatadi. Muallif ushbu qo‘lyozmani tadqiq etish jarayonida Navoiyning boshqa devonlarida uchramaydigan yangi baytlari aniqlanganini qayd etadi. Qo‘lyozma 1465-yilda yaratilgan “Ilk devon”dan keyin Navoiy ijodi haqida ma’lumot beruvchi, hozircha ikkinchi manba ekanini hisobga olgan holda, “Oqquyunli muxlislar devonidagi” 178 ta g‘azal “Ilk devon”ga kiritilmaganiga urg‘u beradi.

Muhammadjon Imomnazarovniing “XXI asr: Alisher Navoiy lirik merosi matnshunosligi muammolari” kitobida Alisher Navoiyning ilk lirik merosiga mansub “Badoye’ ul-bidoya” devoni qo‘lyozmalari matnshunoslik nuqtayi nazaridan ilmiy tadqiq etilgan. Ayni devonning Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan nusxalarining shoir ijodidagi o‘rni ko‘rsatib berilgan.  

Oysara Madaliyevaning “Alisher Navoiy devonlari qo‘lyozmalarining tarkibiy-qiyosiy tadqiqi” nomli monografiyasida Alisher Navoiy devonlarining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanuvchi qo‘lyozmalari o‘rganilgan. Navoiy devonlarining muallif hayotligi va unga yaqin davr, shuningdek, XVI asrdan XX asrning boshlariga qadar bo‘lgan oraliqda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxalar tadqiq etilgan. Mazkur qo‘lyozma devonlar o‘rni bilan xorijda saqlanayotgan nusxalari bilan qiyoslangan.  

Sherxon Qorayevning “Temuriylar davri adabiy majlislari” kitobida Musulmon Sharqi adabiyotidagi adabiy majlislar Temuriylar davri misolida o‘rganiladi. Asosan Alisher Navoiyning ayni majlislar haqidagi qarashlari asos qilib olinadi. Temuriy Husayn Boyqaro hukmronligi davriga kelib madaniyat, san’at va adabiyot yuqori darajaga ko‘tarildi. O‘z davrida Husayn Boyqaro saroyi adabiy majlislari mashhur bo‘lgan. Navoiy davridagi ilmiy, tarixiy, ijtimoiy, memuar, badiiy asarlar va turli boshqa manbalardagi ma’lumotlar ham mavzu doirasida foydalanilgan. Navoiy boshchiligidagi adabiy majlislarning mahorat maktabi sifatidagi o‘rni ko‘rsatilgan.

Ahmad Quronbekovning “Hayratul-abror”da inson siymosi va ma’naviy dunyosi” hamda Malohat Po‘latovaning “Sharq mumtoz adabiyotida “Arba’in” yozish an’analari” kitoblarida ham Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqidagi yangicha qarashlar aks etgan.  

Mazkur loyihadan o‘rin olgan kitoblar Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva rahbarligi ostida, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov ilmiy rahbarligi ostida chop etilgan.

D. Mamatova, O‘zA


uza.uz

25.11.2021 607