"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili ravnaqi yo‘lida yana bir dadil qadam

Til jamiyat hayotidagi eng muhim va yagona aloqa, muomala-munosabat vositasi hisoblanadi. Inson tafakkur tarzi, dunyoqarashi til va so‘z orqali chuqur namoyon bo‘ladi, har qanday fikrini til vositasidagina jonli va taʼsirchan bayon qila oladi. Shu jihatdan ham, til ¬– dil kaliti, til – millat qalbi, millat ruhi deya eʼtirof etiladi.

Bugun mamlakatimizda davlat tiliga bo‘lgan eʼtibor har qachongidan ham kuchli siyosiy maqom kasb etib, o‘zining yana-da yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilib bormoqda. Millat tili taqdiri borasida uzoq yillardan buyon qayg‘urib kelayotgan tilshunos, adabiyotshunos, madaniyat va sanʼat ahlining, har bir millatsevar, vatanparvarning maqsad-muddaolari munosib yechimini topmoqda.

Kuni kecha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ana shunday amaliy harakatlarning yana bir natijasidir. Mamlakatimizdagi mavjud holat va xorijiy tajribani o‘rganish asosida shakllantirilgan ushbu qonun loyihasi davlat tili to‘g‘risidagi qonun mohiyatini kuchaytirish, uning mukammal ijrosini taʼminlashning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada mansabdor shaxslar masʼuliyatining oshirilishi ham tabiiy. Qaysi bir tashkilot rahbarining o‘z ona tiliga hurmat va eʼtibori cheksiz bo‘lsa, u shu tizim xodimlariga ham ushbu talabni qatʼiy qo‘yadi. Davlat tili meʼyorlarini bilmagan va rioya qilmagan har qanday rahbar chinakam vatanparvar bo‘la olmaydi.

Binobarin, hozirgi global jarayonlar, texnologiyaning yuksak taraqqiyoti davrida davlat tili talablariga rioya etilishini taʼminlash, milliy til maqomini mustahkamlash va saqlab qolish dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham, millat tilining asosiy himoyachisi va targ‘ibotchilaridan bo‘lgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan muntazam ravishda tahliliy-tanqidiy o‘rganishlar olib boriladi, shu asosda tegishli organlarga taklif-tavsiyalar taqdim etiladi, aholi va yoshlar o‘rtasida maʼnaviy-maʼrifiy targ‘ibot ishlari tashkil qilinadi.

Mohir so‘z ustasi Abdulla Qahhor ham o‘z davrida o‘zbek tiliga munosabatdan ozorlanib, “Nega ko‘cha qoidasini buzganga hushtak chalinadi-yu, til qonunlarini buzganga hech kim indamaydi?” degan savoliga arzirli javob ololmay xunob bo‘lgan. Biz ham uzoq yillardan buyon ushbu savol ustida bosh qotirdik, uni til to‘g‘risidagi hikmatlar qatoriga qo‘ydik, o‘z munosabatimizni shu orqali isbotlashga urindik.

Bugunga kelib, shaxsan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek tiliga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda uzoq vaqtdan buyon yechimini kutib kelayotgan muammolarga barham berilmoqda. 

Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda har qanday bahs-munozaralarga sabab bo‘lmasin, mazkur qonun loyihasida o‘zbek tilining buguni va kelajak taqdiri nazarda tutilgan, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat manfaatlari qamrab olingan, boshqa tillarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘yilmagan. Shunday ekan, butun mamlakat ahli Adliya vazirligi tomonidan davlat tili talablariga javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq. Zotan, bu qonuniy talab davr va vaziyat taqozosi, ijtimoiy zarurat mahsuli sifatida maydonga keldi. Huquqiy javobgarligi kuchaytirilmagan hujjatning esa qog‘ozlardagina amal qilish ehtimoli yuqori.

Feruza AZIMOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini

taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi


27.04.2020 519