"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Tilimiz qachondan “yangi til” bo‘lib qoldi yoxud hikmat izlaganga hikmatdir dunyo...

Tilimiz qachondan “yangi til” bo‘lib qoldi yoxud hikmat izlaganga hikmatdir dunyo...

Ustoz Inomjon Azimovning “Men bog‘dan kelsam...” chiqishini o‘qib bo‘liboq, ushbu fikr-mulohazalar paydo bo‘ldi. “Bunday yoshda yangi tilni o‘rganishni hamma ham uddalay olmaydi” deyish, bilmadim-u, savol tug‘iladi: qachondan tilimiz alar aytganidek, “yangi til” bo‘lib qoldi? Axir, bu zuluslar, aborigenlar tili emas, Navoiy tili-ku! Asli Odamdan – Hotamgacha, Hotamdan – shu damgacha hamisha-hardam ohori to‘kilmagan gap bor: hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo, g‘urbat izlaganga – g‘urbatdir dunyo. O‘zi suymagan kasb-kor unga hech bir maʼno-mazmun va naf keltirmagani singari til o‘rganish ham u uchun shunday gap.

Dunyo dunyo bo‘lib yaralibdiki, har bir davlatda o‘zining milliy davlatchiligi, to‘ra-tuzugi mavjud va shu tartib-taomil hozirgacha davom etib kelmoqda.

Bugungi zamonaviy tilda aytganda, har bir davlatning davlatchilik tizimi (davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi), shuningdek jamiyat asosi hamda inson va fuqarolarning fundamental huquqlari va majburiyatlari Asosiy qonun – mamlakat Konstitutsiyasida normalangan.

Konstitutsiyamizning muqaddimasida “O‘zbekiston xalqi: inson huquqlariga... sodiqligini tantanali ravishda eʼlon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatini anglagan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga intilib, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlash maqsadida, o‘zining muxtor vakillari siymosida O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi” deganimiz bejiz emas.

Shu maʼnoda Asosiy qonunning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” deb belgilangan qoidada qanday muammo ko‘rinyapti? Qonun, qonunchilik, yuridik texnikadan andak xabari bor inson biladiki, bundan ortiq yana qanday shakl va mazmunda norma kiritish mumkin?

O‘zbekistonda davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.

34 million nufusga ega bo‘lgan mamlakatimizda bugunda 136 millat va elat yashaydi, 16 diniy konfessiya faoliyat yuritadi. Xitoyda dunyo aholisining qariyb 1/5 qismi yashasa-da, 56 millatga mansubdir. Ikki davlatda davlatning “bosh ijtimoiy vazifasi”ni taʼminlash qaysi davlatga qanchalik oson emasligini tasavvur hosil qilish qiyin emas. Davlatning bosh ijtimoiy vazifasi esa, o‘z hududida istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar, fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida tinchlik, xavfsizlik va jipslikni taʼminlashdan iboratdir.

Kezi kelganda, bir mulohaza. 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish, tasdiqlash va hayotga tatbiq qilish fursati keldi. Qonunning amaldagi matniga (ayniqsa, normalarning yakuni – gapning kesimiga) diqqat bilan razm solinsa, aksar normalarning “ilmiliq”ligi seziladi: belgilab beriladi, amalga oshiriladi, taʼminlanadi, rioya etiladi, joriy etiladi, qabul qilinadi va eʼlon etiladi, amalga oshirilishi mumkin... Aslida: belgilab beriladi – belgilab berilmasligini, amalga oshiriladi – amalga oshirilmasligini, taʼminlanadi – taʼminlanmasligini, rioya etiladi – rioya etilmasligini, joriy etiladi – joriy etilmasligini, qabul qilinadi va eʼlon etiladi – qabul qilinmasligi va eʼlon etilmasligini, amalga oshirilishi mumkin – mumkin emasligini ko‘rsatdi. Faranglar aytmoqchi, har bir voqea-hodisaga baho berishda de/yure va de/factodek oddiy aksioma rakursidan baho beriladigan bo‘lsa, haqiqiy manzara, qonunimizning huquqiy tabiati yaqqol seziladi. Ommaviy axborot vositalarida bir oz muqaddam bu haqda ko‘p va xo‘p gapirildi. Modomiki, “jamiyat – islohotlar tashabbuskori” ekan, jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi lozim. Va yakunda xalqning muxtor vakillari – deputatlar bu borada o‘z pozitsiyasini, qonun chiqaruvchi o‘z munosabatini bildirishi lozim.

Mirodil Baratov,

yuridik fanlar doktori

27.04.2020 586