"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Qamishdan bel bogʻlab”mi yoki... ?

Goho gʻalati soʻzlarga duch kelamiz. Maʼnosiga uncha eʼtibor qilmaymiz. Ana shularing biri – “qamishdan bel bogʻlab” degan iboradir.

“Siz toʻyni boshlayvering, qamishdan bel bogʻlab xizmat qilamiz”, deya lof uradi vallomat ogʻaynilar. Ajab, qamishdan ham belbogʻ chiqadimi?..

…Bizningcha, bu iboraning ilk shakli “qayishdan…” ham, “qamishdek…” ham emas, “qumoshdan bel bogʻlab xizmat qilish” shaklida boʻlgan.

Xo‘sh, qumosh nima?

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati” (V jild, 377 – b.)da aytilishicha: “Qumosh (arabcha: gazlama, mato; boʻz; eski latta-putta) esk. Mato, gazlama. Hech qanday usta ham toʻqiy olmaydi olamning munchalik atlas-qumoshin (Gʻ. Gʻulom). Jandamga koʻhan shohi qumoshini alishmam (Muqimiy)”.

Demak, qumosh – mato, gazlama ekan. Biroq izohli lugʻatda uqtirilganidek, latta-putta emas... Qumosh – ipakdan toʻqilgan pishiq, chidamli mato, u bilan bel bogʻlanganida yechilib, shalvirab ketmaydi.

Savol berishlari mumkin: ipakdan toʻqilgan mato boʻlsa, shohi deb qoʻyaqolish mumkin edi-ku? Yoʻq. Chunki shohi – qumoshdan keyin chiqqan yanada sifatli, qimmatbaho ipak mato. U dastlab faqat podshohlarga nasib boʻlgan, shuning uchun ham u shohi (shohlarbop) deb atalgan. Qumosh esa joʻn ipak mato. Undan hukmdor huzuridagi odamlar ham kiyim kiygan. Chidamli qilib toʻqiladigan qumoshdan belbogʻ ham tayyorlangan va qumosh belbogʻ bogʻlash xizmatga shaylik belgisi boʻlgan...

Arablarning “qumosh” soʻzi forsiy va turkiy tillargagina emas, yana boshqa koʻpgina tillarga ham oʻzlashgan. Ruscha “kumach” soʻzi ham ana shu qumoshning bir shakli...

Bu kabi qadim soʻzlar xalq qoʻshiqlarida, maqol-matal va iboralarida anchagina saqlanib qoladi. Ibora ham quyma shakli, badiiy maʼnosi tufayli uzoq yashaydi. Baʼzan hatto tarkibidagi ayrim soʻz tildan chiqqan boʻlsa, fonetik jihatdan unga monandroq biron soʻz bilan almashib ishlatila beradi. Jumladan, qumosh unga yaqin, hammaga tanish boʻlgan qamish bilan almashdi: qumoshdan bel bogʻlab → qamishdan bel bogʻlab.

Qumoshning maʼnosi, qumosh soʻzi qoʻllangan iboraning kelib chiqishi borasidagi bir talqin bu.

Ammo iborani avvalgiday “qamishdan bel bogʻlab xizmat qilish” deb qoʻllay beramizmi, yo “qayishdan” shakliga oʻtamizmi, yoxud “qamishdek” deb yangilaymizmi, yo boʻlmasa “qumoshday” tarzida eng qadim shakliga qaytamizmi, degan savolga javoban ularning birini koʻrsatish notoʻgʻri boʻlar edi.

Odamlar qanday qoʻllasa, shunisi maʼqul. El soʻzi elakka solinmaydi.


Zuhriddin Isomiddinov maqolasidan qisqartirib olindi.

“Fan va turmush” jurnali, 2019-yil

 

 

Manba: @oriftolib 

24.01.2022 511