"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ARUZNING MANGU VA OʻLMAS OHANGLARI

Tuygʻular inson fitratida gʻalayon qilar ekan, qiyofa topmogʻi, bitiklarga aylanmogʻi uchun oʻziga munosib shakl, ohang talab etadi va ana shu munosib ohanglarga ingandagina goʻzal, taʼsirli ifoda topadi. Ijod oʻzi yuqqan kishisiga ¬– oʻz egasiga tinchlik bermas bir neʼmat. Qalbda gʻalayon etib tursa, uni bitmay turib, xotirjam tortmoqqa imkon yoʻq. Bu gʻalayonlar koʻproq sheʼriy satrlarda namoyon boʻladi. Shoirlar oʻz hislarini oʻzbek va dunyo sheʼriyatida keng tarqalgan besh vazndan birida ifoda etadilar. Albatta, bugungi kunda lirikada barmoq vazni yetakchilik qiladi. Biroq oʻn asrdan ortiq vaqt ichida yaratilgan katta maʼnaviy xazinamiz – ulkan adabiyotimiz aruz vaznida bitilgani barchaga maʼlum. Gʻarbni maftun qilgan bu maʼnaviy xazina nafaqat mazmunan, balki mutanosib ohang salmogʻi jihatdan ham koʻplab ilm ahllarini lol etib kelmoqda.

Mumtoz sheʼriyatning asosi, poydevori boʻlgan aruz ilmi koʻp asrlik tarixga ega boʻlgan mukammal va sehrli bir ilmdir. Adabiyotga befarq boʻlmagan har bir kishi aruz ohanglaridan taʼsirlanadi. Koʻngliga ajib huzur yetadi. Uni oʻrganmoqqa kirishgan kishi taʼsiridan chiqolmaydi, har bir gʻazalda, har bir baytda aruzning shirasini, musiqiy jozibasini his etadi. Oʻzining koʻngli mulkini, oʻz kechinmalarini aruz vaznida havola etishga intiladi.

Mumtoz adabiyotda aruz ilmining zakiy tadqiqotchisi Nizomiy Aruziy Samarqandiy “Nodir hikoyatlar” kitobida “Har kimning sheʼr taʼbi mustahkam boʻlib, fikri, soʻzlari ravonlashsa, u sheʼr ilmini oʻrganishga, aruz oʻqishga kirishadi”, degan edi. Aruz ilmiga boʻlgan eʼtibor hamma zamonlarda ham yuksak boʻlgan. Buyuk shoir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburdek zabardast mumtoz shoirlarning badiiy ijod, davlat ishlaridan ortib, aruz toʻgʻrisida ilmiy risolalar ham yaratishlariga ana shu ehtiyojlar sabab boʻlgan, albatta. Aruz ilmini oʻrganish bu vaznda yaratilgan katta xazina mumtoz sheʼriyat va dostonchilikni oʻrganish demakdir. Aruz vaznining xususiyatlari unda yaratilgan asarlar ruhiyatiga ham singib ketgan boʻladiki, asarning mazmuni ham aruzda tanlangan vaznning silsilasiga bogʻliq. Shohlar haqidagi dostonlarning mutaqorib vaznida yozilishini mutaqorib bahrining jangovar ruhga yaqinligi bilan izohlaydilar. Koʻp yillar mamlakatni boshqargan Husayn Boyqaro bitta vazn – ramali musammani mahzuf vaznida goʻzal gʻazallar bitgani va devon tartib berganini bilamiz. Chindan ham, oʻzbek tilida aruz vaznida sheʼrlar bitishda tilimizning fonetik xususiyatlari taqozosi bilan koʻpincha ramal bahri, yaʼni foilotun rukni qoʻllanadi. Shoir Erkin Vohidov ham asosan ana shu ruknda gʻazal bitgan.

Birinchi oʻzbek professori Abdurauf Fitratning ham “Aruz haqida” nomli risola-darslik yaratishiga ulkan adabiy merosdan bahramandlikka boʻlgan intilish sabab boʻlganini alohida aytib oʻtish lozim. Demakki, XX asr boshlarida ham ilm toliblari uchun aruzga oid kitob yaratilishiga ehtiyoj boʻlgan. Fitrat oʻz kitobida tartib-qoidasi toʻgʻrisida toʻxtalgan vaznlarga Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulom sheʼrlaridan misollar keltirgani, vaznlar uchun misollar topilmaganda esa, oʻzi baytlar yozib kiritgani va “sanʼatsiz baytlari” uchun uzr soʻragani uning oʻz davri talabalarining aruzni qanday chuqur oʻrganishini istaganini anglash mumkin.

Shunisi ajablanarliki, yosh shoir Usmon Nosirning gʻarb tajribalaridan ilhomlanib yozgan “Yurak” soneti, ayrim sheʼrlari ham aruzda bitilgan.

Yurak, sensan, mening sozim,

Tilimni nayga joʻr etding,

Koʻzimga oyni berkitding,

Yurak, sensan, ishqibozim.

 

Senga tor keldi bu koʻkrak,

Sevinchim toshdi qirgʻoqdan,

Tilim charchar, ajab, gohi,

Seni tarjima qilmoqdan.

Sonet soʻnggi satrigacha aruzning hazaji murabbai solim vaznida bitilgan. Birgina ishqiboz soʻzida ham, ehtimol oʻqilishi bilan bogʻliq soʻz sozlash mavjuddir.

Oʻtgan asrda adabiyotshunoslarimiz Alibek Rustamov, Anvar Hojiahmedovlarning aruzga oid darsliklari qanday qimmatli manbalar boʻlganini hammamiz yaxshi bilamiz.

Biroq oʻkinch bilan aytish mumkinki, juda koʻp sonli ona tili va adabiyot muallimlarimiz aruz ilmidan bexabarlik nuqtai nazaridan uni maktab oʻquvchisi uchun murakkab sanab, doimo dasturdan olib tashlashni talab etishadi va maʼlum maʼnoda buning uddasidan ham chiqqanlar. Natijada maktablarda oʻrganilayotgan mumtoz sheʼriyat namunalari mazmun jihatdangina haminqadar oʻrganilib, gʻazal va boshqalarning ohanglari bilan bogʻliq sheʼriy sanʼatlar chetda qolmoqda. Mumtoz sheʼriyat jozibasi esa, aniqki, yosh avlod qalbiga yetkazilmayotir. Oʻquvchilar Alisher Navoiydan tortib, Muqimiygacha mumtoz sheʼriyatni xuddi barmoq vaznidagi kabi oʻrganishmoqda. Ayniqsa, keyingi davrda yozilgan gʻazallar soʻzlari tushunarli va ravon boʻlgani uchun ham barmoq vaznida yozilgandek oʻqilaveradi. Bugungi kun oʻquvchisi, hatto koʻpsonli oʻqituvchilarga Erkin Vohidovning “Inson”, “Oʻzbegim”, “Rashkim” kabi sheʼrlarining gʻazal ekanini aytsangiz, hayron qolishlari mumkin. Shu maʼnoda har bir sinfdan, yoki olaylik har bir maktabdan sanoqli boʻlsa ham mumtoz sheʼriyatning aruziy jilolari, uning sirlarini oʻrganishga saʼy qiladigan yoshlarni yoʻqotib qoʻyayotirmiz.

Ana shunday bir sharoitda ijod ahli orasida aruzda qalam tebratib kelayotgan zamondoshlar bor va koʻp ekani juda quvonarlidir. Ular ijodidan saralangan “Gʻazal gʻizoli” toʻplamining taqdim etilishi ayni muddao va jarohatga malham boʻldi.

Kitobga jamlangan gʻazallarni mutolaa qilar ekanmiz, tabiiyki, toza tuygʻularning baytlarga marjondek tizilishi koʻngillarga farah baxsh etadi. Yaxshi tomoni shundaki, kitob orqali Jamol Kamol, Ismoil Mahmud, Mirzo Kenjabek, Sirojiddin Sayyid, Xurshida Vahobjon qizi, Dilorom Ergasheva, Shoira Shams, Rustam Mirvohid, Alisher Muqimov kabi oʻz gʻazaliyotini muxlislarga taqdim etib kelayotgan turli yoshdagi shoirlardan tashqari, teran ifodalar, betakror topilmalarni aruzda ifoda etgan koʻplab shoirlar ijodi bilan tanishish mumkin. Gʻazalxonlarimiz kamtarin, toʻplamlari har yerda koʻrinavermaydigan gʻazalnavislar – Baxtiyor Nabixon oʻgʻli, Sultonmurod Olim, Tolibjon Roʻziboyev, Sulaymon Haydarov, Azizbek Hakimov, yosh shoirlar Orifjon Komilov, Alisher Sabriy, Anvar Botir, Sitora Shomurodova va boshqalarning devonlarini axtarib qolishlari aniq.

Kitobdan oʻrin olgan Baxtiyorxon Nabixon oʻgʻlining pandona bir gʻazalida:

Men oʻlib bir kun quchogʻim qoʻmsasang, ey navqiron,

Oʻqibon bagʻringga bos, sheʼrim quchoq boʻlsin, bolam.

degan baytlar boʻlsa, yana bir gʻazalida quyidagi chin nasihatlar borki, bu gʻazallarni farzandlar yod etib yurishlariga shubha yoʻq:

Boʻlsa otang xona ichra, chiqmagil tom ustiga,

Etmagil rad, navqiron, yozma alif lom ustiga.

 

Hurmat et otangni hatto toʻrdagi boʻsh oʻrnini,

Quyida oʻltirganing ikrom ikrom ustiga.

Boqiy Mirzoni kitob doʻkonlarida hamisha romanlarini uchratishimiz mumkin boʻlgan nosir sifatida taniymiz. Ammo ijodkorning gʻazaliyoti ham ancha koʻrkam ekanini ushbu toʻplam orqali bilib oldik. Uning quyidagi satrlari ham kishini oʻylantiradi, yaxshi oʻgit beradi:

Bagʻrikeng boʻlsang netar, sen ham yasha, men ham yashay,

Hammaga dunyo yetar, sen ham yasha, men ham yashay.

 

Qayga eltgaymiz jahonni bir-birovdan qizgʻonib,

Dun qolur, bizlar oʻtar, sen ham yasha, men ham yashay.

Hali yosh boʻlsa-da, mumtoz badiiyat malohatini anglab, uni chin koʻngil bilan mutolaa etgan va ayrim taqlidohang bitilgan gʻazallardan farqli, oʻzining hech kimnikiga oʻxshamagan tashbehlarini havola etayotgan shoirlarning ham koʻplari bilan ushbu bayoz orqali tanishish mumkin. Shundaylardan biri fargʻonalik shoir Akbarali Mirzayevning “Oʻxshash” radifli gʻazalida insonlarda uchraydigan norasoliklardan astoydil ranjigan shoirning kuyinishlariga guvoh boʻlasiz:

Shafaqning otashin rangi dilimning rangiga oʻxshash,

Gʻamim bir kuy chalar, gʻijjak va nay ohangiga oʻxshash.

 

Na yigʻlarlar visol istab, na ishq istar bu bedillar,

Kibr bosgan yuraklarkim, temirning zangiga oʻxshash.

 

Chiqarmas qatra ham koʻzlar, axir koʻzyosh yuvar qalbni,

Yurakmas bu yuraklar, togʻni mushtdek sangiga oʻxshash...

Shoirning iztirobli yozgʻirishlari haqli. Shunday odamiylikka oid dardlarni gʻazalga solmoq ham hammaga nasib emasligini oʻylab, gʻazal davomini, shoirning boshqa sheʼrlarini oʻqishga tutinasiz beixtiyor.

Samarqandlik shoira Sitora Shomurodovaning gʻazallari ham oʻziga xos va goʻzal.

Muhabbat bu – manim ochgan vale yopmas kitobimdir,

Yuzin ifsho etib avval, keyin pinhon, hijobimdir.

 

Jununlik tushdi bu jonga, yurak toʻlmish qaro qonga,

Tasanno aytsam imkonga, ajab, diydor sarobimdir.

Samarqandlik yana bir shoir Alisher Sabriyning baytlari ham oʻziga xos boʻlib, kishini maftun etadi. Shoir bir gʻazalida Abdulla Qodiriy gʻazaliga tazmin bitadi:

Nigoro, telbalar qilding, gʻaribingni desam aytur,

“Fununi tibda majnundir kishining kuysa safrosi”.

Bu oʻziga xos tazmin gʻazal isteʼdodli bir gʻazalnavis yetishib kelayotganidan darak beradi. Hali u mumtoz janrlarda oʻz aytar soʻzini aytadi, degan yaxshi umid paydo boʻladi koʻngilda.

Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasida koʻp yillardan beri birinchi marta aruziy devon chop etildi. “Ulgʻayish” nomi bilan. Uning muallifi Anvar Botir gʻazallari yanada yaxshiroq mujdalar beradi oʻqiguvchiga. Gʻazallaridan birida u shunday yozadi:

Yor agar yonimdasan, bas, yoshlarim koʻzdan ketur,

Bu bilan beboshu tosh koʻnglum erib, muzdan ketur.

 

Ketmasin deydi xayolim, qolsam oldimda olib,

Arzi hol qilsam demasmu: “Bul gʻarib oʻzdan ketur!”

Albatta, avval ohang, sheʼriy ritm yaralgan, keyin esa uning ilmi. Yaʼniki, badiiy adabiyotni aniq qoliplarga, aniq janrlarga solish shartli boʻlib, bu adabiyotni oʻrganishga xizmat qiladi xolos. Biroq hech bir asar qoidalardan kelib chiqib yaratilmaydi. Shu maʼnoda bugun “foilotun”, “mafoiylun” deya arab tilidagi “faala” harakat feʼlining boʻgʻinlar sifatiga koʻra oʻzgartirib taqteni nomlashga qoʻllanadigan shaklini yoddan bilmaslik katta fojea emas. Eng muhimi, lirik ohangni qalban his qilish. Bugun chizmalarni bittalab chizib chiqmasalar-da, aruzda ohanglar yordamida betakror gʻazallar bitayotgan shoirlarimiz juda koʻp. Maqsad ular yaratgan aruziy ohangdagi asarlarni toʻplash, kitob yoki bayoz holida kitobxonlarga taqdim etish, bu bilan mumtoz sheʼriyat davomchilarini qoʻllab-quvvatlashdir.

Kitob oʻz vaqtida toʻplandi va adabiyotimiz tarixiga aylanib borayotgan aruzning mangu va oʻlmas ohanglarini yuraklarimizda sadolantirdi. Shoyadki, bugungi kunda filologiya yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar tomonidan “Zamonaviy shoirlar ijodida aruz vazni” va shu kabi katta tadqiqotlarga tayanch boʻlib xizmat qilsa.

Albatta, bir kitobni tartib berish oson ish emas. Unga katta mehnat sarf etiladi. Biroq devon tartib berishning sharqda maʼlum va qatʼiy bir qoidalari borki, buni har qanday toʻplamda koʻzda tutmoq lozim boʻladi. Hajman katta boʻlmagan kitobga har bir shoirdan beshtadan gʻazal kiritilgan ekan, mualliflar haqida yarim, bir, hatto bir yarim betgacha maʼlumotlar keltirilishi toʻgʻri boʻlmaganini taʼkidlab oʻtmoqchimiz. Bunday toʻplamga muallifning suratigina yetarli yoki maʼlumot juda qisqa, ikki-uch qatordan ortmasligi kerak boʻladi.

Biz kitobni nashr etishda mehnati singgan barchaga minnatdorlik bildirib qolamiz. Bu kabi bayozlar har yili chop etilsa, maqsadga muvofiqlik va aruzda ijod qiluvchi shoirlarni qoʻllab-quvvatlash boʻlar edi.

Bayoz mualliflarining maʼlum qilishlaricha, “Gʻazal gʻizoli”ning taqdimoti yaqin kunlarda noanʼanaviy tarzda – shoirlar, olimlar va hofizlar ishtirokida oʻtishi rejalashtirilayotgan ekan. Bu yangilikni eshitgach, taqdimot joyi va kuni jamoatchilik orasida keng eʼlon qilinishini kutmoqdamiz. Axir, shunday algʻov-dalgʻovli, yugurik zamonda dafʼatan bir “nafis majlis”ga tushib qolsangiz va u yerda mumtoz soʻz sozga ulanib tursa, bir kitob bayrami oʻtkazilsa, qanday yaxshi.

 

Maʼmura ZOHIDOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

26.01.2022 606