"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Akademik: “Soha rivojlanishi uning atamalarining toʻgʻri tanlanishi va qoʻllanishi ham bogʻliq”

Akademik: “Soha rivojlanishi uning atamalarining toʻgʻri tanlanishi va qoʻllanishi ham bogʻliq”

Bugungi globallashuv jarayonida mamlakat va jamiyatning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Aynan ilm-fan orqali yangi bilimlar oʻzlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi. Huddi shunday bugungi kunda sohalar yoki tarmoqlar rivojini taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ayniqsa, ishlab chiqarishga ilmiy innovatsiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish xizmat koʻrsatishni taʼlim jarayoni bilan uygʻunlashtirish ijobiy samara beradi. Zero, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlaridayoq birinchi uchrashuvlari ham aynan ilm ahli bilan oʻtkazilgan va yurtimiz ilm-fanining jahon miqyosiga olib chiqish vazifalari belgilab berilgan.

Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oʻzbekiston Milliy Universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent farmatsevtika instituti, shuningdek, viloyatlardagi qator oliy taʼlim dargohlari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan sanoat korxonalariga standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yoʻnalishlarida malakali kadrlar tayyorlash hamda sohaga doir ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish boʻyicha tizimli amaliy ishlar qilinmoqda.

Shunday ishlar qatoriga kuni kecha Oʻzbekiston Milliy metrologiya institutida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Bosh direktori D.Sattarov bilan Islom Karimov nomli Toshkent davlat Texnika universitetining yetakchi olimlari uchrashuvini misol keltirish mumkin. Uchrashuvda texnika fanlar doktori, professor, akademik Nodirbek Yusupbekov boshchiligidagi universitetning “Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish” hamda “Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” kafedralari professor-oʻqituvchilari, doktorantlari va yosh olimlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvdan oldin professor-oʻqituvchilar Milliy metrologiya instituti laboratoriyalari, milliy etalonlar bazasi, amalga oshirilayotgan amaliy va innovatsion loyihalar, xalqaro hamkorlik bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan soʻng uchrashuv davomida akademik N.Yusupbekov Oʻzbekiston Milliy metrologiya institutidagi yangi formatdagi laboratoriyalarida yaratilgan sharoit, qulaylik, nanotexnologiyalar va u yerda faoliyat koʻrsatayotgan yosh xodimlarning oʻz ishlarini puxta bilishlarini alohida taʼkidladi. Ushbu laboratoriyalarda professor-oʻqituvchilarning oʻquv mashgʻulotlarini olib borishi har bir talaba – boʻlajak mutaxassis bilimi, koʻnikmasining toʻgʻri shakllanishiga yordam berishi, universitet professor-oʻqituvchilarning bundan buyongi oʻquv mashgʻulotlarini ushbu laboratoriyalarda olib borishlari boʻyicha zarur tashkiliy choralar koʻrilishi haqida gapirdi.

“Bugungi kunda iqtisodiyot tarmogʻining hech bir turini metrologiyasiz tasavvur qilib boʻlmaydi va institutning laboratoriya bazasi bunga javob beradigan holatga kelganidan xursandman, deb metrologik xizmatning ahamiyati haqida alohida toʻxtaldi N.Yusupbekov, - oddiy biror kasallikka tashxis qoʻyish uchun belgilangan diagnostik asbobning notoʻgʻri ishlashi oqibatida albatta xato diagnoz qoʻyiladi, u asbobning maʼnaviy eskirgan holda ishlashi esa tizimni ishdan chiqaradi, asbobni toʻgʻri ishlatishni bilmasa ham jiddiy muammo kelib chiqishi tabiiy. Buning uchun esa, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga koʻtarishni talab qilayotganini, zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin ekani, taʼlim, ilm bilan tarmoq hamkorligini rivojlantirish, ilmni ishlab chiqarishga tadbiq etish muhim. Shu nuqtai nazardan, kun tartibiga maqsadli malakali kadrlar tayyorlash masalasini koʻndalang qoʻyib, shu yoʻlda ishlashimiz kerak. Chunki agar talaba ximik boʻlgani bilan asbob-uskunani ishlatishni bilmasa, sohani rivojlantirish qiyin. Raqamlashtirish jarayonida bitta mutaxassis oʻzining sohasidagi dasturiy mahsulotlarni ham mukammal egallagan boʻlishi talab qilinadi.”.

Oʻz oʻrnida, Bosh direktor D.Sattarov ham ushbu yoʻnalishda har qanday hamkorlikka tayyor ekanligi, laboratoriyalarda professor-oʻqituvchilarning oʻquv mashgʻulotlarini oʻtishi va amaliy natija berishi haqida gapirdi.

Akademik olim metrologiya sohasida xorijiy hamkorlikni rivojlantirish, malaka oshirish tizimini yanada kengaytirish, tajriba almashishni keng yoʻlga qoʻyish va shu asnoda Milliy metrologiya instituti 50dan ortiq etalonga ega boʻlishi, Markaziy Osiyoda lider davlati sifatida tan olinishi, Yevropada oʻzini oʻrniga ega boʻlishi haqida aniq misollar va qiyosiy faktlar bilan amaliy tavsiyalar berdi.

N.Yusupbekov institut laboratoriyalari bilan tanishish jarayonida olib borilayotgan ishlar asosida ilmiy tadqiqot va startap loyihalari tayyorlash, intellektual mulk uchun patentlar, dasturiy mahsulotlar uchun sertifikatlar olish mumkin jihatlarini koʻrgani haqida gapirib, yoshlarga bu borada qilinishi kerak boʻlgan ishlar haqida tushuntirish berdi. Chunki bugungi kunda ilmiy tashkilotning jozibadorligi uning ilmiy salohiyati, loyihalarning koʻpligi va intellektual mulk uchun patentlarning mavjudligi bilan belgilanishini qayd etdi.

Shuningdek, uchrashuvda respublika oliy oʻquv yurtlaridagi metrologiya va standartlashtirish boʻyicha mutaxassis chiqaruvchi kafedralar mudirlari, yetakchi olimlari ishtirokida seminar oʻtkazish, yoshlarning ilmiy maqolalar tayyorlash ishlariga  professor-oʻqituvchilarni biriktirish, “ustoz-shogird” anʼanasini har ikkala tashkilotda amalga oshirish, xodimlarning magistraturada oʻqishi, laboratoriyadagi maʼlumotlar, olinayotgan natijalar haqida oʻquv qoʻllanmalariga kiritish, soha boʻyicha doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlash va himoya qilish ishlarini jadallashtirish yuzasidan ham soʻz yuritildi.

  Suhbat jarayonida oliy oʻquv yurtlari tomonidan talabalarga beriladigan malakaviy bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalar mavzularini Milliy metrologiya instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqish, bu borada sohaga yangi kirib kelayotgan tushuncha va soʻzlarni davlat tilida boʻlishiga erishish boʻyicha tadqiqotlar olib borish, yangi soʻz va iboralarni “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ga kiritish ishlarini olib borish, soha atamalarining izohli lugʻatlarini nashri ustida ishlash yuzasidan ham takliflar muhokama qilindi va amaliy yechimi berildi. Akademikolim sohaning rivoji bir tomondan ilm fanga tayansa, ikkinchi tomondan soha atamalarining aniqligi, ularni toʻgʻri qoʻllay olishni bilishga bogʻliqligini taʼkidladi.

Uchrashuv soʻnggida Milliy metrologiya instituti yosh olimlari oʻzlarining qiziqtirgan savollari bilan murojaat qildilar va tegishli javoblarni oldilar.

 

 

Naibaxon Mamadaliyeva

Bosh direktor maslahatchisi,

fil.f.d., professor

27.01.2022 430