"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MUHABBAT INSHOLARI

Yunon rivoyatlari asosida avval Gʻarb estetikasida, keyinroq esa butun dunyoga keng yoyilgan bir tamoyilga koʻra, shoirlarning ilhomi qanotli, uchar ot (Pegas) shaklida boʻladi. Bizning mumtoz Sharq soʻz sanʼatida esa ilhom – pari timsolida tasavvur etiladi. Shuning uchun ilhom parisi, deymiz. Yana, qaddi-qomat behad mavzun, maʼsum koʻzli ohu ham ilhom ramzidir. Ohuni arablar gʻizol, toʻgʻrirogʻi – gʻazol deb ataydilar.

Yaqinda “Adabiyot” nashriyoti shoir Rustam Mirvohid tashabbusi va saʼy-harakatini qoʻllab-quvvatlab, mumtoz anʼanalar ruhida ijod qilayotgan oʻttiz toʻqqiz oʻzbek shoirining gʻazallarini bir muqovaga jamlab, ishtiqoq badiiy sanʼatini qoʻllagan holda uni “Gʻazal gʻizoli” degan goʻzal bir  nom ila kitobxonlarga bazl (tuhfa) etdi. 

Yaxshi bilasiz, oʻzbek xalq qoʻshiqlari asosan toʻrtliklar shaklida boʻlgan va hozir ham shu tarzda davom etib keladi. Biroq toʻrt satrda barcha tuygʻularni aytib tugallash amri mahol. Shuning uchun ham undan ikki-uch baravar koʻlamliroq boʻlgan gʻazal janri, mana, ming yildirki, yetakchi lirik janr oʻlaroq, oʻzbek soʻz sanʼati ayvonidan mustahkam oʻrin egallab kelyapti.

XX asrda, aniqrogʻi, uning eng oʻrtalarida – xoʻp “baynalmilal”lashgan, amalda esa yevropalashish tamoyili rosa kuchaygan, shuning taʼsirida aruzda yozish qoloqlik, hattoki reaksiya deb qoralangan bir davrda ham gʻazal bitish aslo toʻxtab qolgan emas. Asr boshlarida madrasada oʻqib bilim olgan taʼlimini olgan Mahjuriy, Habibiy, Bokiy kabi yuzlab shoirlarning asosiy ijod mahsuli gʻazal edi. Oltmishinchi yillarga kelib esa Erkin Vohidov bu janrning soʻlib borayotgan niholiga obihayot yetkazdi, uni yangidan gurkirashiga sabab boʻldi.

Qoʻlimizdagi nashr oʻtgan yuz yillikning oxirgi va yangi asrning birinchi choragi oʻzbek soʻz sanʼatining bu sohasini koʻz oldimizda yaqqol aks ettiradigan moʻjaz bir koʻzgu boʻlibdi. U shu kunlarda umr kitobining sakson toʻrtinchi sahifasini mutolaa qilayotgan Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamolning bir nafis gʻazali bilan ochiladi:

 

Xudoyim, men seni yod etmagan bir lahza, onim yoʻq,

Agar yod etmasam, yoʻqman, oʻlikman, tanda jonim yoʻq.

 

Seni yod etmasam, kimman? Makonsizlikka mahkumman,

Oyogʻim ostida tuproq, boshimda osmonim yoʻq...

 

Ushbu gʻazalning deyarli har bir baytida “yod etmoq” motivi va uning teranlasha borishini koʻramiz. Birinchi boʻlib berilgani, murojaat shakliga qarab, uni hamd gʻazal deyish mumkin boʻlsa ham, qofiyalanish tartibi va ruhidan kelib chiqqan holda, munojot deyish toʻgʻriroq boʻlur edi. Axir, bu Jamol Kamol – bir paytlar “Qoshimdan nozu istigʻno bilan ketding, yomon boʻldi, qoshimga nozu istigʻno bilang kelsang, yomon boʻlmas”, degan birgina bayti bilan gʻazalning inja goʻzalliklarini namoyon etgan dilbar shoir.

Kitobda shoir Chustiyning oʻgʻli mulla Baxtiyor Nabixon, Ismoil Mahmud Margʻiloniy kabi anʼanaviy yoʻllarga yangi iz solib ijod qilayotgan oʻnlab shoirlarning ijodidan namunalar berilgan.

Albatta, aruz, xususan gʻazalchilik borasida har kimning fikri bor. Masalan, menga gʻazal imkoniyatlarini chaqnatib yuborgan shoir Usmon Nosir boʻlib koʻrinadi. Uning “Yurak” degan soneti (qarang, aruzda – sonet!) boshqa janrlarga qaraganda gʻazalga yaqinligi, ammo chambarak qofiyalagani, aruzning anʼanaviy bosiq, osuda ritmiga joʻshqin ohanglar olib kira olgani bilan kishini lol qoldiradi:

     

Itoat et! Agar sendan

Vatan rozi emas boʻlsa –

Yoril! Chaqmoqqa aylan sen,

Yoril, mayli, tamom oʻlsam!...

 

Bu toʻplam jamlanayotgan chogʻda oramizda yayrab-yashnab ijod qilib yurgan, biroq uni qoʻlga olishga muyassar boʻlmagan Saʼdulla Hakimning mana bu baytlariga quloq tutaylik:

 

Boʻynida Mashrab osilgan dor izi – arqon izi,

Manglayida koʻhna anduh selining irmogʻi bor.

 

Rahmatlik Saʼdulla akaning “Oʻzbekistonim menim” deb nom berilgan bu gʻazalida vatan – yalangtoʻsh bir dehqon, boshidan koʻp issiq-sovuq kunlar oʻtgan bir vallomat. Uning boʻynidagi tirish – Mashrab osilgan dor arqoni izi, peshonasidagi ajinlar esa – ming yillik armon va anduh sellaridan qolgan irmoqlar... Mana shu kabi kutilmagan tashbeh-epitetlar bilan asarga jon kiradi, oʻquvchining shuurida yorqin sheʼriy obraz paydo boʻladi.

“Gʻazal gʻizoli” toʻplamida 195 ta gʻazal jamlangan boʻlsa, ularning saviyasi ham har xil boʻlishi ham turgan gap, albatta. Biroq ikki xil gʻazallar koʻzga koʻproq uringanini ham aytib oʻtish kerak. Birinchi xili – koʻproq qismi – “Visol sogʻinchidan tuydim halovat, Xazinangdan karam yodimga kelmas” kabi baytlari (Boqiy Mirzo) esda qoladigan, ikkinchi xili esa “Deydilarkim, yaxshi farzand diydasi ota-ano, Kim ato birla anoning hurmati odob erur”, “Birodarlar, mudom yaxshi niyat aylang, Mudom barcha qabihlikdan hazar aylang”, kabi nasihatomuz bitiklardan iborat.

Albatta, barcha mualliflardan bir xilda joʻshqin va latif gʻazal yozishni talab qilish nooʻrin, biroq kimgadir oʻqib berib, “bu gʻazal uch yuz yil avval bitilgan”, desangiz hechkim ajablanmaydigan boʻlmasligi ham kerak, asardan davr ruhi kelib turmasa, adabiyot joyida depsinib qoladi.

Gʻazal – muhabbat inshosi, eng ommaviy ishqnomadir.

Samarqandlik shoira Sitora Shomurodovaning gʻazallaridagi magʻzi toʻq, ifodasi ravon mana bu baytlarga bir qarang:

 

Muhabbat bu – manim ochgan vale yopmas kitobimdir,

Yuzin ifsho etib avval, keyin pinhon, hijobimdir.

 

Jununlik tushdi bu jonga, yurak toʻlmish qaro qonga,

Tasanno aytsam imkonga, ajab, diydor sarobimdir.

 

Ushbu majmuadagi ishqnomalarni oʻqisangiz, ularda, avvalo, bu umri hayotdan rozilik, nekbinlik, ezgu umidvorlik tuygʻulari boʻrtib turishini koʻrasiz:

Hayot shukrin qilib, qolgan nafaslar

Tamaʼning chashmasin butkul quritsam.

            (Sultonmurod Olim);

 

Oʻzingdan ichkari kir, dilga kirgil,

Na bordir jonu tandin tashqarida?

 

Vatan ichra safarlar ayla ey dil,

Vatan boʻlmas vatandan tashqarida.

            (Sirojiddin Sayyid).

Yana bir turkum gʻazallar badiiy sanʼat bilan muzayyan ekani kishini mamnun qiladi, mumtoz adabiyot anʼanalari davom etayotganiga amin boʻlasiz:

Maʼmura Zohidova “Men bilan qol” degan gʻazalini boshdan-oyoq tavzeʼ sanʼati bilan ziynatlabdi:

 

Men bilan qol, bir vafoli yor bilan,

Ne qilarsan dogʻuli dildor bilan.

Injimay kel, inja inju indiray,

Sen adashma ayricha ayyor bilan.

 

Bu anʼanani Toshpoʻlat Abbos yanada shavq bilan davom ettirib, besh baytli butun bir gʻazalni birgina “S” harfli soʻzlardan tuzibdi (matlaʼsi):

 

Sen siyah soch sunbuli sarvi sumandek soyabon,

Soʻzlabon solding sogʻinch,sehru siru sanʼatsimon...

 

Hurufiy sanʼatlardan maʼnoviy sanʼatlar sari koʻngil burmoqchi boʻlsangiz, Xurshida Vahobjon qizi bitgan baytga qarang:

 

Figʻonkim, gavharim dengizga choʻkmish,

Gʻururim yerga hasrat tuxmin ekmish.

Ha-da, gavhar dengizda boʻladi, urugʻliq  esa yerga ekiladi. Uni mantiq sanʼati desa ham boʻladi, Afsuski, ayrim gʻazalnavislar oʻtmish badiiyatining ana shu birlamchi talabidan bexabar ekanligi koʻrinib qolgan. Toʻgʻri, kitobga sheʼri olingan aksar gʻazalnavislar yosh, shu bois, misralarni aruzga tushirish uchun yo boshiga mushtlab, yo qulogʻidan choʻzib, aruzga solish, ayrim soʻzlarni oʻzgartib boʻlsa-da, “tartibga tushirish”ga intilish seziladi:

 

Koʻnglimga sham sochmas ziyo, zuhromni sogʻindim!

Koʻkni bulut qopganmi, yulduzdan xabar kelmas (152-bet).

“Qoplaganmi”ni “qopganmi” deya ixchamlashtiraman degan shoir bulutni bir maxluqqa aylantirib qoʻyibdi. Uni “yopganmi” kabi boshqa bir soʻz bilan almashtirsa, oʻrinliroq boʻlarmidi.

Toʻplam tahriri haqida gapiradigan boʻlsak, u hali “tahrirbop” ekan. Men bu oʻrinda imloviy qusurlarni, yoinki “Shoira 1967-yilda tugʻilgan. Namangan viloyati Norin tumanida tugʻilgan”, kabi palapartishliklarni aytayotganim yoʻq. Hatto bir gʻazalnavis surati ostiga bor-yoʻgʻi toʻrt satr, boshqasida esa naq qirq satr “hayotnoma” berilgani kabi tafovutlarni ham tilga olmayapman. Ammo sheʼr mazmuniga daxl qiladigan oʻrinlar borki, bundan ham koʻz yumsak, yarashmas. Masalan, Amir Xudoyberdining “Husning olami yaratmish” sarlavhali gʻazalini oʻqisangiz, ilk misrada “Husning olamni yaratmish, asli sendan ibtido” degan satrga duch kelasiz. Xoʻsh, buning qaysi biri toʻgʻri? Bizningcha, gap tasavvufdagi tajalli motivi haqida ketyapti, demak, sarlavha – xato. Gʻazallar matnida uchraydigan yana bir qusur hozir tildan chiqib ketgan, oʻquvchiga noayon qadimgi atamalarni sheʼr matniga zoʻrlab kiritishdan iborat. Masalan:

 

Zaxmim ziyod erur, ey, zirh, ey, sipar,

qanday topay seni?

Qaydan topay seni?...

 

Charchatdi tashnalik, kuydirdi oftob,

Qavi(y)ridan topdim faqat sarob,

Qaylardasan, buloq? Qaylardasan, shajar?

qanday topay seni?

Qaydan topay seni? (172).

 

Ammo bu kabi baʼzi nuqsonlarga qaramay, “Gʻazal gʻizoli” toʻplami oʻzbek adabiyotida bu janr oʻz ohorini yoʻqotmay kelayotganini, qalam ahli faqat rebussimon “aql oʻyin”lariga andarmon boʻlib ketmaganini koʻrsatadi.

Xudoyberdi Komil bitgan mana bu baytlarda yana bir maʼno yashirin:

 

Kim tafakkur aylasa, yetgay fano maʼnosiga,

Bunda kamdan-kam erishgaydir safo maʼvosiga.

 

Albatta, birgina baytning oʻzi nafaqat hozirgi oʻzbek gʻazalchiligi, hatto shu gʻazalning oʻziga ham mukammal oyina boʻlishi amrimahol. Ammo gap boshqa yoqda: hatto hozir – XXI asrda ham bizni tasavvufiy tushunchalar tark etib ketmabdi, gʻazallarimiz soʻfiyona ruh bilan ziynatlanayotibdi ekan! Ha-da, gʻazal boʻlsa-yu, uning botinida tasavvufiy maʼno boʻlmasa, bu chinakam gʻazal boʻlarmidi? Men Mirzo Kenjabek, Shoira Shams, Rustam Mirvohid, Jaʼfar Muhammad va yana koʻp umidli shoirlarimizning gʻazallari botinida ana shu ruhni koʻrib obdon quvondim, tasavvuf inson tafakkurining gultoji ekaniga,  gʻazal, ruhi aslo zabun boʻlmay, keyingi asrlarda ham yashashiga amin boʻldim.

Azizlar,  “Gʻazal gʻizoli” kitobiga kiritilgan salkam ikki yuz sheʼrni, hatto yuzaki tarzda boʻlsa ham, tahlil qilish mushkulligini siz yaxshi bilasiz. Va yana, bu toʻplamda shunday gʻazallar ham borki, ularning har birini sharhlash uchun butun bir ilmiy maqola bitish lozim. Ammo, kerak.

Oʻzbek gʻazallarini bir kitob ostida yigʻish yoʻlidagi bu tajriba yana davom ettiriladi, albatta. Shuning uchun, pirovardida bir istak – keyingi toʻplamda Oʻzbekistondagina emas, uning tevaragida yashaydigan barcha oʻzbek shoirlarining gʻazallari ham jamlansa, qaniydi. Ana shunda bir butun oʻzbek adabiyoti, bitta janr vobastaligida boʻlsa ham, jamuljam boʻlar edi.

 

Zuhriddin Isomiddinov

 

03.02.2022 687