"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yo‘qolib ketgan millatlardan bo‘lmaylik

Davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkinligi to‘g‘risidagi maʼlumot internet foydalanuvchilari o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Bir yil oldin ham davlat tili atrofida shunday ommaviy rezonans holatini kuzatgan edik. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 7 bob, 29 moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilgandan so‘ng, “Vesti.uz” saytida bir qator fuqarolar O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifini ilgari surgan edi. Aslida, bunday “tashabbuslar” ortida yurtimizda tinch-totuv yashab kelayotgan millat va elatlar o‘rtasiga nifoq solish hamda jamiyatni parokanda qilish maqsadi yashiringanligi sir emas.

Aslida, o‘zbek xalqidek bag‘rikeng va soddadil xalq bo‘lmasa kerak. Tasavvur qiling, temir yo‘l chiptasini olmoqchi bo‘lib sotuvchiga murojaat qilgan tanti inson, sotuvchi unga o‘zbek tilini bilmasligi aytib qo‘rslik bilan darchani yopib qo‘yganda, hijolat bilan “kim yordam berarkin” deb mulzam boqib turishini kuzatib turishning o‘zi fojia emasmi? O‘z yurtida rus tilini bilmaganligi uchun kamsitilishining o‘zi fojia emasmi? Bunday misollarni siz ham ko‘p bor kuzatgansiz, albatta.

Aslida, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni taʼminlash bo‘yicha qatʼiy qadamlar ancha oldin tashlangandi. Bosh qomusimiz hamda davlat tiliga oid qonun hujjatlari bunda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu borada, 2019 yil 10 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi o‘zbek tilining tarixiy g‘alabasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilish, Davlat tilini rivojlantirish departamentini tashkil etish, Atamalar komissiyasi, 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish kabi vazifalarning belgilanishi vatanparvar ziyolilarimiz orzularining ro‘yobi sifatida eʼtirof etish mumkin.

Demak, davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi masalasi bu kecha yuzaga kelib qolmagan. Bu uzoq va puxta o‘ylangan strategiya. Bu mustaqil davlatchiligimizning rivojlanish yo‘lidagi oldinga tashlangan yana bir mustahkam qadamdir.

Butun dunyoda globalizatsiya sabab ayrim davlatlarda ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yo‘qolayotganligini guvohi bo‘lmoqdamiz. YUNESKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining 75 foizida milliy tilni himoya qilish maqsadida tilga oid davlat siyosati mavjud. Aksariyat davlatlarda muayyan xalq tilini davlat tili deb eʼtirof etilishi davlat tilining davlat boshqaruvida, sud ish yurituvida hamda ish yuritishda majburiy tartibda yuritilishini anglatadi.

Masalan, Germaniya Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunda maʼmuriy organga faqat nemis tilida murojaat qilish shartligi to‘g‘risidagi norma belgilangan. Germaniya fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunda fuqarolar “nemislar” degan tushuncha bilan ifodalanadi. Nemis tilini lozim darajada bilish Germaniya fuqaroligiga qabul qilinishning muhim sharti sifatida belgilangan.

Ukrainada 2019 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, deputat va mansabdor shaxslar davlat tilidan boshqa tilda chiqish qilganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Ukrainada “Til ombudsmeni” lavozimi ham joriy etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi ukrain tilini davlat tili sifatida faoliyat yurilishini taʼminlash hisoblanadi.

Latviyada davlat tili normalarini buzganlik uchun javobgarlik doirasi ancha keng. Jumladan, ommaviy tadbirlarda yoki ish jarayonidagi majlislarda davlat tiliga tarjima yo‘lga qo‘yilmaganlik uchun jarima jazosi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, davlat tilini lozim darajada bilmaydigan xodimni ishga olgan ish beruvchiga ham maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Latviyada davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik uchun 140 yevro miqdoridagi jarima belgilangan bo‘lib, Latviya parlamenti tomonidan ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra mazkur huquqbuzarlik uchun jarima miqdorini 1400 yevrogacha belgilash taklif etilmoqda.

Yevropaning “madaniy markazi” bo‘lgan Fransiya uchun fransuz tili milliy qadriyat kabidir. Shu sababli faranglar yurtida ko‘cha-kuyda davlat tilidan boshqa yozuvni ko‘rmaysiz. Qo‘shimchasiga bu qadriyat qonun bilan mustahkamlangan. Davlat tiliga oid normani buzish jismoniy shaxsga oilaviy byudjetning 700 yevrosidan mahrum bo‘lishga olib keladi. Tabiiyki, mehnat munosabatlarida ham faranglar to‘liq ona tilida ish yuritishadi.

Albatta, mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bundan keyin ham davlatimiz uchun ustuvor bo‘lib qoladi.Taklif etilayotgan norma ona tilimizning nufuzini yana-da oshirish barobarida mamlakatimiz umumiytaholisining o‘zbek tilida gapiradigan 90 foizdan ziyod ko‘pchilikning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”

Bekzod Narimanov,Toshkent davlat yuridik

universiteti katta o‘qituvchisi

28.04.2020 446