- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- Reklamalarni DAVLAT TILIDA eʼlon qilish talabi qoʻyiladi
Reklamalarni DAVLAT TILIDA eʼlon qilish talabi qoʻyiladi
O‘zbekistonda
reklamalarni davlat tilida berish qat’iy belgilanishi kutilmoqda. Qonunchilik
palatasi qabul qilgan qonunga binoan, davlat tilidagi reklama boshqa tillarda
ham aynan qaytarilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini
himoya qilish agentligi direktori Elmurod Hayitmetov “Reklama to‘g‘risida”gi
qonunning yangi tahriri yuzasidan ma’lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayni
damda Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun tayyorlanayotgan qonunda bir
qator yangiliklar nazarda tutilgan.
“Shu paytga qadar amaldagi qonunimizda reklama tiliga bo‘lgan talab mavjud emasdi. Ya’ni reklama uni beruvchining xohishiga ko‘ra, istalgan tilda berilishi mumkin edi. Endilikda reklamani dastlab davlat tilida berish qat’iy belgilanyapti va reklama beruvchining ixtiyoriga ko‘ra, boshqa tillarda ham aynan qaytarilishi mumkin”, – deydi agentlik direktori.
Shuningdek, qonunda voyaga yetmaganlarni reklamaning salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan normalar ham mavjud.
“Voyaga yetmaganlarni xavfli
vaziyatlarda ko‘rsatish taqiqlanmoqda. Reklamalarda voyaga yetmaganlarning
keskin jarohat olishi mumkin bo‘lgan holatda mahsulotlarni reklama qilish,
reklama qilinayotgan mahsulotga ega bo‘lmaslik uning tengdoshlari va
jamoatchilik orasida kamsitilishiga olib kelishi haqidagi tasavvurni
shakllantirish, kundalik ovqatlantirishlar sonini ko‘paytirishni yoki asosiy
oziq-ovqatlarni yengil oziq-ovqatlar, qandolat mahsulotlari va boshqalar bilan
almashtirishni rag‘batlantiruvchi reklamaga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ayrim mahsulotlar
reklamasi tegishli ogohlantirish va qo‘shimcha axborotlarni ilova qilgan holda
amalga oshirilishi talabi belgilanmoqda. Xususan, dori vositalari, biologik
faol qo‘shimchalar, energetik ichimliklar, xalq tabobati, lotereya
reklamalariga ularning xavfi, ta’siri to‘g‘risida qat’iy ogohlantirisar berib
borish talabi qo‘yilmoqda”, – dedi Elmurod Hayitmetov.
Uning
qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab iste’molchilarning shikoyatlari inobatga olinib,
uyali aloqa kompaniyalari tomonidan foydalanuvchilarning roziligisiz uyali
aloqa vositalariga turli reklamalar jo‘natilishi ham taqiqlanmoqda.