"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Bir hurmatga o‘n izzat...

Adliya vazirligi muhokamaga kiritgan “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida“gi loyiha davlat tilimizning rivojlanishidagi amaliy ishlardan biridir. Ayni kunlarda O‘zbekistondagi minglab kishilar ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlab, turli izohlar va takliflar yozib qoldirmoqda.

Mazkur loyiha Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan va shu yilning 10 aprelida qabul qilingan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqqan holda, davlat tilini rivojlantirishning amaliy davomi va ijrosi hisoblanadi. Bu bilan xalqaro hujjatlar, qonunlar, davlat organlari va tashkilotlari orasidagi barcha yozishmalar davlat tilida bo‘lishi zarur qilib qo‘yilgan. 

O‘zbekistonning, ona tilimizning kelajagi uchun qayg‘uradigan vatanparvar yurtdoshlarimiz bu xabarni quvonch bilan qarshi oldi, albatta. Yer yuzining eng qadimgi xalqlaridan biri bo‘lgan, yuksak sanʼat asarlarini bir necha ming yil avval yaratgan, insoniyatga ne-ne tamal kashfiyotlarni hadya qilgan shu xalq o‘z davlatida o‘z ona tilini joriy qilayotgan ekan, bu shubhasiz sharafli va ezgu ish, yaʼni g‘oyat qadimgi anʼanalarning yangi pallasi, yuksalishidir.

Shu sababli ham loyihada gap davlat tili haqidagi qonun, farmon va qarorlarning to‘laqonli ijrosi va u ijroni taʼminlamaganlarni jazolash haqida emas, balki javobgarlikni kuchaytirish haqida bormoqda.

Shuningdek, ushbu loyiha insonparvarlik tamoyillariga ham to‘la mos bo‘lib, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi 130 dan oshiq millat va elatlar haq-huquqiga sira daxl qilmaydi, chunki gap o‘zaro muloqot tili haqida emas, davlat tili haqida bormoqda. Shu o‘rinda turli millat va elatlarning madaniyat markazlari, urf-odatlari qatorida ona tiliga ham munosib ravishda eʼtibor ko‘rsatilayotganini, qo‘llab-quvvatlanayotganini taʼkidlab o‘tish kerak. O‘zbekiston yangilanish siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirishdan iborat. Mamlakatning yoshlarga oid davlat siyosati ular xorij tillaridagi ilm-fan yangiliklarini, o‘sha tilda yaratilgan mumtoz adabiy asarlarni asliyatda o‘qib-o‘rganishni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.

Yangi mazmunga ega xalqaro munosabatlar tufayli AQSH, Germaniya, Yaponiya, Turkiya va shu kabi bir qancha xorijiy mamlakatlarda “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari ochilgani, dunyoning nufuzli universitetlarida o‘zbek tili va adabiyoti darslari o‘qitilayotgani davlat tilimizning xalqaro miqyosga chiqishidagi dastlabki bosqichi bo‘lsa, O‘zbekistonda davlat organlarining o‘zbek tilida ish yuritishi esa shu ezgu maqsad yo‘lidagi muhim qadamlardan hisoblanadi.

Quvonarli yana bir holat: qator davlatlarining favqulodda va muxtor elchilari, dunyoga mashhur xorijiy kompaniyalarning vakillari o‘zbek tilini o‘rganib, davlat tiliga hurmat ko‘rsatishda boshqalarga o‘rnak bo‘lmoqda. AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyumning kechagina ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘zbekcha “Uyda qoling” murojaatini va Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklarga yo‘llagan tabrigini ko‘pchilik ko‘rdi. Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy davlatlarning rahbarlari o‘zbekcha salomlashgani – uning o‘zbek tiliga, xalqiga va davlatiga hurmati ifodasidir. O‘zbek xalqi esa o‘zini bir hurmat qilganga doimo o‘n baravar izzat ko‘rsatib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Shunday yuksak maqsadlarni ko‘zda tutish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘lgani uchun, Adliya vazirligi muhokamaga qo‘ygan ushbu loyihani to‘la qo‘llab-quvvatlayman va nafaqat davlat organlari, balki O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan chet el vakolatxonalari, shoʻbalari, xorijiy va qo‘shma korxonalar, xo‘jalik yuritish shakllaridan qatʼiy nazar, barcha yuridik va jismoniy shaxslardan ham shunday tashabbus ko‘rsatishini so‘rayman.

Isajon SULTON

28.04.2020 567