"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL – MA’NAVIY YUKSALISHNING ASOSI


Maʼlumki, shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston — Inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida harakatlanayotgan “Madaniyat karvoni” Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi. Yozuvchi-shoirlar, ziyolilar, madaniyat va sanʼat sohasi vakillaridan tarkib topgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi targ‘ibotchilari viloyatning barcha go‘shalarida davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazishmoqda. Galdagi tadbir Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan bo‘lib o‘tdi.

Unda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi eksperti, xalqaro toifadagi spiker Jamila Shermuxammedova oilani mustahkamlashning huquqiy asoslari, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, yosh oilalarini qo‘llab-quvvatlash, oilada milliy qadriyatlar rivoji va ularning yoshlar tarbiyasiga taʼsiri, oilada turli zararli illatlarga qarshi immunitetni hosil qilish, yoshlar tarbiyasida oila va taʼlim muassasasi hamkorligi kabi masalalar haqida qiziqarli maʼlumotlar bilan o‘rtoqlashdi.


Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, maʼrifat targ‘ibotchisi, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligining  maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Obiddin Maxmudov ona tilimiz xususida fikr bildirib, til va nutq masalasi qadimdan millat maʼnaviyati va madaniyati takomilining bosh omillaridan biri ekanligi, uning benihoya muqaddas va mo‘tabarligi haqida batafsil tushunchalar berdi. Til shaxsning maʼnaviy kamolotida tafakkur gulshani darvozalarini ochgan tengsiz bir vosita ekanligiga alohida to‘xtaldi.

Tadbirda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining rivojlanish yo‘lida o‘zbek tilining rasmiy maqomini mustahkamlashda olib borilayotgan saʼy-harakatlaridan biri sifatida “Davlat tilida ish yuritish” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O. Maxmudov kitobning ish yuritish hujjatlarida ahamiyatli taraflarini, foydali jihatlarini taʼkidlab, kitob haqida batafsil so‘zlab berdi.




Yakunda Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshlig‘i Akbar Abduxalilovga “Davlat tilida ish yuritish” kitobi shaxsiy tarkib bilan ishlash maqsadida taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga vatanparvarlik mavzusida videorolik namoyish etilib, targ‘ibotchilar tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy kitoblar sovg‘a qilindi. 


08.07.2022 617