"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Globallashuv muhitida har bir xalq ona tilini asrashga intiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 10 aprel kuni "O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Bir-necha kun bo‘ldi – O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish bo‘yicha qonun loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Bularning bari bizga o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatimiz haqida yana bir karra jiddiy o‘ylab ko‘rish, ona tilimizga chetdan bir qur nazar tashlash, tahlil va tafakkur etish imkoni va masʼuliyatini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, professor Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV bilan suhbatimiz ham shu fursat, shu tafakkur mahsuli o‘laroq eʼtiboringizga havola etilmoqda.

– Bugungi sinovli kunlarda "O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunning qabul qilinishi har qanday sharoitda ham til, umuman, maʼrifat va maʼnaviyat masalasi davlatimizning doimiy eʼtibor markazida ekanini yana bir bor isbotladi. Bu borada qanday muhim ishlar, rejalar ko‘zlangan?

– Globallashuv muhitida, mamlakatlar o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgan bir vaqtda har bir xalq, har qaysi davlat milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiy. Prezidentimiz bu jihatlarga juda katta eʼtibor bermoqda.

O‘tgan yili davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganining 30 yilligi keng nishonlangani, 2019 yil 21 oktyabrda davlatimiz rahbari tomonidan "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi tarixiy farmon qabul qilingani bu boradagi chora-tadbirlarni yana-da jadallik bilan rivojlantirishga keng yo‘l ochdi.

Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmasi sifatida faoliyat yuritayotgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti ham Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan. Departament o‘z faoliyatini vazirliklar, qo‘mitalar, davlat boshqaruvi, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Hozirgi vaqtgacha departament tomonidan mamlakatda davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolar izchil o‘rganilib, ularning yechimlari yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Jamoatchilik nazoratining samarali shakllari joriy etilmoqda.

Prezident farmoni ijrosini taʼminlash bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda 31 yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish, 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi ishlab chiqish ustida ishlar boshlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya qilish, ish yuritishni davlat tilida tashkil etishga shaxsan masʼul ekanligi belgilab qo‘yilgan.

– O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati, vazifalari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Ha, endi tilimiz rivoji uchun sarmoya ham bor. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan maxsus jamg‘arma tashkil etildi. Bu jamg‘arma mablag‘lari o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, shu maqsaddagi loyihalarga grantlar ajratish, kitoblar, qo‘llanmalar, lug‘atlar va boshqa noshirlik mahsulotlari chiqarish, ilmiy tadqiqotlarni, shuningdek, tilimizni rivojlantirishga oid media mahsulotlar, kompyuter dasturlari, mobil ilovalar va boshqa elektron materiallarni tayyorlash ishlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Bundan tashqari, o‘zbek tilining xalqaro mavqeini mustahkamlash maqsadida ona tilimizdagi materiallarni chet mamlakatlardagi o‘zbek tilini o‘rgatish markazlariga, vatandoshlarimizga yetkazib berishdek xayrli ishlarga yo‘naltiriladi.

– Zimmasida davlat tilida ish olib borish, hujjatlarni aniq va to‘g‘ri yuritish vazifasi bo‘lgan rahbarlar, xodimlarning xalqaro atamalar bilan tanish emasligi ham bir muammo...

– Xalqaro atamalar lug‘atining to‘ldirilgan nashri chop etiladi. Shu maqsadda tashkil etiladigan ishchi guruhga avval shu turdagi lug‘atlarga mualliflik, hammualliflik qilgan tajribali olimlar jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Lug‘atlarni mukammallashtirish, ularda xalqimiz ilmiy, maʼrifiy va badiiy tafakkurining bebaho mahsuli bo‘lgan ona tilimizdagi barcha so‘zlar, barqaror birikmalarni qamrab olish eng muhim mezon sifatida belgilab berilgan.

Xalqaro atamalar bugungi globallashuv davrida, ayniqsa keng quloch yoydi. Shu bois, xalqaro atamalar lug‘ati yaqin vaqtda, shu yil chop etilishi rejalashtirilgan. O‘z navbatida, ijtimoiy-siyosiy, turli fan sohalari atamalari, o‘zbek tili maʼnodosh so‘zlari, frazeologizmlari izohli lug‘atlarini mukammallashtirishni ham maqsad qilganmiz.

Qaror ilovasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan 2020-2022 yillarda o‘zbek tili va adabiyotiga doir fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilangan. Unga ko‘ra, yangilanib to‘ldiriladigan, qayta ishlanadigan lug‘atlarning barchasi o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan chop etilishi rejalashtirilgan. Ona tilimizning takomili, uning dunyo hamjamiyatida yana-da mustahkam mavqe tutishiga, albatta, erishamiz.

Ozoda BEKMURODOVA

suhbatlashdi


01.05.2020 464