"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Ona tilimiz rivojiga eʼtibor tibbiy atamashunoslikni ham yangi bosqichga ko‘taradi

Ona tilimiz rivojiga eʼtibor tibbiy atamashunoslikni ham yangi bosqichga ko‘taradi

Shu bois, yana-da kuchli huquqiy asos beruvchi meʼyoriy hujjatga, davlat tili amal qilishini tartibga soluvchi tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ehtiyoj sezildi. Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, mamlakatda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yana-da oshirish, davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishiga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Qaror asosida davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari tuzilmalarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Ushbu yangi lavozimni egallagan mutaxassislarga yuqoridagi vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha juda katta masʼuliyat yuklatildi.

Har qanday mamlakatda davlat tili hukumat boshqaruvida amal qilish bilan birga, barcha sohalarda xalq og‘zaki so‘zlashuvidan oziqlangan maxsus atamalarning qo‘llanishi, kun sayin kengayishi bilan xarakterlanadi. Biz bugungi globallashuv sharoitida qadimiy va boy tilimizni tadqiq etishdan ko‘ra, dunyo tillarida keng ommalashayotgan tayyor atamani olib qo‘ya qolamiz.

Aslida, dunyo ayvonida juda ko‘p kishilarda qiziqish uyg‘otib, katta minbarlarda yangrayotgan ona tilimizning go‘zalligini o‘zimiz namoyon etmasak, boshqa hech kim yordam bermaydi. Boshqa millatlar biz ularning so‘zlaridan qancha ko‘p foydalansak, shuncha shodlanadi. Chunki o‘z so‘zini tinglagan kishining qalbida milliy g‘urur uyg‘onishiga sababchi bo‘lamiz. Biroq tilimizda bor atamalarni topib ishlatsak, aholi uni talaffuz qilishda ham, yozishda ham qiynalmaydi.

Tibbiy atamalarning ko‘pi xalqimizda qadimdan isteʼmolda bo‘lgan. Xafaqon (davleniye), yaraqon (sirroz — jigar xastaligi), istisqo (qorinda suv to‘planishi — assit), bavosir (gemorroy), zotiljam (pnevmoniya) kabilar aytish uchun naqadar qulay va o‘zida shu kasallik xususiyatini ifodalab, ongimizda yaxshi anglashiladi. Biroq biz o‘zga til atamalariga zo‘r beramiz.

Bu o‘rinda yurtimizdagi tibbiyot mutaxassislarining ham maʼlum maʼnoda aybi bor. Olimlarimiz tibbiyotga oid kitoblar, manbalarni tezlik bilan, keng miqyosda rus, ingliz tillaridan ona tilimizga o‘girishlari, bunda Abu Ali ibn Sino va boshqa ko‘p sonli tabiblarning vorislari sifatida tilimizga o‘ng‘ay atamalardan foydalanishga katta zarurat bor.

Ayni paytda O‘zbekistonda davlat tilini keng tatbiq etishda mamlakatimizda yashayotgan bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillarining imkoniyatlari, tilni o‘rganishga bo‘lgan rag‘bati kabilar hisobga olinib, kurslar ochilishi va maktablar tarmog‘ida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani quvonarlidir.

Bugungi kunda til o‘rganish, milliy maʼnaviyatimizning asosini tashkil qiluvchi davlat tiliga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish, ajdodlarimiz maʼnaviy merosiga ijodiy yondashgan holda jahon madaniyati va texnologiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanish lozim. Bu yo‘nalishda taʼlim, madaniyat tashkilotlarigina emas, balki barchaning ishtiroki zarur. Joylarda shaxsan hokimlarning bevosita xalq bilan maʼnaviyat va maʼrifat, davlat tilining nufuzi hamda zarurati to‘g‘risidagi suhbatlarini uyushtirish, imkoniyat darajasida televideniye, radio va, umuman, ommaviy axborot vositalari orqali keng tashviqot ishlarini olib borish maqsadga muvofiq. Bu o‘rinda mahalliy ommaviy axborot vositalari zimmasiga rahbariyatning davlat tili va maʼnaviy-maʼrifiy sohada xalq bilan birga ekanini namoyon etuvchi chiqishlarning rang-barangligini oshirish, uning haqiqiy va hayotiy ko‘rinishlarini batafsil ommaga yetkazish vazifasi tushadi.

Davlat tili jamiyat maʼnaviyati va taraqqiyotining asosini tashkil qiladi. Shu nuqtai nazardan, davlat tili ko‘p millatli xalqimizning bir butun bo‘lib, jipslashishi va yurtimiz rivojlanishining muhim omilidir.

Shunday ekan, davlat tilida ish yuritish imkoniyati yetarli bo‘lgan ayrim tashkilotlarda ham hamon rus tili asosiy o‘rnida qolayotganini qanday tushunish yoki baholash mumkin?! Bu xatti-harakatlar davlat tilining amalga joriy qilinish jarayonini susaytiradi. Oxir-oqibatda milliy davlatchilik xususiyatiga putur yetadi, tilimizdagi so‘zlar yo‘qotishlarga yuz tutadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining “Vazirlik tizimidagi muassasalarda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq, tizimdagi barcha muassasalarda davlat tilida ish yuritilishini samarali tashkil etish va uning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Uning oldiga vazirlikka tegishli muassasalarda davlat tiliga qonunda belgilangan tartibda rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yildi.

Jumladan, tizimdagi muassasalarda hujjatlar, yozishmalar, ko‘chalarga o‘rnatilgan reklama bannerlarining so‘zsiz davlat tilida yuritilishini taʼminlash, tibbiyotga aloqador muassasalarning binolari peshtoqidagi nomlar va uning ichidagi xonalar eshigidagi atama, birinchi navbatda, davlat tilida va zaruratdan kelib chiqib, undan keyin boshqa tilda yozilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi va nazoratga olindi.

Barcha dori-darmon vositalarini qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalar va retseptlar davlat tiliga o‘girildi va bu jarayon davom ettirilmoqda. Tibbiy tez yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilinsa, ayrim hollarda o‘zbekcha javob berilmaslik hollari mavjud edi. Bu ona tilidan boshqa tilni bilmaydiganlarga maqsadini to‘g‘ri tushuntirishda ancha qiyinchilik tug‘dirar edi. Endi bu masalani hal etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Ko‘chalardagi turli reklamalar hamon boshqa tillarda ko‘zga tashlanarli darajada kattalashtirib yozilishi kishini hayron qoldiradi. Surishtirsangiz, uni yozdirgan shaxsning o‘zi ham u tilni umuman, tushunmasligiga guvoh bo‘lasiz. Sababini so‘rasangiz, xorijliklarga oson bo‘lishi uchunligini ro‘kach qiladi. Vaholanki, chet elliklar O‘zbekistonni, xalqimizning o‘ziga xos qadriyatlari va yashash tarzini, osori-atiqalarini ko‘rish uchun keladi.

Ko‘pgina millatdoshlarimizning farzandlarida va boshqa millat vakillarida o‘zbek tilini o‘rganishga intilish ancha sust. Sababi, o‘zbek tilini o‘rganishga intiluvchilar rag‘batlantirilmaydi. Ona tilimizni o‘rgatuvchi bepul kurslar ochish, tilimizni o‘rgatuvchi arzon va sifatli kitoblar nashr qilish davlat tilining ustuvorligini taʼminlashda katta yordam beradi.

O‘.ABILOV, 

Sog‘liqni saqlash vazirining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, 

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash 

masalalari bo‘yicha maslahatchisi

04.05.2020 646