"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“REKLAMA TO‘G‘RISIDA”GI QONUNNING YANGI TAHRIRI KUCHGA KIRADI

Bugun keng va shinam avtomobil yo‘llari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, yirik hajmdagi savdo uylari tomon yo‘lingiz tushsa, tashqi tasviriy vositalar, bunda yirik hajmdagi let monitorlar-u bannerlar tasavvuringizda ko‘cha yuzini bezagandek go‘yo. Keng hajmda katta qilib yozilgan peshtoq yozuvlari esa inson xayolini chalkashtirib yuboradi. Tashqi tasviriy vositalardagi izohli rasmlar turli millat vakillariga xos: o‘zbek, rus, ingliz, arab, koreys,…, xullas davomli sanash mumkin. Demak, tashqi reklamalardagi milliy ruh ham shunga yarasha. Milliy ruh haqida gap ketganda millatning aksini tushunish odat tusiga kirgan. Haqiqatan ham shunday. Ammo millatning yuzi nafaqat suratda, balki yozuvda ham aks etadi. “Sarpo”, “Marvarid”, “E’zoz”, “Chinor”, “Malika”, “Sulton saroy”, “Chorsu”, “Sarbon”, “Rayhon”, “Baraka”, “Erkatoy”, “Xalqparvar, vatanparvar”… Eh-he, bunday tilimizda jozibador jarang sochuvchi so‘zlar sonini hali ko‘p sanash mumkin. Biroq ularning orasida jarang sochuvchi “Barbershop”, “Butik”, “Barbarosso”, “Sigma”, “Kanselyariya”, “Optom tovarlar”, “Kabluchok”, “Tuning shop” kabi so‘zlarning borligi kishini o‘ylantiradi. Achinarlisi, bunday jimjimador so‘zlarni qo‘shtirnoq ichida aytganda hatto egasi mazmunini tushunmaydi-yu, o‘rta yoki keksa avlod vakillari qayerdan tushunsin. Gapirsangiz gap ko‘payadi. Emishki, bu brend yoki so‘zning boshqa tildagi tarjimasi. Boshqa tildagi tarjimasi bor so‘zning o‘zbekchasi qani unda?! Masalaning og‘riqli tomoni mana shunda edi aslida.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan O‘RQ 776-sonli “Reklama to‘g‘risidagi”gi Qonuni yuqoridagi og‘riqli vaziyatga aniqlik kiritganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunning joriy yilning 9-sentabridan kuchga kirishi tashqi reklama yozuvlarining birinchi navbatda davlat tilida berilishi ekanligi bilan, qolaversa, ularning tartibga keltirilishi bilan ham ahamiyatlidir. Qonunning oldingi tahriri 5-moddasidagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko‘ra boshqa tillarda tarqatiladi.” jumlasi  yangi tahrirdagi Qonunning 6-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi” jumlalari bilan almashtirildi.  

Bundan tashqari, mazkur moddada bir qator tushunchalarga ham oydinlik kiritilgan. Xususan, reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

-         reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;

-         tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;

-         reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak.

Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.

Reklamada hamisha moddiy manfaat yashirin. Ammo cho‘ntagimizni o‘ylab, ma‘naviyatimizni darz ketkazmaylik! Chunki ma’naviyat ajdodlarimizning bizga qoldirgan omonatidir. Uni aslicha kelgusi avlodga yetkazish barchamizning ham mas’uliyatimiz, ham majburiyatimizga aylansin!

 

 

Feruza Ahmedova

Shahrisabz shahar hokimining

davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi 

 

17.08.2022 330