"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili masalasi: Hukumat yana bir dadil qadam tashladi

Bugun oʻzbek tilining mavqeyi va maqomini tubdan yuksaltirish masalasi davlatimiz va hukumatimizning alohida eʼtiborida. Chunki bunga ehtiyoj har qachongidan koʻra katta. Odamlarni eng quvontirgan jihat esa amaliy ishlarga keng miqyosda kirishilayotgani.

Mana, kecha Vazirlar Mahkamasining mazkur sohaga doir yana bir muhim hujjati qabul qilindi. “Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi mazkur qaror davlat tili rivojida yana bir dadil qadam boʻlishiga shubha yoʻq.

Qarorda nimalar koʻzda tutilgan?

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tuzilmasida Sotsiolingvistika boʻlimi tashkil etiladigan boʻldi. Ushbu boʻlim davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi va 5 ta shtat birligidan iborat boʻladi.

Yangi tuzilma qanday vazifalarni bajaradi?

Qarorda belgilanishicha, Sotsiolingvistika boʻlimi oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshiradi. Davlat tilimiz nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish bilan shugʻullanadi.

Tilimizning yozma matni meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish, oʻzbek tilining izohli lugʻatlari, davlat tilida ish yuritish boʻyicha qoʻllanma va adabiyotlar tayyorlash ham yangi tuzilma zimmasidagi vazifalar sirasidan sanaladi.

Shuningdek, davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda yangi boʻlim faol ishtirok etadi.

18.03.2020 571