"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Globallashuv: milliy til va davlat tili

XX asrning oxirgi choragidan boshlanib, hozirgi kunlarda ham davom etayotgan globallashuv jarayoni siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalari kabi til sohasini ham qamrab olgan bo‘lib, globallashuvning milliy tilga taʼsiri masalasi bugungi kundagi dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda. Globallashuv o‘zining ijobiy va salbiy tomonlariga ega bo‘lgan murakkab bir jarayon sifatida, barcha sohalarda bo‘lgani kabi, til sohasida ham chuqur o‘ylab ko‘rilgan yondashuvni talab qiladi.

Globallashuvning til bilan bog‘liq jihatlarida ham ushbu jarayonning ana shu ikki tomoni – ijobiy va salbiy tomonlari ko‘zga tashlanadi: globallashuv jarayoni muayyan til yoki tillarni mintaqaviy yoki xalqaro tilga yoki tillarga aylantirish orqali, bir tomondan, turli tillarda so‘zlashuvchi xalqlar o‘rtasida o‘zaro muomala ko‘prigi yaratsa, ikkinchi tomondan mintaqaviy yoki xalqaro til yoki tillarning milliy tillarga taʼsiri, jumladan, milliy tilda chet tillari leksik va boshqa unsurlarining ko‘payishi, milliy tilning qo‘llanish doirasining qisqarishi va hatto milliy tilning butunlay yo‘qolib ketishi muammmosini keltirib chiqaradi. Aytib o‘tish lozimki, mintaqaviy yoki xalqaro maqomga ega bo‘lgan tillarning milliy tilga taʼsiri ikki yo‘l orqali: birinchidan – boshqa davlatlar va xalqlar bilan muayyan mintaqaviy yoki xalqaro til vositasida bevosita muloqot (o‘zaro tashriflar, uchrashuvlar, birgalikdagi yig‘inlar, qo‘shma dasturlar va loyihalar va boshqa qo‘shma tadbirlar ko‘rinishida) qilish, ikkinchidan – bugungi axborot asrida bosma va elektron axborot manbalarida mintaqaviy yoki xalqaro tillardagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanish jarayonida yuz beradi. Globallashuv jarayonidagi milliy til bilan bog‘liq muammolar faqatgina xalqaro yoki mintaqaviy tilning milliy tilga taʼsiridangina iborat emas. Axborot texnologiyalari katta surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan, turli tillardagi turli adabiyotlarni milliy tilga tarjima qilish hajmi o‘tgan davrlarga nisbatan keskin oshib borayotgan bugungi kunda tarjimaning ham milliy tilga bo‘lgan taʼsirini unutmaslik lozim.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishib, jahonga yuz ochgan, turli davlatlar bilan keng miqyosli munosabatlar o‘rnatgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi va uzviy bir qismiga aylanib borayotgan, natijada esa globallashuv jarayonida bevosita ishtirok etayotgan bugungi kunda, birinchidan, o‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, millatlararo muomala, biznes, madaniyat va ilm-fan tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, ikkinchidan, o‘zbek tiliga boshqa tillarning leksik va stilistik unsurlarining keng kirib kelishini oldini olish orqali ona tilimiz sofligini saqlash dolzarb masalalar jumlasiga kiradi.

Globallashuv jarayonida o‘zbek tiliga taʼsir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tillar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda rus tili mintaqaviy til maqomini saqlab turganligi, ingliz tilining esa mazkur davlatlar uchun xalqaro til mavqeini to‘la egallab bo‘lganligini eslatish lozim. Yaʼni, bugungi kunda O‘zbekiston va o‘zbek xalqining boshqa davlatlar va xalqlar bilan munosabatlari – o‘zaro tashriflari, uchrashuvlari, birgalikdagi yig‘inlari, qo‘shma dasturlari va loyihalari hamda boshqa qo‘shma tadbirlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida asosan rus tilida, ushbu mintaqadan tashqarida esa asosan ingliz tilida amalga oshmoqda. Biroq, yuqorida aytib o‘tilganidek, rus va ingliz tillari har doim ham mintaqa davlatlari va xalqlarining o‘zaro munosabatlarida yagona yoki asosiy aloqa tili bo‘lib qolayotgani yo‘q. Bugungi kunda O‘zbekistonning bir qator davlatlar, jumladan, Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan aloqalarida milliy tilimiz – o‘zbek tili tarjima vositasida keng qo‘llanilmoqda. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, davlatimizning boshqa davlatlar bilan munosabatlarida ona tilimizning qo‘llanilishi o‘sha davlatlar tillarini yaxshi biluvchi o‘zbek tarjimonlariga ega bo‘lishimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Mamlakatimizning boshqa davlatlar va xalqlar bilan bo‘lgan munosabatlarida bo‘lgani kabi, mamlakatimiz aholisining xorijiy va xalqaro bosma hamda elektron axborot manbalaridagi turli siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanishida ham rus va ingliz tillarining salmog‘i katta ekanligi kuzatilmoqda. Shuning bilan birgalikda ko‘plab Yevropa (fransuz, nemis, italyan, ispan va h.k.) va Osiyo (xitoy, yapon, koreys, turk, arab, fors-tojik, hind, urdu va h.k.) tillaridan o‘zbek tiliga ko‘plab badiiy va ilmiy tarjimalar amalga oshirilmoqda.

 Ulug‘ maʼrifatparvarimiz Abdulla Avloniyning “Hifzi lison”, yaʼni, “tilni saqlash” nomli maqolasi bor. Bu o‘rinda, tabiiyki, Avloniy birinchi navbatda ona tili – milliy tilni saqlash muammosini nazarda tutgan. U bu haqda shunday yozadi: “Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona tili va adabiyotini(ng) saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur” (Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. 2 jildlik. 2-jild. – T.: “Maʼnaviyat”, 2006. S. 61).

 Demak, biz ingliz yoki boshqa jahon tillarini ingliz yoki boshqa xalq vakiliga aylanib qolish uchun emas, balki milliy o‘zligimizni saqlash va pirovard natijada o‘zbek bo‘lib qolishimiz uchun ham o‘rganishimiz kerak bo‘ladi. Zero, “bobolarimiz yetushg‘on va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo‘qolganlarini ham topurmiz. “Yo‘qolsa yo‘qolsun, o‘zi boshimga tor edi”, - deb Yevrupo qalpog‘ini kiyib, kulgi bo‘lmak zo‘r ayb va uyatdir” (Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. 2 jildlik. 2-jild. S.61.). Milliy til avlodlarni bir-biri bilan bog‘lab turadigan silsiladir, bu silsilani uzish o‘z ildiziga bolta urish bilan barobar hisoblanadi. Milliy til yo‘qlikka mahkum etildimi, millatning maʼnaviy poydevoriga darz ketadi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-maʼnaviy robita yo‘qoladi.

 O‘zbekiston aholisining xorijiy tillarni o‘rganishi, birinchidan, jahon xalqlari bilan iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarning rivojlanishiga, ikkinchidan, xorijiy va xalqaro bosma hamda elektron axborot manbalaridagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanish imkoniyatining kengayishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari globallashuv jarayonida muayyan tillarning milliy tilga taʼsiri natijasida milliy tilga nafaqat yangi so‘z va atamalar, balki milliy tildagi muqobillari beriladigan yangi tushunchalarning ham kirib kelishi, yaʼni, milliy tilning yangi tushunchalar bilan ham boyishi yuz berishini globallashuv davri mahsullari ekanligini unutmaslik lozim. Mamlakatimizda xorijiy tillarni bilish darajasi kundan-kunga oshib borayotgan bugungi davrda yurtdoshlarimizning ona tilimiz bilan bir qatorda xorojiy tillardagi turli, jumladan iqtisodiy va ilmiy axborotlardan keng foydalanishlari oddiy holga aylanib bormoqda. Xorijiy tillarni bilish darajasining oshib borayotganligi o‘zbek tilidagi manbalarning boshqa tillarga tarjima qilish hajmining ham oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat xalqimizning jahon bilan yaqindan tanishishiga, balki yurtimizning jahonga keng tanitilishiga ham olib kelmoqda. Bu borada hukumatimizning o‘quv yurtlarida xorijiy tillarni o‘rgatishni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlari muhim o‘rin tutmoqda. Oxirgi yillarda hukumatimiz tomonidan davlat tilining mavqei va nufuzini yana-da oshirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” giFarmoniga binoan 21 oktyabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

Hukumatimizning o‘zbek tilining nafaqat davlat tili, balki iqtisod, madaniyat va ilm-fan tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash borasida olib borayotgan siyosati tufayli hozirgi kunda globallashuvning milliy tilimizga jiddiy salbiy taʼsiri kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan bunday taʼsirning oldini olish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim deb hisoblaymiz:

1. O‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini doimiy ravishda mustahkamlab borish, uni nafaqat davlat tili, balki to‘laqonli iqtisodiy, madaniy va ilmiy tilga ham aylantirish, buning uchun o‘zbek tilida yaratiladigan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy adabiyotlar sonini ko‘paytirish.

2. Xorijiy, jumladan, xalqaro tillarning qo‘llanilish sohasini faqatgina xorijiy davlatlar vakillari bilan bo‘lgan munosabatlar bilan cheklash hamda bunday tillarni mamlakatimizning ichki hayotida, mamlakatimiz subyektlari o‘rtasidagi aloqa tili bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik.

3. Chet tillardan o‘zbek tiliga o‘zlashayotgan so‘zlar, iboralar va atamalar sonini maksimum darajada kamaytirish, ularning o‘zbekcha muqobillarini topish, yaratish va muomalaga kiritish lozim bo‘ladi. Boshqacha aytganda, o‘zbek tilining terminologik immunitetini oshirish masalasiga jiddiyroq eʼtibor qaratishga to‘g‘ri keladi. Zero, terminologiyasi yetarli darajada shakllanmagan va rivojlanmagan til, tabiiyki, globallashuv sharoitida qudratli tillarning “yordam”iga muhtoj bo‘lib qoladi. Har qanday muhtojlik esa oxir-oqibat tobelikka olib boradi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilgan taqdirda davlat tilimiz xorijiy, jumladan, xalqaro tillar taʼsiriga tushib qolmaydi, uning mamlakatimizdagi qo‘llanuv doirasi qisqarmaydi ham. Ana shundagina biz globallashuvning taraqqiyotga xizmat qiluvchi ijobiy jihatlaridan samarali foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘la olishimiz mumkin.

Jaʼfar XOLMO‘MINOV

(Jaʼfar Muhammad Termiziy),

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi,

O‘zbekiston Tojik milliy madaniy markazi raisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,

falsafa fanlari doktori (Ph.D)

04.05.2020 2959