"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Idorada iboralar to‘g‘ri qo‘llansa...

Shu yil 10 aprelda  Prezidentimiz  “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi. Unga ko‘ra, ushbu bayram har yili 21 oktyabrda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan tarixiy kunda nishonlanadigan bo‘ldi. Albatta, bu yangilik butun xalqimiz uchun quvonarli voqea bo‘ldi. Zero, tilga eʼtibor elga eʼtibordir.

Bu boradagi ezgu amaliy saʼy-harakatlarning taʼsiri yurtimizning turli hududlarida allaqachon sezila boshladi. Maxsus tuzilgan ishchi guruhlar ko‘chalarga ilingan reklama va eʼlonlar burchagiga davlat tilini eʼzozlashga oid teran maʼnodagi hikmatli so‘zlarni joylashtirmoqdalar. Davlat tiliga xos va mos bo‘lmagan matnlar o‘rnini xatosiz, maʼnoli va sifatli shaklda yaratilgan shior hamda eʼlonlar egallamoqda.

Yana bir masala, islohotni har bir idora ichida davlat tili qoidalariga munosib ish yuritishdan boshlashga ham eʼtibor  kuchaydi. Jumladan,  Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham ushbu yo‘nalishda qator amaliy saʼy-harakatlar boshlab yuborildi.

Avvalo, vazirlik huquqiy-meʼyoriy hujjatlarini davlat tili qoidalariga muvofiq tayyorlash, tashkilot va idoralarga yuboriladigan xatlarda til qonuniyatlariga to‘la amal qilish, bir so‘z bilan aytganda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy, tarkibiy tuzilmalarida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha reglament ishlab chiqish hamda unga rioya etilishi nazoratini taʼminlash masalalari ustida ishlanmoqda. Bu jarayonda malakali mutaxassislar, tilshunos olimlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao bo‘lmoqda.

Kezi kelganda aytish kerakki, davlat tilida ish yuritishda atamalar maʼnolariga alohida eʼtibor qaratish kerak. Masalan, baʼzi o‘rinlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga murojaat qiluvchilar tomonidan “favqulodda vaziyat” tushunchasining o‘rnida “favqulodda holat” shaklini qo‘llash kuzatiladi. Hatto OAVda ham baʼzida shu holga duch kelinadi. Aslida bu ikki xil tushuncha. Favqulodda holat maxsus sharoit talabi bilan belgilanadi, eʼlon qilinadi. Favqulodda vaziyat esa tabiiy, texnogen yoki ekologik omillarga ko‘ra, yuzaga keladi.

Bu kabi jihatlarga ziyraklik bilan munosabatda bo‘lish zarur. Agar chuqur mushohada qiladigan bo‘lsak, o‘zbek tilining imkoniyatlari juda keng va biz uchun maydon bepoyon. Vazifamiz ana shunday  imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanishdir. Masalan, qutqaruvchi so‘zini olaylik. Bu so‘z o‘zbek tilida xaloskor, madadkor, najotkor, ko‘makdosh, yordamchi sifatida ham talqin qilinadi.

To‘g‘ri, lug‘atimizga chet tillardan turli sohalarga oid kirgan so‘zlar ham bor.

 Fikrimizcha, tilimiz sofligini taʼminlaymiz degan maqsadda ularni zo‘rlab o‘zbekchalashtirish mantiqsizlikka olib keladi. Jumladan, vazirlik tizimi faoliyatida “ekstremal”, “texnogen”, “mobil”, “shtab”, “simulyatsiya”, “kombinezon”, “respirator” va yana xorijiy so‘zlar ishlatiladi. Ayrim atamalarning muqobilini topish mumkindir, biroq baʼzilarida buning imkoni yo‘q. Chunki til ham jonli vujudday gap. U ham o‘ziga keraklilarini tashqaridan oladi, keraksizlarini asta-sekin o‘zidan chiqarib tashlaydi.

Ayrim o‘rinlarda avtomobillarga biriktirilgan masʼul xodimlarni so‘zlashuv uslubida “starshiy” deyish kuzatiladi. Bu holni barcha sohalarda ko‘rish mumkin. O‘zbek tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri “mashina kattasi” deya o‘girilgan holatlar ham bo‘lgan. Shu o‘rinda mazkur ifodani “avtomobilga masʼul etib biriktirilgan xodim” yoki birgina so‘z — “masʼul” bilan aks ettirish mumkin.

Qayd etish kerakki, amalda “Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi” talqini kuzatiladi. Eʼtibor berilsa, favqulodda vaziyatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘riladi, yuzaga kelganda esa to‘g‘ri harakatlanish, oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari amalga oshiriladi. Demoqchimizki, yuqoridagi talqin o‘rniga “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yuzaga kelganda oqibatlarini bartaraf etish tizimi” deb qo‘llanilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ilgari maxsus yuk transport avtomobillarida “Ogneopasno” degan yozuv bo‘lardi. Hozir bu yozuv deyarli yo‘q. O‘rniga “Olovga xavfli”, “Olovdan xavfli”, “Yong‘inga xavfli” (yana boshqa shakllari ham bo‘lishi mumkin!) degan ifodalarni kuzatamiz. “Ogneopasno” ifodasining tagzaminida avtomobildagi suyuqlik xavfli yonilg‘i ekanligi, olovda esa uning bu xususiyati battar ortishi va kutilmaganda yong‘in, portlash ofatini yuzaga keltirishi nazarda tutilgan.  Shunday ekan, bu tushunchani “Xavfli yonilg‘i” yoki yana qandaydir boshqacha ko‘rinishda ifodalash kerak.

Albatta, taklif kiritish oson. Ammo ularning davlat tili talablariga nechog‘liq muvofiqligi haqida bir to‘xtamga kelish uchun  tilshunos olimlar va mutaxassislar, qolaversa, xalqimiz bilan bamaslahat ish tutish maqsadga muvofiq. Bu kabi muammolarni bosqichma-bosqich hal etish, biz, maslahatchilardan fidoyilik, jonkuyarlik, jamoatchilik bilan ishlashda faollik talab etadi.

Xulosa o‘rnida sohamiz ish yo‘nalishidan kelib chiqib, quyidagilarni aytmoqchiman. Maʼlumki, tizimimiz jonkuyari bo‘lgan qutqaruvchilar nafaqat ezgu amallari, balki, avvalo, xush muomalasi, yuksak darajadagi til madaniyati bilan ham favqulodda vaziyatda qolgan odamni hayotga qaytaradi. Bunda unga ruhiy tayyorgarlik malakasi qo‘l keladi. Ushbu malakani xalqimiz maʼnaviyati va madaniyatiga mos ravishda chuqur o‘zlashtirish uchun esa ona tilida mukammal bilimga ega bo‘lish lozim.

Shuning uchun barchamiz ona tilimizni o‘z onamizni, jigarporalarimizni, butun  xalqimizni, yurtimizni sevganimiz yanglig‘ sevishimiz kerak!

Bahodir VALIYEV,

Favqulodda vaziyatlar vazirining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga

rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

05.05.2020 724