"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tilini ozorlab ko‘nikib qolgan ekanmiz

1996-yil. Talabalikning ilk yillari. Poytaxtning “Chorsu” bozori biqinida joylashgan “Turon” kutubxonasida “Adabiy gurunglar” bo‘lardi. Ozod Sharafuddinov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Muhammad Yusuf, Abdug‘afur Rasulov, Aziz Qayumov saboqlarini olish uchun oshiqamiz. Tilga eʼtibor mavzusi – bosh mavzu.

So‘zga xasis bo‘lish, uni ayab yozish, ijodkorlik masʼuliyati bu – mudom o‘zni tahrir qilish, tarbiyalash ekani haqida soatlab suhbatlar bo‘ladi. Ulug‘ SO‘Z tilsimlarini tobora his qilaveramiz. Kitoblarini sevib o‘qigan yozuvchi, shoirlarning o‘zini ko‘rib turganimizdan, ular bilan hamsuhbat bo‘layotganimizdan ichimizga sig‘may sevinamiz. “Zo‘r, hech kim kutmagan” savollar beramiz. Aytganlarini qog‘ozga, yurakka muhrlashga intilamiz. O‘shanda kutubxonaning torgina kitoblar bo‘lmasida o‘zbek tilining ravnaqini taʼminlash borasida – biroz ishonqiramay, goh ichki bir xo‘rsiniq, goh esa armon bilan taʼkid etilgan o‘tkir fikrlar bugun, ular kabi jonkuyarlar tomonidan katta maydonda aytilyapti. Jonkuyarlar bir manzilda jamlanib, o‘zbek tilining rivoji, ertasi haqida qayg‘urishmoqda. Bejizga emas, ehtiyoj bor edida. Qadim, shu bilan bebaho xazinaga ega o‘zbek tilini hissiz, qotib qolgan, tug‘mas qilib qo‘yayozgan edik. Keling, endi bu xatomizni to‘g‘rilaylik. Vaqt, imkon bo‘ldi. Davlat tiliga oid qonun meʼyorlarini buzganlik uchun davlat tashkilotlari mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi Adliya vazirligi tomonidan ilgari surilayotgan qonun loyihasi katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Davlat tilida ish yuritish boshqa millat vakillarini kamsitishdir deb ayuhannos solayotganlar “paytdan foydalanib” qolishga harakat qilishmoqda, millatlar o‘rtasiga nifoq solish ilinjida bo‘lishyapti. Ular begona emas, boshqa millat vakili ham emas. Ota-onasi o‘zbek, o‘zi rus maktabida tahsil olgan bugun o‘zbek tilida hijjalab to‘rtta so‘zni ayta olmaydiganlar...Afsus.

Endi, endi ortga qaytish yo‘q. Axir bu – farzandlik burchi, agar shu ishni bugun amalga oshirmasak, bu yo‘lda jafo chekkan azizlar xotirasi, ularning amalga oshirgan ishlari oldida qarzdor bo‘lib qolamizku? O‘zbek tilining nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydondagi nufuzi va mavqeini oshirish yo‘lidagi ishlarni jonlantirish maqsadi bor, istagi mujassam.

Yana bir o‘tlig‘ kechinma kechadi, aytmasam bo‘lmas: Nega endi men o‘z yurtimda o‘z ona tilimni himoya qilsam, kimnidir ko‘ziga yomon ko‘rinishim kerak?

Jarima solinadi – shu jumlaga bunchalar osilib olinmasa, axir bu amaliyot boshqa sohalarda ham borku, yaʼni tartibga solish, kishilarni ayni shu tizimga oid savodxonligini oshirish, qoidani anglatish, xato qilmaslikka undash borasida jarimalar joriy qilingan. Ekologik madaniyatga amal qilmaslik, mehnat qonunchiligini mensimaslik, yo‘l qoidasini buzish, isteʼmolchilik sohasida qilingan ayb jarima bilan qoplanadi va boshqa takrorlamaslik uchun kishi o‘zini tartibga soladi.

Endi tafakkurning ildizi, maʼnaviyat asosi bo‘lgan – davlat tilini asrash, avaylash haqida gap ketsa, uni buzganlik uchun jarima solish amaliyoti qo‘llanilsa – bu davr talabi, ehtiyoji. Ona tilimizning nufuzi va obro‘yini oshirish uchun judayam muhim va dadil qadam. Oddiy xat yoki murojaatni ro‘yxatga olishi uchun uni rusiy zabon tarjimonga “falon so‘mga” tarjima qildirganlar, yoki “tayyorlangan hujjatlarning ruschasi yo‘q ekan, qabul qila olmayman” deyilganlik holati shu bugunning gapi. O‘zbek tilini ozorlab ko‘nikib qolgan ekanmiz-ov. Ko‘cha yozuvlarini o‘zimiz istagan tilda ilib qo‘yishga barham berish vaqti keldi. Ayta-ayta charchadik. O‘ylashimcha, nafaqat davlat boshqaruvida balki, ko‘cha yozuvlari, peshlavhalar, yorliqlarning davlat tilida bo‘lishi haqida aniq tartib joriy qilish fursati yetdi. Bir marta jarima to‘lagan do‘kon egasi yoki uni tayyorlagan firma xodimi, albatta, o‘zbek tilini teran o‘rganishga va muhimi qadrlashga chog‘lanadi. Qonun hujjatlarining takomillashtirilishi, jarima miqdori oshirilishi tarafdoriman.

Yaqinda o‘quvchisi bisyor bo‘lgan sayt – musulmon davlatlardan birida pandemiya sabab eʼlon qilingan karantin asta-sekin yumshatilishi haqidagi xabarni berdi. Xabardagi surat mening eʼtiborimni tortdi. Ko‘cha yorliqlarida bironta ham begona yozuvni ko‘rmaysiz, barchasi davlat tilida. Biz esa hali-haligacha ona tilimizga egalik qilish uchun o‘sha-o‘sha ko‘ngilchanlik bilan yondashyapmiz. “Shestnitsa desayam, subbota desayam” bo‘ladi deya.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludi kuni munosabati bilan telekanallardan shoir ijodi va hayotiga oid ko‘rsatuvlar efirga uzatildi. Shoirning o‘zi o‘qigan sheʼrlari, intervyu berganda aytgan fikrlari qo‘yib berildi. “Vatan bu mening onam, dunyoda undan go‘zali yo‘q, undan haloli yo‘q... Onam haqida kimdir yomon gapirsa, unga tosh otsa, qo‘lini urib sindiraman, uni hech kimga berib qo‘ymayman”. Uning gaplari yuragingning eng to‘ridagi pok hislarni qo‘zg‘ab yuboradi. Yeb turganing bo‘g‘zingda qoladi, ko‘zingga duv-duv yosh keladi. Vatan, til, ona, millat – g‘oyatda pok bu tushunchalarni ardoqlash, gard yuqtirmaslik ishi barchasidan aziz ekanini his qilaverasan.

Onamiz allasi bilan vujudimizga singgan o‘zbek tilini sayqallash, uning istiqboli uchun qayg‘urish ishini – O‘zbekistonlik bo‘lib biz shaxdamlik bilan amalga oshirmasak, eldoshligimiz qayerda qoldi, do‘st!

Ziyoda AMINOVA,

Qashqadaryo viloyat hokimining

til bo‘yicha maslahatchisi.

07.05.2020 572