"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz!

So‘nggi paytda, farzandimni rus bog‘chaga beraman, rus sinfga berdim, degan gaplar qulog‘imizga tez-tez chalinib qolmoqda. Millat kelajagi yoshlar qo‘lida ekan, ularni millat tili bo‘lgan o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatini, eng avval, oiladan boshlash darkor.

O‘zbek tili – millat tili. Nega endi, biz shu jonajon Vatanda o‘sib-ulg‘ayib, yashab turib, o‘z ona tilimizda gaplashmasligimiz kerak. Buning uchun turli bahonamiz ham yetarli. Baʼzi o‘zbek oilalarida ota-ona rus tilida gaplashib, farzandlarini ham ushbu tilda gaplashishga faol undaydi. Ularga ko‘ra, rus tilini bilgan bolaning dunyoqarashi keng bo‘lar ekan. Shu o‘rinda, o‘z ona tilini bilmaydigan bolaning dunyoqarashi nechog‘lik keng bo‘ladi, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Eng avvalo, ota-onalarni o‘zini ona tiliga hurmat borasida tarbiyalash lozim.

Shu o‘rinda, Prezidentimizning yaqinda  “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzolagani millat tarixi, millat tili bayramining nishonlanishi uchun muhim qonuniy asos bo‘ldi.

21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni. Ushbu kunni alohida bayram sifatida nishonlanishi qariyb 30 yildan beri kutilayotgan edi. Davlat rahbari  tomonidan imzolangan mazkur qaror tarixiy voqea bo‘ldi.

O‘z navbatida jamiyatda tilimizning mavqeini yana-da mustahkamlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilinib, departament taklif va tashabbusi bilan Atamalar komissiyasi tuzildi.

Shu bilan bir qatorda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi qaroriga ko‘ra, barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi tashkil qilindi.

Barcha davlat idoralari hamda vazirliklarda ushbu lavozimga filologiya va jurnalistika sohasida samarali faoliyat yuritgan, boy tajribaga ega bo‘lgan, malakali xodimlarni ishga olinishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu yangi lavozim barcha davlat organlari va vazirliklarda joriy etilganligi to‘g‘risidagi xabarlarni tez-tez o‘qib turibmiz. Shu o‘rinda, o‘rinli savol tug‘iladi. Yangi joriy etilgan lavozimga qabul qilinayotgan xodimlarni belgilangan mutaxassislik asosida ishga qabul qilinishini kim nazorat qiladi?

Albatta, ushbu muhim lavozimga muayyan bir xulosa va attestatsiya natijasida ishga qabul qilish til sohasidagi yangi o‘zgarishlar uchun xizmat qiladi.

Amaliy tajriba sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohada yangi o‘zgarishlar uchun qonuniy asos bo‘ldi.

Mazkur qaror necha yillardan buyon nomigagina matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritgan, matbuot kotibi sifatida rasmiy faoliyat yuritishi uchun alohida shtat yo‘qligi sababli maʼlum bir lavozimga olinib, lekin matbuot kotibi sifatida ish faoliyatini yuritgan matbuot kotiblari uchun o‘ziga xos muhim yangilik, tarixiy voqelik bo‘ldi. Shu bilan birga, matbuot kotiblari zimmasiga ham masʼuliyatli vazifalar yuklandi. Vazifalarning ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) masʼul tashkilot sifatida belgilangan.

Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, barcha davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, vazirliklar, hokimliklarda Axborot xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular uchun yetarli va zaruriy sharoitlar yaratib berildi. Lekin, ushbu sharoitlar barcha idoralarda birdek yaratilgan, deya olmaymiz.

Shu o‘rinda, qaror binoan, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari xodimlari ustuvor ravishda jurnalistika sohasida oliy maʼlumotga ega bo‘lgan shaxslar orasidan lavozimga tayinlandi va mazkur lavozimga tayinlangan matbuot kotiblari Agentlik (AOKA) tomonidan attestatsiyadan o‘tkazildi. Attestatsiya ochiqlik tamoyillari asosida o‘tkazilib, davlat idoralari va tashkilotlari matbuot kotiblarining attestatsiya natijalari eʼlon qilindi.

Matbuot kotiblariga Agentlik attestatsiyasidan o‘tganligi to‘g‘risida maxsus sertifikatlar topshirildi. Bu esa, ularning sohadagi mustaqil faoliyati uchun asos bo‘ldi. Bugungi kunga kelib, aytishimiz mumkinki, barcha davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda vazirlik va hokimliklar faoliyati yuzasidan to‘liq maʼlumot olishingiz, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.

Shu o‘rinda, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimiga tayinlash departament xulosasiga ko‘ra olinadimi, degan savolga javob berish lozim.

Yangi lavozimga tayinlangan xodim uchun tashkilotlar tomonidan rahbar o‘rinbosarlariga tenglashtirilgan barcha vakolatlar berilishi nazarda tutilgan va bu bugungi kunda amaliy ijrosini topmoqda.

Shu o‘rinda, mazkur muhim lavozimga sohada faoliyat yuritgan filolog va jurnalistlar ishga qabul qilinsagina, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy samarasi yaqqol ko‘rinishini taʼkidlash joiz. Bu jarayon esa, xuddi matbuot kotiblarining tegishli xulosa asosida ishga olinib, attestatsiya qilinishi esa sohaning rivoji uchun xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligini misol qilib keltirmoqchiman. Mazkur lavozimga tayinlagan Shahnoza Soatova faoliyatini nafaqat filologiya sohasi vakillari, balki barcha jurnalist blogerlar ham yaxshi taniydi. U filologiya sohasida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis. Shahnoza Soatovaning mazkur lavozimga ishga olinishi maʼnaviy-maʼrifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi, qonun hujjatlarining o‘zbek tilida yuritilishini taʼminlaydi.

Joriy yilning 9 mart kuni “Geografik obyektlarning nomlarini, shuningdek, jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish masalalari hamda joylarda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi 34-son qarorining ijrosi”ga bag‘ishlangan yig‘ilishda aynan shu masalaga eʼtibor qaratildi va davlat tilini rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosiga oid qatʼiy talablar belgilandi.

Taʼkidlash joizki, o‘zbek tilining asl nufuzi va mavqeini yana-da mustahkamlashda til bo‘yicha tegishli lavozimlarda fidoyi va tajribali soha mutaxassislarining faoliyat yuritishi taʼminlansa, ushbu yo‘nalishda salmoqli yutuqlarga erishiladi, sohada yangi o‘zgarishlarga xizmat qiladi. Zero, bu borada, amaliy tajribasi boy, til bo‘yicha haqiqiy mutaxassislarning hissasini eʼtirof etishimiz lozim. 

Shunday ekan, bizning ulardan umidimiz katta.

Hulkar JO‘RAYEVA,

jurnalist.

08.05.2020 554