"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Buxoroda o‘zbek tili bayrami keng nishonlandi


Milliy tilga eʼtibor va ehtirom millatsevarlik, vatanparvarlik, oliyjanoblikning yorqin ifodasidir. Milliy til – milliy urf-odat, qadriyatlarni, milliy maʼnaviy meros-manbalarni bilish, o‘zlashtirish, yetkazib berish, targ‘ib etishda, o‘zlikni anglash, anglatishda birlamchi vosita. Til millatga, jamiyatga, Vatanga daxldor oliy tushuncha.

  

    Shu bois ham ona tilimizni ulug‘lash, uning borligini-da bir neʼmat bilib, bayram sifatida nishonlash har bir millat vakili uchun farzdir.

Buxoroda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi hamda 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan bayram tantanalari erta tongdanoq Buxoro davlat universitetida buyuk shoir, so‘z mulkining sohibqironi Alisher Navoiy byusti oldiga gul qo‘yish marosimidan boshlandi.


Marosimda so‘zga chiqqan viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi A. Rustamov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Sh.Sulaymonov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Pardayeva, BuxDU filologiya fakulteti dekani D.Rajabov va boshqalar ona tilimizning millat maʼnaviy o‘zligini belgilashdagi ahamiyati, uning bugungi kundagi mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, ilmiy tadqiqotlar xususida to‘xtalib o‘tishdi.

  

Asosiy bayram tantanalari viloyat Yoshlar markazida tashkil etildi.

Viloyatdagi tilshunoslar, maʼnaviy-maʼrifiy soha vakillari, ijodkorlar hamda yetakchi til va adabiyot o‘qituvchilari jam bo‘lgan tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari-Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i F.Ibragimova tomonidan viloyat hokimi tabrigi o‘qib eshittirildi hamda soha rivojiga faol hissa qo‘shayotgan bir guruh faollar taqdirlandi.


Shuningdek, tadbirda o‘zbek tili tadqiqotchisi, filologiya fanlari doktori B.Qilichev to‘planganlarga ona tilimiz tadrijiy taraqqiyoti, shakllanish tarixi, tilshunosligimizni bugungi qiyofasi va istiqbollari haqida so‘zlab berdi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar eʼtiboriga viloyat sanʼat ustalari tomonidan tayyorlangan "Til barhayot ekan - yashaydi millat" mavzuidagi teatrlashtirilgan badiiy-kompozitsion dastur namoyish etildi.

      

Undan o‘rin olgan XX asrda tilimiz uchun kurashgan jadid maʼrifatparvarlari, shuningdek, 70-80-yillar ziyolilari hayoti aks etgan sahna ko‘rinishlari, tilimiz madh etilgan kuy-qo‘shiqlar to‘planganlarga bir olam zavq bag‘ishladi.

 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati

18.10.2022 279