"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Sibirda O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda

Sibirda O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda


Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan 21-oktabrO‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Rossiya fanlar akademiyasining davlat ilmiy-texnika tadqiqot kutubxonasining Sibirь bo‘limi direktorining o‘rinbosari Natalya Maxotina, Novosibirsk davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Vladislav Kokoulin, shuningdek, Novosibirsk shahridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Ma'rifiy anjumanda O‘zbekistonda «Davlat tili haqida»gi qonunni qabul qilinish jarayonlari, xususan, qonunning asosiy maqsad va vazifalari, uning mazmun-mohiyati haqida taqdimot o‘tkazildi. Unda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari haqida so‘z yuritildi.

Novosibirsk davlat universiteti professori Vladislav Kokoulin O‘zbekistonda davlat tiliga bo‘lgan e'tibor yildan-yilga ortib, uning xalqaro darajadagi nufuzi oshib borayotganini ta'kidladi.

Ishtirokchilar Sibir federal okrugida o‘zbek tili va an'analarini o‘rganishga qiziqish ortib borayotganligini inobatga olib, Rossiya fanlar akademiyasining davlat ilmiy-texnika tadqiqot kutubxonasi qoshida O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Tadbir yakunida atoqli o‘zbek shoirlarining she’rlaridan namunalar o‘qildi.

26.10.2022 316