- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- “O‘zbek tili bayrami kuni” umumxalq bayrami davom etmoqda
“O‘zbek tili bayrami kuni” umumxalq bayrami davom etmoqda
26-oktabr kuni “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ijro
etuvchi apparatida “21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni” umumxalq bayramiga
bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi hamda mas’ul
xodimi, shoira Farog‘at Xudoyqulova ishtirok etdi.
Uyushma ijro etuvchi apparati hamda “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ
ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi, “Tog‘-geologiya jamlama ekspeditsiyasi”
MCHJ, “O‘zbuildinvest” MCHJ xodimlari ishtirok etgan uchrashuv g‘oyat qiziqarli
va sermazmun bo‘ldi.
Tadbirda shoira Farog‘at Xudoyqulova O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan
O‘zbekiston xalqiga joriy yil 21-oktabrda e’lon qilingan bayram tabrigi butun
xalqimizning ko‘nglini tog‘dek ko‘targanligini ta’kidladi.
Tabrikda aytilganidek, inson uchun kindik qoni tomgan Vatani,
dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa,
uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli
va mo‘’tabardir.
Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga e’tibor –
elga e’tibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til
masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga
qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning
hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi,
desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Bugungi kunda jahon miqyosida
50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda bu
go‘zal va jozibali til katta ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda.
Hammamizga ayonki, ko‘p
millatli xalqimizni yuksak ma’rifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad
yo‘lida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon
kelajak tuyg‘usini singdirishda o‘zbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir.
Bugungi kunda yoshlarimizning
dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan
illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan
ma’naviy tahdidlarga qarshi ma’rifat va ilm bilan samarali kurash olib borish
hayotiy zaruratga aylangan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
vakili o‘zining ona tili haqidagi she’rlaridan ishtirokchilarga o‘qib berdi.
Shuningdek shoiraning shogirdi-O‘zbekiston
davlat Xoreografiya akademiyasining san’anshunoslik yo‘nalishi 2-bosqich
talabasi Dildora Abduzohidova hassos shoir Abdulla Oripovning 1965-yilda
yozilgan quyidagi “Ona tilimga” deb nomlangan:
Ming yillarkim, bulbul
kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit
hamisha.
Ammo
sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga
taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan,
shaksiz
Bulbul
kuyin she’rga solaman.
Sen
yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men
ham to‘ti bo‘lib qolaman...
she’rini yig‘ilganlarga
ifodali o‘qib berdi.
Tadbir so‘nggida notiqlar
tomonidan ishtirokchilarning turli savollariga hayotiy misollar keltirilib
berilgan batafsil javoblar barcha qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.