"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Beshinchi bebaho neʼmat...

Tilning eng asosiy manbai — so‘z. Biroq shu tilda so‘zlashuvchi xalq unga nisbatan eʼtiborli va masʼuliyatli munosabatda bo‘lmasa, bora-bora bu til unutilishi, yo‘qolib ketishi hech gap emas.

O‘zbek tili lug‘ati juda boy. Ammo undan olingan so‘zlarni qatorlashtirib tashlash yoki jimjimador so‘zlardan nutqimizda, matnimizda ko‘proq foydalanish bilan to‘g‘ri gapirgan yo yozgan bo‘lib chiqmaymiz. Negaki, tilning o‘z meʼyor va qoidalari bor! Qolaversa, so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llay bilish ham kerak. Masalan, ilm-fan tili bilan adabiy-badiiy asarlar yaratish imkonsiz. Aksini qo‘llasak ham, biror tayinli natijaga erishib bo‘lmasa kerak. Xuddi shunday, badiiy matn yozish uslubini idora, tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritish qoidalariga tatbiq etishdan mantiq yo‘q. Yoxud og‘zaki nutqimizdan foydalanib, huquqiy-meʼyoriy hujjatlar yaratib bo‘lmaydi! Bularning barchasini birlashtiruvchi yagona vosita bor. Bu — adabiy til!

Ammo keyingi yillarda ko‘plab jabhalarda, aytaylik, turli film va seriallar, ko‘rsatuvu eshittirishlar, maqolayu asarlarda adabiy til meʼyorlari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Davlat tili qoidalariga rioya etilmayapti! Sheva va lahjalar, jargonlar, ruscha va inglizcha so‘zlar katta ekranlardan yangramoqda. Bundan tashqari, ko‘chalar, peshtaxtalar, avtobus bekatlarida imlo xatolari bilan yozilgan eʼlon va reklamalarning yillab to‘g‘rilanmasligidan ham og‘rinamiz. Ularni o‘z vaqtida ogohlantirish, tanbeh berishga esa istihola qilamiz. Bizning bu eʼtiborsizligimiz oqibatida tilimiz aziyat chekadi, qadrsizlanadi.

Axloqiy meʼyorlarga to‘g‘ri kelmaydigan so‘z va iboralar bilan tilimizni bulg‘ash, lug‘atimizda tarjimasi bo‘la turib, chetdan kirib kelgan so‘zlarni ishlatish ham muomala madaniyati meʼyorlariga ziddir. Masalan, daqiqani “minut”, soniyani “sekund” deb ishlatib ketaveramiz. Vaholanki, lug‘atimizda bunday so‘zlarning muqobillari bor. Misol uchun, rus tilidagi “litso” so‘zini, qo‘llanish o‘rniga ko‘ra, yuz, chehra, ro‘y, oraz, rang, aft, angor, bet, bashara... deb tarjima qilish mumkin.

Olimlarning tadqiqotlariga qaraganda, rus tilidagi “karandash” so‘zi “qora tosh”, “karaul” so‘zi “qorovul” so‘zlaridan kelib chiqqan. Bunga o‘xshagan misollarni ko‘plab keltirsa bo‘ladi.

Ko‘chib kiruvchi so‘zlar to‘plami ayrim hollarda “internatsional so‘zlar” sifatida xaspo‘shlanadi. Bunga “biznes”, “market”, “mini”, “super”, “menejer”, “vip”, “lider”, “audio”, “video”, “aut”, “inter”, “servis” kabi so‘zlar misoldir. “Orgtexnika”, “kanselyariya” va bularga bog‘liq vositalar, jihozlar nomlanishi ham shundayligicha qabul qilingan. Ayniqsa, kompyuter sohasidagi iboralar xorijiy nomlari bilan atalishi davom etib kelmoqda (fayl, sayt, korzina, fleshka, bot, snoska, domen, setevoye okrujeniye, slayd, spam va hokazo). Biz bu so‘zlarning iloji boricha o‘zbekcha muqobilini topishimiz kerak, albatta.

Haqiqatan, millat qiyofasi uning til boyligi bilan namoyon bo‘ladi. Bir zamonlar dunyoga til borasida ham hukmronlik qilgan madaniyatimiz yuksak rivojlangan davlatlar taraqqiyoti va globallashuvga “yutilib” ketmasligi uchun harakat qilishimiz zarur bo‘ladi.

Tan olib aytishimiz kerakki, bugungi kunda so‘zlashuvimizda asosan rus tilidagi iboralarni qo‘llash uchrab turadi. Bu, albatta, milliy tilimizga eʼtiborsizlik oqibatidir. “Vapshe”, “okey”, “neujeli”, “tak shto”, “nu”, “paka”, “pastoyanno”, “davay”, “nizashto”, “tema” “kak raz”, “tak”, “daje”, “narmalni” kabi bir qancha qurama so‘zlar so‘zlashuv tilimizga kirib kelganki, hatto ularni o‘sha til asosida ham yuqorida keltirilgandek shaklda qo‘llab, to‘g‘ri talaffuz ham qilmaydiganlar bor.

Shu o‘rinda avtobekatlar nomini ham o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi. Nafaqat yo‘lovchilar, balki haydovchilarning o‘zi ham bekat nomlarini noto‘g‘ri talqin qilish holatlariga duch kelyapmiz. Misol uchun, “S 1”, “Alayskiy”, “Farxadskiy” yoki “Detskiy mir” degan iboralar qayerdan paydo bo‘lgan?

Agar yo‘lovchilar noto‘g‘ri atasa, haydovchilar to‘g‘ri talaffuz qilib ibrat bo‘ladigan vaqtga yetib kelmadikmi?!

Mana, metro bekatlarimiz nomi rang-barang-ku. Asl nomi ham topib qo‘yilmoqda. Toshkent shahar hokimligining 2015 yil 16 iyundagi qaroriga asosan metroning Hamza bekati nomi — Novza, Habib Abdullayev bekati — Shahriston, Chkalov bekati – Do‘stlik deb nomlandi. Novza — joyning tarixiy nomi. Qadimda bu hududdan oqib o‘tadigan Bo‘zsuv kanali irmog‘iga to‘g‘on qurilib, balandlikdagi bo‘sh yotgan yerlarda bog‘-rog‘lar yaratilgan. Ekinzor dalalarga nov (to‘g‘on) orqali suv chiqarilgan. Shu munosabat bilan mazkur manzil va uning yaqin-atrofidagi yerlar “Novza”, yaʼni nov orqali suv chiqarilib obod qilingan joy deb ataladi. Ayni paytda Chilonzor tumanida joylashgan ushbu hududda shu nomdagi mahalla, ko‘cha, bekat, savdo majmuasi va masjid bor. Shunday ekan, biz nega avtobus bekatlarini shunday go‘zal nomlar berib bezatmaymiz?

Davlat tilimiz taqdiri bilan bog‘liq bunday muammolar idora, tashkilot va muassasalardagi ish yuritish jarayonida ham ko‘plab uchraydi. Masalan, o‘zim faoliyat boshlagan “O‘zbekgidroenergo”aksiyadorlik jamiyati tizimida chetdan kirib kelgan yot so‘zlar ko‘p. Jumladan, xalqaro atamalarni hisobga olmaganda, “gidrogenerator”, “sinxron kompensator”, “turbogenerator”, “podshipnik”, “gidroagregat”, “parogenerator”, “transformator” kabi so‘z va tushunchalar o‘zbekcha muqobilini kutib yotibdi.

Ajdodlarimizning ilk eʼtiqod manbai — “Avesto”da to‘rt unsur — suv, tuproq, olov va havo muqaddas sanalgan. Men bular sirasiga tilni ham kiritgan bo‘lardim. Zero, tilimiz — biz uchun bebaho neʼmat. Uni qadrlash, eʼzozlash va aziz bilish, qolaversa, bor bisotu jozibasi bilan, yana-da boyitib kelajak avlodlarga yetkazib berish barchamizning burchimizdir.

S. PO‘LATOVA,

“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini

taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

12.05.2020 726